29.12.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-dekabr kuni milliy kino san’ati va kinoindustriyamizni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Bosh vazir, tegishli vazirlik va idoralar, “O‘zbekkino” milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlar rahbarlari, kinoijodkorlar vakillari ishtirok etdi.
Dunyo miqyosida turli g‘oya va mafkuralar kurashi, odamlar, ayniqsa, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar o‘rtasida raqobat keskin tus olgan bugungi kunda eng ommaviy san’at bo‘lgan kinoning beqiyos imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev.
Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan mamlakatimizni modernizatsiya qilishning ustuvor vazifalari barcha soha va tarmoqlar qatori kino san’atini ham takomillashtirish, soha uchun yangi imkoniyatlar yaratishni talab qilmoqda. Shu maqsadda Prezidentimizning shu yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda kino san’ati va kinoindustriyasini izchil taraqqiy ettirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda kinoijodkorlarimiz bunday shart-sharoitlardan samarali foydalanib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni istiqlol g‘oyalari ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan filmlar ko‘rish haqidagi orzularini amalga oshirish yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solishlari lozimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz soha oldida turgan dolzarb vazifalar haqida to‘xtalib, kino san’atining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, tajriba va malaka oshirishini tashkil etish bilan bog‘liq ishlarni jadallashtirish va uni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish zarurligini alohida qayd etdi.
Jumladan, viloyatlarimizda madaniyat va san’at kollejlari, poytaxtimizda esa O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, Nukus va Qo‘qon shaharlarida uning filiallari faoliyatini takomillashtirish, kino sohasi uchun ssenarist va rejissyorlar, operator va aktyorlar tayyorlanayotgan bu ta’lim dargohlarining ilmiy va ijodiy saviyasi, o‘quv dasturlari va metodikasini zamonaviy talablar asosida ishlab chiqish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Yana bir muhim masala – hududlarda kinoteatrlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. 1996-yilga qadar mamlakatimizda mavjud bo‘lgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi o‘tgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgan. Ularning asosiy qismi savdo majmuasi, to‘yxona, bozorga aylantirilib, faoliyati butkul o‘zgartirilgan yoki buzib tashlangan. Bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida, 65 tasi jiddiy ta’mirtalab, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat ko‘rsatmaydi.
Ana shulardan kelib chiqqan holda, viloyat va tumanlarda kinoteatrlar faoliyatini qat’iy yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, kinoprokat tizimi ham qoniqarsiz ekani, bu yaratilayotgan filmlarni muntazam namoyish etib borish, boshqacha aytganda, aholiga kino xizmati ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish imkoniyatini cheklab qo‘yayotgani tanqid qilindi.
Bugungi kunda xususiy kinostudiyalar soni ham ko‘payib bormoqda. Buni ijobiy hol sifatida baholash mumkin. Biroq soha bo‘yicha professional bilimga ega bo‘lmay, o‘qib-o‘rganmay, haqiqiy ustoz tarbiyasini olmay, bu sohada kutilgan natijaga erishish mumkin emasligi, buning uchun alohida tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat tomonidan beriladigan ijodiy grantlar uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda xususiy studiyalarning ishtiroki o‘ziga xos sog‘lom ijodiy raqobatni yuzaga keltiradi, dedi davlatimiz rahbari. Raqobat bor joyda albatta rivojlanish, yangilik bo‘ladi. Milliy kinomizning taraqqiyoti uchun bu nihoyatda muhim ahamiyatga ega.
Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida barcha sohalar qatori milliy kinoindustriyamizni ham innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, kinematografiya sohasini rivojlantirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash, xorijiy kinostudiyalar va kinoijodkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda filmlar yaratishni yo‘lga qo‘yish g‘oyat muhim ekani qayd etildi.
Biz buyuk xalqimizni ulug‘lamoqchi, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz, shu yo‘l bilan dunyo ahlining diqqat-e’tiborini qozonishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.