22.12.2017
Ayni damlarda poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis va hukumat a’zolari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari, shuningdek, O‘zbekistonning 33 mamlakatdagi diplomatlari ishtirok etmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasi taqdim etilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ko‘plab taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.
Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi o‘sib bormoqda.
2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlar qo‘yildi. Jumladan, qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat ob’ekti ishga tushirildi. Bu kelasi yil qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
Milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi ham bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda. Joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshladi. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi.
12 ta umumta’lim maktabi yangidan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital ta’mirlandi. 107 ta maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital ta’mirlandi. Maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. 11 yillik ta’lim qayta tiklandi.
Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki bo‘limlar ochildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi.
Ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida “Do‘stlar klublari” tashkil etildi.
2017 yil jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha ham katta ishlar qilindi. Yakuniga yetib borayotgan yilda o‘zbekistonlik sportchilar boks, dzyudo, taekvando, og‘ir atletika, erkin kurash, sambo bo‘yicha o‘tkazilgan turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017 yil ayniqsa o‘zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo‘ldi. Sentyabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi yig‘ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi.
O‘tgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Joriy yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ziyod davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSh dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi.
Yig‘ilishda 2018 yilga qanday nom berish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarga batafsil to‘xtalib o‘tadi.