18.12.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-dekabrdagi PQ-3437-son qarori
Mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyektlarini barpo etish maqsadida iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, chet el investitsiyalarini faol jalb qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi faoliyatning samaradorligiga, eng avvalo, mavjud resurslardan nooqilona foydalanish, investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi va rentabelligi yuzaki o‘rganilganligi bilan bog‘liq qator kamchiliklar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Amaldagi resurslarni, shuningdek, investitsiyalar, eng avvalo, xorijiy investitsiyalarni jalb etishning real imkoniyatlarini inobatga olgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni uzoq muddatli rivojlantirish konsepsiyasi mavjud emas. Buning oqibatida iqtisodiy jihatdan istiqbolli bo‘lmagan loyihalarni tashabbus qilish, moliyaviy mablag‘larni samarasiz sarflash holatlari mavjud bo‘lib, bu oxir-oqibatda, umuman, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytirishga olib keladi.
Mazkur holatlar investitsiya dasturlarini shakllantirish tartibi, uni moliyalashtirish mexanizmlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishni, amalga oshirishga taklif etilgan loyihalarni tanlab olishning shaffofligi va samaradorligini oshirishni talab qiladi.
Rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibini yanada takomillashtirish, loyihalarni moliyalashtirish va tanlab olishning samaradorligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining:
markazlashtirilgan manbalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, shu jumladan, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari (keyingi o‘rinlarda rivojlanish davlat dasturlari deb yuritiladi) asosida amalga oshirish tartibini joriy etish;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etish haqidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan loyihalarni moliyalashtirish faqat Jamg‘arma orqali amalga oshiriladi;
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlarda jamlanadi;
Jamg‘armaning ijro etuvchi organi va mablag‘larining tasarruf etuvchisi Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori hisoblanadi;
Jamg‘armaning ijro etuvchi direktori va uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash shartlari Jamg‘arma Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
3. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat byudjetdan tashqari jamg‘armalarning rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lari;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolati bilan jalb etiladigan chet el kreditlari;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan belgilanadigan boshqa manbalar.
4. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Jamg‘arma Kuzatuv kengashining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
rivojlanish davlat dasturlari tegishli rivojlanish konsepsiyasini hisobga olgan holda tasdiqlanadigan, uzoq muddatli istiqbolda, qoida tariqasida, 10-15 yilda O‘zbekiston Respublikasining tarmoq, hududiy va maqsadli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha kompleks ko‘rinishni va strategik vazifalarni jamlagan tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfeli asosida shakllantiriladi;
rivojlanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va realizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbarining boshchiligida amalga oshiriladi;
rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan nomarkazlashtirilgan investitsiyalar Jamg‘armada hisobga olinadi;
rivojlanish davlat dasturlarini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining ular bo‘yicha ijobiy xulosasi bo‘lgan hollardagina amalga oshiriladi;
markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni rivojlanish davlat dasturlariga kiritish Jamg‘arma Kuzatuv kengashining ijobiy qarori bo‘lgan hollardagina amalga oshiriladi;
rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklarining kreditlari loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari va biznes-rejalari puxta va har tomonlama o‘rganilgandan so‘ng, shuningdek, tijorat banki kredit qo‘mitasining ijobiy qarori mavjud bo‘lgan hollarda taqdim etiladi.
6. Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi ikki hafta muddatda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga rivojlanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar bazalari va boshqa axborotlar taqdim etilishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamg‘arma faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarori loyihasini;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga rivojlanish davlat dasturlariga kiritiladigan loyihalarning loyihaoldi, loyiha va tender hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tasdiqlashni, shuningdek, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning vazifa va shtat birliklarini optimallashtirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tizimida mazkur hujjatlar va import kontraktlarining kompleks ekspertizasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus tuzilmani tashkil etishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘armaning ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini moliyalashtirishga mablag‘larni 2018 yil 1 yanvardan asoslantirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha ajratsin hamda har yili O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti xarajatlarida nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-sentabrdagi “Kapital qurilishda xo‘jalik munosabatlari mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 395-son qarorida:
3-bandning to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
4-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
10. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.R.Xolmurodov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev