15.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 15-mart kuni Oqo‘rda qarorgohida uchrashuv o‘tkazdi.
Qozog‘iston Prezidenti davlatimiz rahbarini tashrifi bilan qutlab, Prezidentimiz bilan uchrashishni sog‘inganini ta’kidladi. – Siz O‘zbekistonda juda katta ishlarni amalga oshiryapsiz va bu butun mintaqamizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kecha Tojikiston, bugun Qirg‘iziston Prezidentlari bilan gaplashdim. Ular ham sizning siyosiy irodangiz va sa’y-harakatlaringiz xalqlarimizni xursand qilayotganini aytishdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining bugungi maslahat uchrashuvi ham sizning tashabbusingiz bilan tashkil etildi. Bu hali boshlanishi. Afg‘oniston masalasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan konferensiya ham juda muhim, – dedi Nursulton Nazarboyev.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani va Qozog‘istonga taklif etgani uchun Nursulton Nazarboyevga minnatdorlik bildirdi.
Keyingi bir yarim yil ichida ikki do‘st, qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi tizimga tushdi. 2017-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 2 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiyotimiz, madaniy-gumanitar aloqalarimiz yanada mustahkamlandi. Eng katta natija – odamlarning kayfiyati, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda oliy darajadagi muntazam muloqotlar natijasida davlatlararo munosabatlar jadal rivojlanayotgani, avval erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.