O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ibrohim G‘afurovni 80 yoshi bilan tabrikladi
27.12.2017
O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurovga
Muhtaram Ibrohim Usmonovich!
Avvalambor, Sizni kamolot va donishmandlik fasli – tabarruk 80 yoshingiz bilan samimiy muborakbod etaman.
El-yurtimiz Sizni noyob iste’dodi va samarali ijodi bilan jamiyatimizning ma’naviy va ijtimoiy ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan atoqli ma’rifatparvar adib, yirik olim, faol jamoat arbobi sifatida yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi.
Sizning yigirmanchi asr o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan buyuk so‘z san’atkorlarining murakkab va ibratli hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan teran adabiy tadqiqotlaringiz, “Go‘zallikning olmos qirralari”, “Joziba”, “Yonar so‘z”, “Yam-yashil daraxt”, “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” singari o‘quvchilar qalbidan chuqur joy olgan kitob va risolalaringiz o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligining yorqin sahifalarini tashkil etadi.
Ayni paytda adabiyot ixlosmandlari Sizni badiiy tarjima sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan, milliy adabiyotimiz xazinasini boyitishga ulkan hissa qo‘shgan benazir va mohir tarjimon sifatida e’tirof etadilar.
O‘zbek kitobxoni Sizning zahmatli izlanishlaringiz tufayli jahon adabiyotining mumtoz namunalarini, jumladan, Lev Tolstoy, Gi de Mopassan, Fyodor Dostoyevskiy, Jeyms Joys, Ernest Xeminguey, Fridrix Nitsshe, Gabriel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov singari betakror ijodkorlarning asarlarini o‘z ona tilida o‘qishga muvaffaq bo‘ldi.
Yuksak malakali noshir va hassos publitsist sifatidagi Sizning fidokorona xizmatlaringiz mamlakatimizda nashriyot-matbaa sohasi va milliy jurnalistikamizni ravnaq toptirishga katta hissa bo‘lib qo‘shilganini alohida ta’kidlash lozim.
Doimo yangilikka intilib yashaydigan, jonkuyar va mehribon ustoz sifatida ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Milliy universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yoshlarga saboq berib, ko‘plab iste’dodli shogirdlar tarbiyalaganingiz har tomonlama tahsinga loyiqdir.
Vatanimiz mustaqilligining ilk yillaridan boshlab Siz Oliy Majlis deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari sifatida demokratik islohotlarni hayotga joriy etish, xususan, milliy qonunchiligimiz asoslarini mustahkamlash va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida jonbozlik ko‘rsatdingiz.
Sizning mamlakatimiz taraqqiyoti va jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida olib borayotgan ko‘p yillik samarali xizmatlaringiz davlatimiz tomonidan munosib baholanib, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari hamda “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlanganingiz barcha adabiyot muxlislarini albatta quvontiradi.
Vatan va millatga, so‘z san’atiga sadoqat haqida so‘z borganda, jamoatchiligimiz, xalqimiz, birinchi navbatda, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan Siz kabi ilg‘or fikrli ziyolilarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olishi tabiiydir.
Mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilib, hal qiluvchi kuchga aylanayotgan bugungi kunda Siz singari chuqur bilim va hayotiy tajribaga, faol ijtimoiy pozitsiyaga ega bo‘lgan, qalbi, vijdoni uyg‘oq zamondoshlarimizning hayotdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib bormoqda. Sizning mana shunday ulug‘ va tabarruk yoshda ham faol va jo‘shqin ijod bilan shug‘ullanayotganingiz barchamiz uchun, avvalo, navqiron iste’dod egalari uchun yuksak o‘rnak va ibrat namunasidir.
Ijod va ilhom zavqi Sizni hech qachon tark etmasin!
Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, yangi-yangi asarlar quvonchi doimo yor bo‘lishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti