23.12.2016
2016-yil 23-dekabr kuni xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati o‘zining geografik joylashuvi, tabiiy iqlim sharoiti, iqtisodiy, kadrlar salohiyati bilan mamlakatimizning tarixi va bugungi hayotida o‘zining munosib o‘rniga ega ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Jizzax tumanini Sharof Rashidov tumani deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytdi.
Mustaqillik yillarida viloyat har tomonlama rivojlandi, uning shahar va qishloqlari yanada obod bo‘lib, aholining turmush farovonligi oshdi. Hududda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 2013-yilda tashkil etilgan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida o‘tgan davr mobaynida qiymati 76 million dollarlik 14 loyiha hayotga tatbiq etildi. Hozirgi kunda ushbu hududdagi korxonalarda avtomobillar uchun tormoz kolodkasi, plazmali televizorlar, muzlatgich, elektr pechi, kir yuvish va tikuv mashinalari, gilam, polipropilen ip kabi yuqori texnologiyalarga asoslangan, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Sessiyada asosiy e’tibor Jizzax viloyatida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga qaratildi.
Viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida o‘z yechimini kutayotgan muammo va masalalar anchagina. Bunday holat, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda, dedi Prezidentimiz. Joriy yilda viloyatda davlatga g‘alla va paxta sotish shartnoma majburiyatlari bajarilmadi. Oqibatda 37 ming tonna g‘alla, 26 ming tonna paxta davlat ehtiyoji uchun yetkazib berilmadi.
Viloyatning aksariyat tumanlarida chet el investitsiyasini keng jalb qilish, tashqi bozorga chiqish, eksport salohiyatini oshirish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotir. Sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish va texnologik yangilash, oziq-ovqat, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan yangi korxonalar tashkil qilish, qurilish sohasini rivojlantirish borasidagi muammolar hamon bartaraf etilmagan.
Prezidentimiz qishloqlarda sanoatni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan kichik korxonalar barpo etish bilan aholi bandligini ta’minlash masalalari qoniqarsiz ekanini alohida qayd etdi. Xususan, Arnasoy, Zafarobod, Zarbdor, Yangiobod, G‘allaorol tumanlarida yangi sanoat korxonalari deyarli qurilmayotir.
Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishdagi sustkashlik, yangi korxonalarni ishga tushirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi loyihalar ijrosi talab darajasida emas.
Viloyatning barcha tumanlarida aholini ish bilan, ya’ni daromad bilan ta’minlash imkoniyatlari mavjud. Masalan, Zomin tumanida dorivor o‘simliklardan farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishning katta manbai mavjud bo‘laturib, bu imkoniyatdan yetarli foydalanilmayapti. Bunga o‘xshash misollarni boshqa tumanlardan ham keltirish mumkin.
Kelgusi besh yilda viloyatda eksport hajmini kamida 2 barobar, eksportchi korxonalarni 2,7-marta ko‘paytirish, eksportda ulushi past bo‘lgan tumanlarning bu boradagi natijalarini yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va modernizatsiya qilish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilishi lozimligi ta’kidlandi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Sayfiddin Ismoilov Jizzax viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi departamenti mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Ulug‘bek Uzoqov Jizzax viloyati hokimi etib saylandi.
Arnasoy tumani hokimi E.Soliyev, Zarbdor tumani hokimi I.Bobojonov, Jizzax shahar hokimi A.To‘xtayev, Paxtakor tumanidagi “Anvar-A” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni A.Eshmatov va boshqalar Prezidentimiz nutqida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari har tomonlama tahlil etilib, istiqboldagi dolzarb vazifalar aniq belgilab berilganini, viloyat ahli bildirilgan tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish va viloyatni yanada obod etish uchun astoydil mehnat qilishini ta’kidladi.