01.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Bayram Annameredovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarib, uni sifat jihatdan yangi amaliy mazmun bilan boyitgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi keng miqyosli hamkorlik istiqbollari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2017-yilda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 177 million dollarni tashkil qildi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish ko‘rsatkichlari ham oshib bormoqda.
Turkmanobod – Farob yangi avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ishga tushirilishi hamda yuklarning temir yo‘l tranzitida o‘zaro chegirmalar taqdim etilishi yuk tashish hajmi va ikki mamlakat tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Chegaraoldi mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlik faollashyapti.
Davlatimiz rahbari erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rishning samarali mexanizmi sifatida Hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyatiga yuksak baho berdi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
B.Annameredov Turkmaniston tomoni keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki qardosh davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.