13.12.2017
13-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslari, geodeziya va kadastr sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi rahbarlarining soha foliyatini takomillashtirishda ko‘rilayotgan chora-tadbirlari yuzasidan hisobotlari eshitildi.
Ma’lumki, yer va ko‘chmas mulk kadastri ishlarini yaxshilash maqsadida joriy yilda “Yergeodezkadastr”davlat qo‘mitasi tarkibiy tuzilmasi va faoliyat yo‘nalishlari qaytadan tasdiqlandi.
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib:
- yer resurslaridan oqilona foydalanish, geodeziya va kartografiya sohasi faoliyati bo‘yicha yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash,
- yer resurslaridan oqilona foydalanish, yerlarni saqlash va muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, geodeziya va kartografiya faoliyati samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish, ko‘chmas mulk ob’ektlarining elektron ma’lumotlar bazasini takomillashtirish va doimiy yangilab borish;
- sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda davlat kadastr xizmatlari sifatini yaxshilash, tadbirkorlik sub’ektlariga tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatish belgilandi.
Qo‘mita qoshida “Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish” jamg‘armasi tashkil etildi. Qo‘mita rahbariyati yangilandi. Qo‘mita tizimiga qo‘shimcha 937 ta shtat birligi berildi va moddiy-texnika bazasi kuchaytirildi.
Jumladan,“Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi organlari tizimiga qo‘shimcha ravishda kiritilayotgan shtat birliklarini saqlash, ularning moddiy texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish uchun joriy yilning o‘zida “Yer munosabatlari va davlat kadastrlarini rivojlantirish jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 45 mlrd.so‘mdan ziyod mablag‘lar sarflanishi belgilangan.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 avgustdagi 251-son qarori bilan 2016-2017 yillarda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari yalpi xatlovdan o‘tkazildi.
Bunda, respublika bo‘yicha mavjud 8 ming 901 ta mahallalarda xatlov ishlari yakunlanib, xatlov natijasida 6 mln. 190 ming 942 ta (112%) ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlovdan o‘tkazildi, shundan 5,8 mln. ta turar joy ob’ektlari, 267 ming 963 ta noturar joy ob’ektlari 38 ming 373 ta dala hovli ob’ektlarida xatlov ishlari yakunlandi.
Bugungi kungacha Davlat soliq qo‘mitasiga real vaqt rejimida 6 mln. 31 ming 418 ta (97%) ga ko‘chmas mulk ob’ektlari to‘g‘risidagi kadastr ma’lumotlari taqdim etildi.
Qo‘mita tizimi idoralari tomonidan fuqarolarga hamda tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan davlat kadastr xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali 7 ta davlat xizmatlari interaktiv usulga o‘tkazildi.
Uchuvchisiz uchish apparatini iqtisodiyotning real sektorida samarali qo‘llash orqali joylarda yer nazoratini, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi va boshqa agrotexnik tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida kvadrakoptorlar olib kelindi.
Muhokamada yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida munosabatlarni kompleks tartibga solish, yerlardan oqilona va samarali foydalanishni tashkil etish, ta’sirchan nazoratni ta’minlashda Qo‘mita rahbariyatida tashabbus yetishmayotgaligi qattiq tanqidga olindi. Ushbu sohada hal etishni talab qiladigan ko‘plab muammolar borligi qayd etib o‘tildi.
Jumladan, joriy yilda agrotexnik tadbirlar bajarilishi va shartnomada ko‘zda tutilgan ekinlarni to‘liq ekish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmagani oqibatida 833 ta fermer 13 ming gektarga paxta-g‘alla ekinlarini ekish uchun shartnoma tuzib, umuman ekmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun Bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayevga yerdan samarali foydalanish, fermerlar tomonidan tuzilgan shartnomalar bajarilishini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi yuklatildi.
O‘z navbatida,yig‘ilishda davlat kadastr xizmati tomonidan 2016-2017 yillarda ko‘chmas mulk ob’ektlarini yalpi xatlovdan o‘tkazib, aniqlangan hujjatsiz mol-mulkni ro‘yxatga qo‘yish ishlari ham to‘liq yakunlanmagani jiddiy ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, xatlovda 1 million 100 mingta uy-joyning hujjati 15 yildan ortiq vaqt mobaynida rasmiylashtirilmagani, 145 mingta ko‘chmas mulk ob’ektidan 15 yildan kam muddat mobaynida hech qanday hujjatsiz foydalanib kelingani, shuningdek, noqonuniy egallangan 8,5 ming gektar yerda va muhofaza zonalarida 67 mingta ob’ekt qurilgani aniqlangan.
Biroq, kadastr xizmati organlari, tumanlar va shaharlar hokimlari ushbu ob’ektlarning kadastr hujjatini tayyorlab, ular bo‘yicha mulk huquqini e’tirof etish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlarda qurilgan ob’ektni buzish yoki ularga egalik huquqini berish ishlari to‘liq yakunlamagani qattiq ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, 15 yildan ortiq vaqt foydalanib kelingan
1,1 millionta uy-joydan 751 mingtasi yoki 68 foizi bo‘yicha kadastr hujjatlari tayyorlangani, ushbu ishlar nazoratdan chetda qolgani ta’kidlab o‘tildi.
Shundan kelib, chiqib Bosh vazir o‘rinbosari Zoir Mirzayevga, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayevga hududiy hokimliklar bilan birga kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlarni to‘liq ro‘yxatga olish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar va qurilgan uylar masalasini hal etish bo‘yicha qaror, dastur va grafik ishlab chiqib, amalga oshirish tompshirig‘i berildi.
Sohaga axborot kommunikatsiyalarini, jumladan ko‘chmas mulk hisobini yuritish bo‘yicha “yagona axborot tizimi” joriy qilish, soliq organlari bilan kunlik axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.
Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyevga xatlovga ko‘ra aniqlangan hujjatsiz uy-joy va yerlarni kadastr organlarida ro‘yxatga qo‘yish, ular bo‘yicha kadastr va soliq organlaridagi ma’lumotlar bazasi to‘liq bo‘lishi va yangilanib borishini ta’minlash uchun “Yergeodezkadastr” qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib borish vazifasi yuklatildi.
Yer va mulkni ro‘yxatga olish tartibini takomillashtirish zarurligiga yig‘ilishda alohida urg‘u berildi. Buni Jahon banki e’lon qilgan reytingda O‘zbekiston “mulkni ro‘yxatga olish” ko‘rsatkichi bo‘yicha 73-o‘rinda ekanligida ham ko‘rish mumkin.
Shuning uchun, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi Abdushukur Abdullayevga bir oy muddatda kadastr hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirishni “yagona darcha” orqali avtomatlashgan tarzda amalga oshirish, bu borada soliq va notarius idoralari bilan ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi topshirildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini va ekish ishlari nazoratini kuchaytirish maqsadida zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari “dronlar”ni xarid qilish ishlarini yakunlash, uchuvchisiz uchish apparatlarini o‘zimizda ishlab chiqarish maqsadida “Innovatsion markaz”ni tashkil etish yuzasidan qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.