16.12.2016
2016-yil 16-dekabr kuni xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib, turli tarmoqlarda salmoqli yutuq va marralar qo‘lga kiritilmoqda.
Viloyat iqtisodiyoti so‘nggi besh yilda bir yarim barobar o‘sdi. Bugungi kunda viloyatda 2 ming 240 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelgusi besh yilda “Qandim guruhi konida gazni qayta ishlash kompleksi barpo etish”, “Gazli konida neftni qazib olish miqdorini oshirish”, “Dengizko‘l, Xo‘jadavlat va Sharqiy Olot gazkondensat konlarini o‘zlashtirish” kabi strategik ahamiyatga ega loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Sessiyada viloyatda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlashda muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi mamlakatimiz bo‘yicha erishilgan marralardan ancha orqada qolayotgani, qishloq xo‘jaligida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish bo‘yicha belgilangan dasturlar ijrosi yetarli darajada ta’minlanmayotgani tanqid qilindi.
Buxoro viloyatida yuksak marralarni egallash biz ko‘zlagan ko‘pgina marralarga erishishda, avvalo, odamlarni ish bilan ta’minlash, daromadini oshirish, ishlab chiqarish sur’atlarini o‘stirish, butun voha qiyofasini o‘zgartirishda sanoatning rivoji ustuvor o‘rin egallaydi, dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari mutasaddi rahbarlar viloyatdagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqishi va amalga oshirishi zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada viloyat qishloq xo‘jaligida islohotlarni va tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, bunda asosiy e’tiborni paxta maydonlarini qisqartirish hisobidan meva-sabzavot mahsulotlarini ko‘paytirish, viloyatning eksport salohiyatini keskin oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Navoiy, Jizzax, Angren hududlarida erkin iqtisodiy zonalar samarali faoliyat ko‘rsatayotir. Bu tajribani kengaytirish maqsadida G‘ijduvon tumanida ham ana shunday sanoat zonasini tashkil etish ko‘zda tutilayotir.
Buxoroning turizm salohiyati juda katta. Uni yanada oshirish hamda samarali foydalanish iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega. Prezidentimizning 2016-yil 2-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Olot, Qorako‘l, Romitan, Shofirkon tumanlarida terini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish sust holatda, sho‘rlangan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun zarur sharoitlar yaratish, kasanachilik, parrandachilik, hunarmandlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlar bugungi talabga javob bermaydi.
Majlisda bunday vazifalarni amalga oshirish uchun har tomonlama chuqur o‘ylangan, Buxoro viloyatining sharoiti va imkoniyatlarini hisobga olgan holda alohida dasturlar ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish zarurligi qayd etildi. Mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Muhiddin Esonov Buxoro viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan “O‘zagrokimyo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgan O‘ktam Barnoyev Buxoro viloyati hokimi etib saylandi.
Vobkent tumani hokimi Asqar Javodov, “Nuroniy” jamg‘armasi Olot tumani bo‘limi raisi Saidqul Oqiyev, Buxoro viloyati rus milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Olga Yermilova va boshqalar Prezidentimiz nutqida Buxoro viloyatini har tomonlama taraqqiy ettirish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish, boshqaruv tizimidagi rahbarlarning mas’uliyati va javobgarligini yanada oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilab berilganini, viloyat aholisi bildirilgan tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, barcha soha va tarmoqlarda yuksak natijalarga erishish uchun astoydil mehnat qiladi, deb ta’kidladi.