06.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PQ-3589-son qarori
So‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti va aholisiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi qayd etilsin. Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tarmog‘i 2006 yilga nisbatan 1,4 baravarga ortdi, respublikada 117 ta yo‘lovchi avtovokzali va avtostansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda, tashuvlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga avtotransport xizmatlari sohasini jadal rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari va zaxiralaridan to‘liq foydalanilmayapti. Avtotransport ho‘jaliklarini modernizatsiya qilish zamonaviy talablar darajasida emas, sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlari yetarli darajada joriy etilmayapti. Og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatdagi tarkibi parkining eskirganligi yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatning avtotransport xizmatlari eksporti va tranzitini oshirish salohiyatining imkoniyatlari va zaxiralaridan to‘laqonli foydalanilmayapti.
Tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo‘lovchilar tomonidan yo‘l haqini elektron tarzda to‘lash samaradorligi, tushumning yig‘ilishi va to‘laligi ustidan markazlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimi mavjud emas. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi amalga oshirayotgan ishlar mintaqalardagi yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar tomonidan deyarli takrorlanmoqda.
Avtomobilda tashishlar va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat choralarining tubdan kuchaytirilishi yo‘lovchilar avtotransportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar ko‘rishni talab etadi.
Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil transportida tashishlar xavfsizligini ta’minlash hamda avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida:
1. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining daryo transporti sohasidagi davlat boshqaruvi bo‘yicha vakolati O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazilsin.
2. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi (keyingi o‘rinlarda “O‘zavtotrans” agentligi deb ataladi) etib qayta nomlansin.
3. Quyidagilar “O‘zavtotrans” agentligining asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib belgilansin:
avtomobil transporti ob’ektlari va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlovchi istiqbolli axborot-kommunikatsion texnologiyalarini va innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etib, avtomobil transporti sohasida yagona texnika siyosatini yuritish;
avtomobil tashuvlarida normativ-xuquqiy va metodik bazani takomillashtirish, avtomobil transporti tashishlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muammolar yuzasidan xalqaro normalar, ilmiy-tekshiruv, loyiha-konstruktorlik, texnologik ishlarni inobatga olgan holda texnik tartibga solish sohasida normativ xujjatlarning yagona ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va shakllantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hamda avtomobil transporti xavfsizligini ta’minlash choralarini inobatga olgan holda, qishloq aholi punktlarini, shaharlar, viloyat va tuman markazlarini bog‘lovchi yangi yo‘nalishlarni ochish, avtomobil transportini rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
yo‘lovchilarga keng ko‘lamli xizmatlar ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llab, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatini markazlashgan holda boshqarish va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish;
avtovokzallar va avtostansiyalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari qaramog‘ida bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashni tashkil etish;
tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo‘llarda harakatlanish tezligi monitoringi, harakat yo‘nalishi sxemasiga rioya etilishi hamda aholiga real vaqt tarzidagi ma’lumotlar xizmatining keng ko‘lamli ro‘yxati taqdim etilishi yuzasidan markazlashgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimini joriy etish;
tashuv yo‘nalishlarini tender asosida joylashtirish, yo‘lovchi tashishlari sifati va xavfsizligini oshirish, tenderlar tashkilotchilari ishini muvofiqlashtirish mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol muloqot qilish orqali avtomobil transporti sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan kelishgan holda, yangi muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlarini ochish hamda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash, bu sohadagi amaldagi shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va yangilarini tuzish, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar blankalarini o‘zaro ayirboshlash;
avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash, avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni tashish qoidalariga amal qilish, avtomobilda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash talablariga, og‘irlik va gabarit ko‘rsatkichlariga hamda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimlariga rioya etilishini nazorat qilish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish (O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari bundan mustasno);
avtomobil transportida, eng avvalo, transport xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tizimli tashkil etish;
“O‘zavtotrans” agentligiga yuklangan vazifalar va faoliyat yo‘nalishlarining sifatli hamda to‘laqonli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik “O‘zavtotrans” agentligi boshlig‘i zimmasiga yuklansin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi shahar yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar “O‘zavtotrans” agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirilsin va ularga maxsus vakolatli organlar va departamentlarning huquqlari, majburiyatlari, shtat birliklari va mol-mulklari 1-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha berilsin.
Shahar yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha maxsus vakolatli organlar va departamentlarni “O‘zavtotrans” agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirish bo‘yicha komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Avtomobil va daryo transportini rivojlantirishni normativ-texnik ta’minlash Respublika markazi “O‘zavtotranstexnika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi” DK;
"Avtodaryotrans-ilm" kasb malakasini oshirish davlat ilmiy-metodik markazi “Avtomobil transporti kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti” DK deb qayta nomlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Nukus avtomobil yo‘l-xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejini, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kollejini hamda Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kollejini, ularning ta’minotini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, “O‘zavtotrans” agentligi tarkibiga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Quyidagilar:
O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi markaziy apparati tuzilmasi uning xodimlari cheklangan umumiy sonini 80 kishi, shu jumladan, boshqaruv xodimlarini 62 kishi etib, 4-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va cheklangan xodimlari soni 5 va 5 "a"-ilovalarga muvofiq;
Avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturini amalga oshirish natijalarini har tomonlama tahlil qilish asosida dastur parametrlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari “O‘zavtotrans” agentligi bilan birgalikda shahar va tumanlarda yangi tashkil etilayotgan avtomobil tashuvlarini muvofiqlashtirish shu’balarining shahar va tumanlarda joylashtirilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilsin:
yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish hamda avtovokzallar va avtostansiyalar qurilishi va rekonstruksiya qilinishining 2018-2021 yillarda respublika iqtisodiyoti va chekka mintaqalar aholisining tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangilangan maqsadli ko‘rsatkichlari 7-8-ilovalarga muvofiq;
2018-2021-yillarda avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan milliy tashuvchilarning katta hajmli yuk avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko‘rsatkichlari 9-ilovaga muvofiq.
2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi yuzasidan mas’uliyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda “O‘zavtotrans” agentligi boshlig‘i zimmasiga yuklansin.
10. Ilmiy-tadqiqot ishlari, yo‘lovchi avtovokzallari va avtostansiyalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo‘lgan umumiy foydalanishdagi yo‘lovchi yo‘nalishlari oraliq bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha dasturlar, avtotransport vositalarini xarid qilish va avtomobil transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “O‘zavtotrans” agentligini saqlashni moliyalashtirish maqsadlari uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etilsin.
Jamg‘armani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo‘lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishga litsenziyalar berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirish uchun to‘lanadigan davlat boji mablag‘larining 100 foizi;
“O‘zavtotrans” agentligining hududiy boshqarmalari inspektorlari tomonidan avtomobil tashuvlari sohasida tuzilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalar bo‘yicha undiriladigan jarimalar summasining 84 foizi;
Jamg‘armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlar kreditlari (zayomlari) va grantlari;
davlat va xususiy hamkorlik doirasidagi xususiy investitsiyalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
«O‘zavtotrans» agentligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda Jamg‘arma to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
11. 2022-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga:
lizing kompaniyalari va xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilar O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va mamlakatimizda ishlab chiqarilib xarid qilinayotgan yuk avtotransporti vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga undiriladigan yig‘imlar to‘lovidan;
asosiy faoliyati avtobuslarda yo‘lovchi tashishni amalga oshirish bo‘lgan umumiy foydalanishdagi shahar yo‘lovchi transporti tashkilotlari yer solig‘i to‘lovlaridan ozod etilsin.
12. «O‘zavtotrans» agentligi boshlig‘iga:
avtobuslarda yo‘lovchi tashish (shu jumladan, xalqaro) xizmatini ko‘rsatuvchi, yuklarni avtomobilda tashishlar hamda transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi, to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va boshqa avtomobil transporti sohasida faoliyat yurituvchi unitar korxonalar shaklidagi mustaqil maxsus korxonalarni tashkil etish;
“O‘zavtotrans” agentligi tuzilmasidagi unitar korxonalarni birlashtirish va tugatish huquqi berilsin;
13. "O‘zavtotrans" agentligiga va uning tomonidan tashkil etiladigan maxsus korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari bilan kelishgan holda, tender savdolari o‘tkazmasdan, eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan avtobuslar va mikroavtobuslar faoliyatini masofadan onlayn tarzida kuzatish hamda yo‘lovchilar transportida yo‘l haqini naqd pulsiz to‘lash tizimini joriy etish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalari, dasturiy mahsulotlar, uskunalar, mexanizmlar, materiallar, butlovchi anjomlarni ishlab chiqaruvchi zavodlar (yetkazib beruvchilar) yoki ularning rasmiy dilerlari (distribyutorlari) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat etilsin.
14. “O‘zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi maxsus korxonalar asoslash ehtiyoji mavjud bo‘lganda texnik-iqtisodiy asoslash asosida 2023-yilning 1-yanvarigacha bo‘lgan muddatga:
barcha turdagi soliqlardan va maqsadli davlat jamg‘armalariga o‘tkaziladigan majburiy to‘lovlardan ozod qilinsin, bunda bo‘shagan mablag‘lar yangidan tashkil etiladigan maxsus tashkilotlarning moddiy- texnika bazasini mustahkamlash uchun maqsadli ishlatilishi;
O‘zbekiston Respublikasiga belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan transport vositalari, butlovchi anjomlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asboblar va priborlar, mashinalar va mexanizmlar, kompyuter va diagnostika texnikasi uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi belgilab qo‘yilsin (bojxonada rasmiylashtiruvlar uchun yig‘imlar bundan mustasno);
Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etilayotgan yangi maxsus tashkilotlar o‘rtasida, shuningdek, tashkilotlarning o‘zlari o‘rtasida qaytarmaslik sharti bilan topshirilayotgan va qabul qilinayotgan mol-mulk yuridik shaxslarning qo‘shimcha qiymat va daromad solig‘i bo‘yicha soliqqa tortish ob’ekti hisoblanmaydi.
15. “O‘zavtotrans” agentligi xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda idoraviy formali kiyim-bosh kiyishi belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlash, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 27-fevraldagi PQ-2800-son qarori 1-ilovasidagi “Idoraviy formali kiyim-bosh” bobiga quyidagi mazmundagi 6-band qo‘shilsin:
“6. O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi”.
16. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi mustaqil tashkilotlarga davlat tasarrufidagi avtovokzallar, avtostansiyalar, binolar va ishlab chiqarish maydonlarini berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarorini ikki hafta muddatda qabul qilsin.
18. «O‘zavtotrans» agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017-yil 10-yanvardagi PQ-2724-son qarorining 1 va 4-ilovalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J.Ramatov va O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi boshlig‘i D.T.Dehqonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
“Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH
So‘nggi yillarda respublika iqtisodiyoti va aholisiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari tarmog‘i ko‘lami 1,4 baravarga ortdi, respublika bo‘yicha 117 ta yo‘lovchi avtovokzali va avtostansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar, mikroavtobuslar, yuk avtomobillari bilan yangilash, yo‘nalishlarni oqilona tashkil etish va kengaytirish, tashishlar xavfsizligi choralarini kuchaytirish hisobiga aholining avtomobil tashishlariga ehtiyojini imkon qadar to‘laqonli ta’minlash avtomobil transportini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishidir.
Ushbu faktorlarni hisobga olgan holda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi:
birinchidan, sohada kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonunchilik darajasida qulay shart-sharoitlar yaratildi;
ikkinchidan, yo‘lovchilar avtovokzallari va avtostansiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, yangi yo‘lovchi yo‘nalishlarini ochish, avtomobil transporti harakatdagi tarkibini yangilash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda;
uchinchidan, tashishlar yo‘nalishlarini tender orqali joylashtirish mexanizmlarini joriy etish yo‘li bilan avtomobil transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda;
to‘rtinchidan, avtomobil tashishlarini boshqarish tizimiga tadbirkorlar tomonidan tegishli davlat xizmatlarini olishda ruxsat berish va litsenziya jarayonlarini maksimal darajada soddalashtirish, talab etilayotgan hujjatlar soni, ularni taqdim etish muddatlarini qisqartirishni nazarda tutuvchi yagona axborot-integrallashuv tizimi joriy etilgan.
Shu bilan bir qatorda, avtotransport xizmatlari sohasini jadal rivojlantirishning mavjud imkoniyatlari va zaxiralaridan to‘liq hajmda foydalanilmayapti. Avtotransport xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish zamonaviy talablar darajasida emas, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlari yetarli darajada joriy etilmayapti, avtotransport xizmatlari eksporti-importi va tranzit salohiyatidan foydalanish darajasi pastligicha qolmoqda.
Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, tashkiliy va institutsional o‘zgarishlarni samarali amalga oshirish, avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish va avtomobil tashishlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi:
birinchi – Agentlikning kemachilik Registri tomonidan daryo transportining davlat boshqaruvi va tartibga solish funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat inspeksiyasi funksiyalari bilan o‘xshashligi inobatga olinib, Agentlikning kemachilik Registri O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqaruviga o‘tkazilmoqda;
ikkinchi – avtotransport sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organlarining ortiqcha takrorlovchi jarayonlari bekor qilinmoqda;
uchinchi – 2018-2021-yillarda 437 ta yangi yo‘lovchi yo‘nalishlarini tashkil etish hamda 84 ta avtovokzal va avtostansiyani qurish va rekonstruksiya qilishning, iqtisodiyot sohalari va aholining respublika chekka mintaqalarida tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangilangan maqsadli ko‘rsatkichlari, shuningdek, yuklarni xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilarning og‘ir yuk tashuvchi 3824 ta avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda;
to‘rtinchi – avtomobil tashuvlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun shaharlar va tumanlarda avtomobil tashuvlarini muvofiqlashtirish shu’balari tashkil etilmoqda;
beshinchi – avtomobil transportini boshqarish tizimiga intellektual transport tizimi innovatsiya loyihalarining zarur elementlarini joriy etishni nazarda tutuvchi, umumiy qiymati taxminan 90 milliard so‘mni tashkil etuvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish Dasturi tasdiqlanmoqda, jumladan:
umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar tashishlarni amalga oshirishni onlayn tarzda avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimini tezkor xizmatlar tizimlari bilan integrallashgan holda yaratish va joriy etish;
umumiy foydalanishdagi shahar yo‘lovchilar transportida yagona avtomatlashtirilgan yo‘l haqi to‘lovi tizimini joriy etish;
belgilangan vazifalar va funksiyalar bajarilishining tezkorligi va sifatini oshirishga hamda ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishga imkon yaratuvchi “O‘zavtotrans” agentligi faoliyatining avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini yaratish;
oltinchi – tashishlar jarayoni, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatining markazlashgan nozimlik nazorati va boshqaruvi tizimini yaratish va joriy etish nazarda tutilmoqda;
yettinchi – joylardagi mahalliy davlat organlari qaramog‘ida bo‘lgan umumiy foydalanish yo‘lovchi yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash nazarda tutilmoqda;
sakkizinchi – sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadlari uchun O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
to‘qqizinchi – Avtomobil transporti sohasini yosh mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibidagi 3 ta (Nukus avtomobil yo‘l xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kolleji hamda Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji) “O‘zavtotrans” agentligi tarkibiga o‘tkazilmoqda.
«O‘zavtotrans» agentligi qoshida avtomobilda yo‘lovchilar yoki yuklar tashish, transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi mustaqil ixtisoslashgan, yuridik shaxs huquqlari bilan unitar korxonalar tashkil etiladi.
Avtotransport vositalarining og‘irlik va gabarit ko‘rsatkichlari nazoratini joriy etish bo‘yicha statsionar va ko‘chma maskanlarni amalda joriy etish chora-tadbirlari rejalashtirilmoqda.
Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportini tashkil etish tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi va tartibga solish funksiyalarini aniq belgilab olish, tashkiliy va institutsional o‘zgartirishlar, xizmat ko‘rsatish bozori hamda avtomobil tashishlari xavfsizligini shakllantirish va rivojlantirish masalalarini hal etishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi faoliyati samaradorligini oshirishga imkon yaratadi.