15.03.2018
Ostona shahrida 15-mart kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Mejlisi rahbari Akja Nurberdiyeva ishtirok etdi.
Bunday uchrashuvni muntazam o‘tkazish va mintaqaviy muammolarimizni birgalikda hal etish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, dedi Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev. Yig‘ilishimiz hammamiz uchun umumiy bo‘lgan Navro‘z bayrami arafasida o‘tayotgani ham chuqur ma’noga ega. Albatta, alohida uchrashib turardik, muloqot qilardik, lekin bunday yaxlit uchrashuv anchadan beri bo‘lmagan edi.
Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kirishish chog‘ida qo‘shni mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga alohida ahamiyat qaratishini ta’kidlagan edi. O‘tgan qisqa vaqtda barcha aytganlarining ustidan chiqdi. Prezidentimiz davlat tashrifi bilan barcha qo‘shni mamlakatlarda bo‘ldi. Davlat chegaralari, savdo aloqalari, transport kommunikatsiyalari, hududlar hamkorligi kabi ko‘plab masalalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli yechimlar topishga erishildi.
Davlatimiz rahbari 2017-yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan konstruktiv g‘oya va tashabbuslarni ilgari surdi. Bu tashabbuslar noyabrda Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada yaxlit dastur tarzida taqdim etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi shu tarzda tashkil topdi.
Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu kun Markaziy Osiyo xalqlarining ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik tarixida yangi sahifa ochilganini ta’kidladi.
O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda, dedi davlatimiz rahbari. Mamlakatimizning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod o‘sgan. Shu bilan birga, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida foydalanishimiz mumkin bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p imkoniyatlar mavjud.
Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini har yili Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazishni, navbatdagi uchrashuvni kelgusi yili Toshkentda tashkil etishni taklif qildi.
O‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.