13.12.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-dekabrdagi PF-5283-son farmoni
Mahalliy byudjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash va nomarkazlashtirish asosida hududlarni kompleks rivojlantirishni barqaror moliyalashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, yangi ish joylari yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga soliq salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularning mas’uliyatini oshirishni ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar mahalliy byudjetlar darajasida soliq-byudjet siyosatining ustuvor vazifalari etib belgilansin:
birinchi, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning aniq turlarini ularga biriktirib qo‘yish orqali mahalliy byudjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash;
ikkinchi, viloyatlar, shahar va tuman byudjetlarini subvensiyadan chiqarish, ularning yuqori turuvchi byudjetlar ajratmalariga bo‘lgan qaramligini bosqichma-bosqich qisqartirish, buning asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari erkinligi va mas’uliyatini oshirish;
uchinchi, mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish uchun tizimli asosda qo‘shimcha rezervlarni aniqlab borish;
to‘rtinchi, deputatlik va jamoat nazoratini keng jalb qilgan holda, mahalliy byudjetlarni shakllantirishning shaffofligini va uning bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
beshinchi, mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash hamda xarajatlarining tasdiqlangan parametrlarini o‘z vaqtida, maqsadli moliyalashtirish, ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilmani yanada rivojlantirish va tegishli darajada saqlab turishni ta’minlash ustidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, moliya va soliq organlarining javobgarligini kuchaytirish.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlari (shaharlari) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida:
a) quyidagilar yil choraklari kesimida atroflicha ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi:
daromadlar manbalari va xarajatlar turlari kesimida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlarining (shaharlarining) mahalliy byudjetlari parametrlari;
mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, byudjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish joylari barpo etish bo‘yicha chora-tadbirlar;
qo‘shimcha manbalar, shu jumladan, mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan bog‘lagan holda;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning tegishli tumanlarida (shaharlarida) deputatlik va jamoat nazoratini amalga oshirish uchun yuqori turuvchi byudjetlar va davlatning maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar ma’qullanadi;
v) har chorakda:
hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, byudjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish o‘rinlari barpo etish bo‘yicha;
hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va kichik sanoat zonalari va turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha;
moliya boshqarmalari (bo‘limlari) rahbarlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlari (shaharlari) byudjetlari ijrosi to‘g‘risida, shuningdek, hududlarning salohiyatidan kelib chiqqan holda mahalliy byudjetlarning daromadlarining qo‘shimcha manbalarini shakllantirish hamda qo‘shimcha manbalardan foydalanish yo‘nalishlari, jumladan, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning aniqlangan rezervlari to‘g‘risida;
davlat soliq boshqarmasi (inspeksiyasi) rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlari bajarilishi holati, ular tomonidan qo‘shimcha rezervlarni aniqlash bo‘yicha qilingan ishlar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar kesimida byudjetga hisoblangan va amalda to‘langanligi, ular bo‘yicha soliq qarzdorligi to‘g‘risida hisobotlari tinglanadi.
3. 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘rilsin, u quyidagilarni nazarda tutadi:
a) soliq va moliya organlari rahbarlarini ularning lavozim maoshlaridan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorda mukofotlash, shu jumladan:
mahalliy byudjet daromadlarining tasdiqlangan prognozining ijro etilgani uchun 10 foiz miqdorda;
byudjetga to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzdorligi qisqartirilgani uchun 20 foiz miqdorda;
mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari bajarilgani uchun 20 foiz miqdorda;
b) yuqorida ko‘rsatilgan mezonlarning ijrosi ta’minlanmagani uchun ularning lavozim maoshlaridan 30 foiz miqdorida jarima sanksiyalarini qo‘llash, shu jumladan:
mahalliy byudjet prognozi bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy byudjetga to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzdorligi oshirilgani uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda.
Moliya va soliq organlari rahbarlarini mukofotlash hamda javobgarlik choralarini qo‘llash moliya vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tumanlar (shaharlar) hokimlarining tavsiyalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yilning 1-yanvarigacha moliya va soliq organlari rahbarlari, mansabdor shaxslari byudjetga to‘lovlar kelib tushishining ko‘rsatkich prognozlari bajarilgani hamda qo‘shimcha daromadlar aniqlangani va undirib olingani uchun rag‘batlantirish va moddiy javobgarlik tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
mahalliy byudjet parametrlarini bajarish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini safarbar qilish, tasdiqlangan investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, axborotlarni rasmiy veb-saytlarda va mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etish;
soliq va moliya organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha mazkur Farmonda o‘rnatilgan talablarga qat’iy rioya etilishi ustidan tizimli asosda nazoratni amalga oshirsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimliklari har chorakda tegishli organlar rahbarlarining hisobotlarini ommaviy axborot vositalarida chop etish va ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirish, shu jumladan, mazkur tadbirlarni mahalliy televideniye orqali yoritishni ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5147-sonli Farmoni va uning 4-ilovasi o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M.Ikramov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev