28.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, departamentlar mudirlari, vazirlar, qo‘mita va kompaniyalar raislarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda ijtimoiy hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xalqimizning fidokorona mehnati bilan ijobiy samaralarga erishilmoqda. Shu bilan birga, aholini bezovta qilayotgan ko‘pgina muammo va kamchiliklar ham o‘z yechimini kutib turibdi. Odamlarimiz ertaga yoki uzoq kelajakda emas, balki bugun yaxshi yashashni, munosib hayot kechirishni istaydi. Shuning uchun biz olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishimiz, ularning sifati va samaradorligini yanada oshirishimiz zarur, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zida kun tartibidagi masalaga chuqur tahlil asosida tanqidiy yondashib, aksariyat rahbarlar tomonidan tartib-intizom va mas’uliyatning bo‘shashtirib yuborilgani, ular o‘z faoliyatini zamon talablari asosida tashkil eta olmayotgani, xizmat vazifasiga loqaydlik va beparvolik bilan munosabatda bo‘layotgani kabi holatlar umumiy natijadorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Mana, yaqinda ish faoliyatimizga bir yil to‘ladi, aholimiz, bizga katta umid va ishonch bildirgan xalqimiz oldida amaliy ishlarimiz bilan hisobot beradigan vaqt keldi. Ishga yangicha yondashish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash, fidoyilik va jonkuyarlik ko‘rsatish ijro hokimiyatining barcha bo‘g‘indagi rahbar va mutasaddilari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, dedi Prezidentimiz.
Ochiq tan olish kerakki, biz o‘z oldimizga qo‘ygan, el-yurtimiz kutayotgan natijalarga hali to‘la erisha olganimiz yo‘q. Bu boradagi ishlarni faollashtirish, yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 27-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta’minlash, ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.
Qarorga binoan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.
Ushbu muhim o‘zgarishlarning sabablari haqida so‘z yuritar ekan, Prezidentimiz quyidagi fikrlarga alohida urg‘u berdi.
Birinchidan, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, mamlakat hududlarini rivojlantirishning eng muhim va dolzarb masalalarini hal etishning shakllari va usullarini tubdan o‘zgartirish zarur.
Ikkinchidan, joriy yil mobaynida viloyatlar, shahar va qishloqlardagi aholining turli qatlamlari bilan o‘tkazilgan muloqotlar natijalari bo‘yicha har bir hudud, har bir oila, har bir fuqaroning hayotiy muammolarini hal qilishga yanada keng e’tibor qaratish kerak.
Uchinchidan, o‘z zimmasidagi vazifalarni bajarish, zarur natijaga erishishni ta’minlamagani uchun turli bo‘g‘indagi rahbarlarni almashtirish, zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan, Vatanga sadoqatli, fidoyi yoshlarga mas’uliyatli lavozimlarni ishonib topshirishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish masalasi birinchi navbatda ilm-fan, yuksak texnologiyalar, zamonaviy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Va ayni shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etilganiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bizning saxovatli zaminimiz yer osti va yer usti boyliklariga, inson resurslariga, bilimli va yuqori malakali kadrlarga boy. Lekin, afsuski, biz mana shunday ulkan salohiyatimizdan unumli va samarali foydalana olmayapmiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jumladan, qat’iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, samarali soliq siyosatini shakllantirish, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, davlat statistikasi tizimini takomillashtirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat va san’at, jismoniy tarbiya va sport, yoshlar va xotin-qizlar masalalari bilan bog‘liq vazifalarga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish asosida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, ayni paytda 2018-yilning birinchi choragida bajariladigan aniq vazifalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.