30.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PF-5268-son farmoni
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, ularning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilayotgan sud-huquq islohotlarining asosiga qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplar poydevor qilib qo‘yilgan.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ijrosi yuzasidan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi va erkinligini ta’minlash, odil sudlovning sifati va shaffofligini oshirish, “Xabeas korpus” institutini qo‘llashni kengaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini qo‘shimcha tergov yuritishga qaytarish tartibining bekor qilinganligi sud va tergov organlarining haqiqatni va ishni to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash, shuningdek, qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilish borasidagi mas’uliyatini oshirish imkonini berdi.
Natijada faqatgina 2017-yilning 10 oyi davomida sudlar tomonidan 191 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi, vaholanki oxirgi besh yilda atigi 7 nafar shaxs oqlangan. Bundan tashqari, joriy yilda dastlabki tergov organlari tomonidan reabilitatsiya va boshqa asoslar bo‘yicha 3511 ta jinoyat ishi tugatilgan.
Shu bilan birga, huquqni qo‘llash amaliyotining tahlili, aholi bilan ochiq muloqot natijalarini umumlashtirish qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi huquqiy bo‘shliqlarning mavjudligidan dalolat bermoqda.
Ushbu holatlar fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, oqibatda esa aholining asosli e’tiroziga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudning beg‘arazligiga bo‘lgan ishonchining pasayishiga olib kelmoqda.
Qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumpsiyasi kabi konstitutsiyaviy prinsiplarni so‘zsiz va og‘ishmay ta’minlash, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq:
1. Qonun hujjatlari talablariga og‘ishmay va qat’iy rioya etishga huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e’tibori qaratilsin, unga muvofiq qonun normalarini aniq ijro etish va ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqqanidan qat’i nazar, qonuniylikni buzish hisoblanadi hamda qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
2. Protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan, shu jumladan:
jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining himoyaga bo‘lgan huquqini, shuningdek, tarjimon xizmatidan foydalanish huquqini buzgan holda;
jinoyat protsessida ishtirok etayotgan shaxsga huquq va majburiyatlarini tushuntirmaslik oqibatida uni chalg‘itgan holda;
mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritishni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan protsessual harakatlarni o‘tkazish oqibatida;
noma’lum manbadan yoxud jinoyat ishi bo‘yicha ish yuritish jarayonida aniqlash mumkin bo‘lmagan manbadan;
dastlabki tergov jarayonida jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining sudda mavjud dalillar majmui bilan o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlaridan;
mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan hollardan tashqari, jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining taxmin, faraz yoki mish-mishlarga asoslangan ko‘rsatuvlaridan olingan hamda tegishli ravishda yuridik kuchga ega bo‘lmagan ma’lumotlardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasin.
3. Quyidagilar taqiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardan tashqari, sudlarda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi prinsipini cheklaydigan qo‘shimcha talablarni joriy etish;
protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining ko‘rsatuvlari, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar, audio va videoyozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish.
4. Shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma’lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun, yolg‘on guvohlik va yolg‘on xabar berganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutgan holda, jinoiy javobgarlik kiritilsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan ushlangan shaxs tegishli vakolatli organga yetkazilgan vaqtdan boshlab yetmish ikki soat ichida mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega;
dalillarni yig‘ish va mustahkamlashda ruxsat berilmagan uslublar qo‘llanilganligi to‘g‘risidagi murojaatlar prokuratura organlari yoki sud tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda tibbiy ekspertiza o‘tkazish orqali majburiy tekshirilishi shart;
hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish (o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha), tintuv, ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti tarzidagi protsessual harakatlarni videoyozuv vositalaridan foydalangan holda majburiy video qayd etish amalga oshiriladi;
himoyachi jinoyat ishi bo‘yicha dalillarni to‘plash va taqdim etish huquqiga ega bo‘lib, ular jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yilishi, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov o‘tkazish va jinoyat ishini sudda ko‘rib chiqish vaqtida majburiy tekshirilishi va baholanishi shart;
haqiqiy ma’lumotlarning dalil sifatida foydalanishga nomaqbulligi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoki taraflar iltimosnomasi bo‘yicha belgilanadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud dalillarning nomaqbulligi haqidagi masalani hal qilishda dalilning nomaqbul deb topilishiga asos bo‘lgan qonunbuzilishi nimada o‘z aksini topganligini aniqlashga va asoslantirilgan qaror (ajrim) qabul qilishga majbur;
sud muhokamasi jarayonida stenografiya yuritiladi, uning materiallari jinoyat ishi materiallariga qo‘shib qo‘yiladi;
prokuror tomonidan:
ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tayotgan, qamoqda saqlanayotgan, ushlab turilgan yoki ma’muriy qamoqqa olingan shaxslardan jinoyatlar to‘g‘risidagi olingan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni zudlik bilan qayd etish va hal qilish to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga rioya etilishi;
mazkur shaxslarga yoki ularning yaqin qarindoshlariga psixologik yoxud jismoniy ta’sir ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikdan ozod etilishi yuzasidan chalg‘itilganligi;
noqonuniy javobgarlikka tortish holatlari bo‘yicha yuqori turuvchi prokurorni xabardor qilgan holda, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun mahkumlarga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilishining qonuniyligi yuzasidan majburiy tarzda tekshirishlar o‘tkaziladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati (O.B.Murodov) bir oy muddatda mazkur Farmonning 1-5-bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qonunchilik tashabbusi tartibida tayyorlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish jarayonida dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda;
jinoyat ishlari bo‘yicha ushlab turish va boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llashda;
ma’muriy qamoq tarzidagi ma’muriy jazoni ijro etishda;
sodir etgan jinoyati haqida qonunda belgilangan muddatlarda xabar qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va yetkazilgan zararni qoplagan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi normalarni qo‘llashda qonuniylikning hamda qonunchilik talablarini buzganlikning har bir holati bo‘yicha javobgarlik muqarrarligining ta’minlanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tergov hibsxonalari, vaqtincha saqlash hibsxonalari va maxsus qabulxonalar, ma’muriy qamoqni o‘tash joylarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlashni ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tayotgan, ushlab turilgan yoki qamoqda saqlanayotgan, shuningdek, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish hamda tasdiqlash tavsiya etilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Milliy xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
sud-tergov harakatlarini yuritishning innovatsion shakl va uslublaridan foydalanishning, shuningdek, dalillar aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi to‘g‘risidagi jinoyat-protsessual qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashning ilg‘or xorijiy tajribasini o‘rganish hamda tahlil qilishni;
hodisa sodir bo‘lgan joy holatini o‘zgartirish, dalillarni yo‘qotish yoki yo‘q qilishga, shu jumladan, o‘rab olish orqali yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni ko‘rish tartibini ishlab chiqish hamda tasdiqlashni;
qonunchilikni hamda jinoyat ishlarini tergov qilish va ko‘rib chiqish uslubiyotini yanada takomillashtirish, sud-tergov faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, jinoyat ishi bo‘yicha ish yurituvni, shu jumladan, “Elektron jinoyat ishi” tizimini joriy etish orqali optimallashtirish va soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda kiritishni tashkil etsin.
11. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev