28.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-noyabrdagi PQ-3408-son qarori
Mamlakatimizda paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish, paxta tozalash korxonalarini modernizatsiyalash va texnik qayta jihozlash, ishlab chiqarish va paxta xom ashyosini qayta ishlash rentabelligini, shuningdek, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy ahvoli ishlab chiqarish jarayonlarini tezkor yangilash va modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalar va korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish, umuman tarmoqning jadal rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligidan dalolat beradi.
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yetarlicha joriy qilinmaganligi oqibatida xom ashyoni qabul qilish, tashish va qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish jarayonlari ustidan lozim darajada hisobot va nazorat tizimi mavjud emas.
Paxta tozalash korxonalarining resurs salohiyati va mavjud ishlab chiqarish quvvatlari o‘rtasidagi nomutanosiblikning ko‘payishi, shuningdek, ularning ishlab chiqarish faoliyatini diversifikatsiyalash bo‘yicha choralarning o‘z vaqtida ko‘rilmaganligi ishlab chiqarish quvvatlarining ancha qismi bekor turishiga va iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.
Paxtachilik tarmog‘i korxonalarini boshqarish tizimini, shu jumladan faoliyat yuritayotgan tashkilotlar tuzilmasini optimallashtirish orqali takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sog‘lom raqobatni hamda ularning samarali faoliyati uchun qulay huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish talab etilmoqda.
Paxta xom ashyosi sifat ko‘rsatkichlarini aniqlashga nisbatan eskirgan yondashuvlarning qo‘llanilishi mahsulot tayyorlash va ishlab chiqarish hajmi haqidagi aniq ma’lumotlarning buzib ko‘rsatilishiga, buning oqibatida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining noroziligiga, tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligi yomonlashishiga olib kelmoqda.
Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh va sifatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish, ularni yirik xorijiy bozorlarga yanada olib chiqish, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-oktabrdagi PF–5206-son Farmoni bilan tashkil etilgan “O‘zpaxtasanoateksport” XKni tugatish bilan bog‘liq kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha komissiyaning (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi):
“O‘zpaxtasanoateksport” XKning “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ va “O‘zpaxtaeksport” AJlari ustav kapitalidagi ulushlarini nominal qiymat bo‘yicha davlat mulkiga o‘tkazish;
“O‘zpaxtasanoateksport” XKning ustav kapitaliga kiritilgan aktivlarni davlat ulushi sifatida “O‘zpaxtasanoat” AJning ustav kapitaliga balans qiymati bo‘yicha o‘tkazish, ushbu bandning ikkinchi xatboshisiga muvofiq davlatga o‘tkaziladigan aksiyalar paketi bundan mustasno;
mol-mulkning qolgan qismini balans qiymati bo‘yicha beg‘araz berish, shuningdek, “O‘zpaxtasanoateksport” XKni keyinchalik tugatish yo‘li bilan uning huquq va majburiyatlarini “O‘zpaxtasanoat” AJga o‘tkazish;
“O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtasanoat” AJ hududiy filiallarining mol-mulkini balans qiymati bo‘yicha o‘tkazgan holda ularni “O‘zpaxtasanoat” AJga qo‘shib olish, shuningdek, “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarini (keyingi o‘rinlarda “Paxtasanoat” HAB deb yuritiladi) qo‘shib olish jarayonini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakuniga yetkazish orqali qayta tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasiga uning tuzilmasida 20 birlikdan iborat tegishli boshqarma tashkil etgan holda paxta tozalash korxonalarida hisobga olish va hisobotning haqqoniyligi ustidan nazoratni amalga oshirish funksiyasini yuklash;
2018-yil 1-yanvardan boshlab “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufidan “O‘zstandart” agentligi tuzilmasiga o‘tkazish haqidagi takliflari ma’qullansin.
“O‘zstandart” agentligi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Sifat” markazi faoliyatini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi talablariga muvofiq tashkil etish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Quyidagilar “O‘zpaxtasanoat” AJning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
paxta xom ashyosini qabul qilish, saqlash, tashish va qayta ishlash, ekiladigan urug‘lik chigitni tayyorlash bo‘yicha ishlarning butun kompleksini tashkil etish va amalga oshirish, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan yuqori sifatli paxta mahsulotini tayyorlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil qilish sohasida yagona siyosat olib borilishini ta’minlash;
qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan qabul qilinadigan paxta xom ashyosining miqdori, sifati va navlari, paxta tolasi va urug‘lik chigitning chiqishiga oid ko‘rsatkichlar, paxta tozalash korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan paxta tolasining miqdori va sifati bo‘yicha ma’lumotlarning haqqoniyligini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali hisobga olish hamda nazorat qilish ishlarini tashkil etish;
tuzilgan shartnoma (kontrakt)larga muvofiq sotib olinadigan paxta xom ashyosi va iste’molchilarga jo‘natiladigan paxta mahsuloti uchun o‘z vaqtida va to‘liq hajmda hisob-kitoblarni amalga oshirish;
modernizatsiyani amalga oshirish, zamonaviy yuqori unumli uskunalar va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy qilish, tarmoqqa investitsiyalar, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni keng jalb etishda yagona texnika siyosatini olib borish hamda paxta tozalash korxonalari, paxta terminallariga ko‘maklashish;
xom ashyoni qayta ishlashga beruvchi sifatida paxta tozalash korxonalariga ular tomonidan paxta-to‘qimachilik klasterlari tizimida faoliyatni amalga oshirishda ko‘maklashish;
ilmiy-texnik va tajriba-eksperimental tadqiqotlarni rivojlantirish, paxtachilik tarmog‘iga innovatsion g‘oya, ishlanma va texnologiyalarni joriy etish;
paxtachilik tarmog‘i korxonalarining kadrlarini, shu jumladan xorijiy ta’lim muassasalarini jalb etgan holda qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tizimli asosda tashkil qilish, shuningdek, paxtachilik tarmog‘ini rivojlantirish sohasida chet davlatlarning yetakchi tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni amalga oshirish.
3. “O‘zpaxtasanoat” AJning tashkiliy tuzilmasi, ijro etuvchi apparati tuzilmasi, shuningdek, uning tarkibiga kiruvchi korxonalar ro‘yxati 1-3-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
4. “O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruv raisiga zarurat bo‘lganda “O‘zpaxtasanoat” AJning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining belgilangan soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
“O‘zpaxtasanoat” AJ boshqaruv raisi va uning o‘rinbosari kuzatuv kengashi tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi;
“O‘zpaxtasanoat” AJning ijro apparati faoliyatini joriy ta’minlash va moliyalashtirish paxta mahsulotlarini sotishdan vositachilik yig‘imi sifatida tushgan mablag‘lar, dividendlar, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6. “O‘zpaxtasanoat” AJ ikki oy muddatda:
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ faoliyatini uni moliyalashtirish manbasi sifatida, shu jumladan paxta tolasining preyskurant bo‘yicha ulgurji narxiga belgilanadigan ustamani nazarda tutgan holda tubdan takomillashtirish;
paxta tolasining namlik ko‘rsatkichini paxta tolasini sertifikatlashda aniqlanadigan majburiy ko‘rsatkichlar ro‘yxatiga kiritish;
sifatni baholashning instrumental tizimlarida sinov natijalari asosida paxta tolasi toyining sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha paxta tolasini ketma-ketlikda raqamlash va ajratish tizimini joriy etish;
“O‘zstandart” agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda – paxta xom ashyosini qabul qilish, to‘ldirish, saqlash va qayta ishlash uslublarini takomillashtirish, “O‘zpaxtasanoat” AJning paxta tozalash korxonalarini zamonaviy o‘lchov vositalari, laboratoriya uskunalari, shu jumladan videouskunalar, nazorat va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlariga mos keladigan elektron tarozilar bilan jihozlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda – “O‘zpaxtasanoat” AJ korxonalarining bo‘sh turgan binolarini, shu jumladan ularni potensial investorlarga sotish orqali bosqichma-bosqich optimallashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlasin hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. “O‘zstandart” agentligi “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zbekengilsanoat” AJ, “Sifat” markazi bilan birgalikda ikki oy muddatda paxta xom ashyosi va paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlariga (navi, turi, toifasi va boshqalar) bo‘lgan amaldagi talablarni, ularni aniqlash uslublari va tartibini tanqidiy o‘rgansin, shuningdek, ularni yanada optimallashtirish va takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar kiritsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
“O‘zpaxtasanoat” AJ paxta tozalash korxonalarining tayyor paxta mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tashish, qayta ishlash va o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish “O‘zpaxtasanoat” AJning mintaqaviy paxta terminallari tomonidan amalga oshiriladi;
mazkur qarorga muvofiq o‘tkazilayotgan va qabul qilinayotgan mol-mulkning qiymati soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashda soliq solish obyekti hisoblanmaydi;
paxta tolasi, paxta linti va texnik chigitni iste’molchilarga sotish paxta tozalash korxonalari bilan tuziladigan vositachilik shartnomalari orqali “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan ushbu turdagi mahsulotlarni realizatsiya qilishning o‘rnatilgan tartibiga rioya etgan holda birja savdolari orqali amalga oshiriladi;
“O‘zpaxtaeksport” AJ va “Paxtasanoat” HAJ “O‘zpaxtasanoat” AJga qo‘shilishida ularning aksiyalarini ayirboshlash nominal qiymat bo‘yicha amalga oshiriladi.
9. “O‘zpaxtasanoat” AJning quyidagilar haqidagi takliflari qabul qilinsin:
zarur hollarda, “O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi paxta tozalash korxonalari va boshqa tashkilotlarning buyurtmalari bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur korxona va tashkilotlarning ehtiyoji uchun tovar (ish, xizmat)larni markazlashgan tartibda sotib olishni amalga oshirish;
paxta tozalash korxonalari tomonidan 2017-2018-yillar yakuni bo‘yicha hisoblanadigan dividendlarni kapitallashtirish, shuningdek, 2017-2018-yillar yakuniga ko‘ra “O‘zpaxtasanoat” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushi bo‘yicha sof foydadan 10 foiz miqdorida dividend hisoblash.
10. “O‘zpaxtasanoat” AJ O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
“O‘zpaxtasanoat” AJ tarkibiga kiruvchi paxta tozalash korxonalari, paxta xom ashyosini qabul qilish shoxobchalari va boshqa tashkilotlarning bandligi, shtatlar soni, tashkiliy tuzilmasini tanqidiy o‘rgansin hamda xarajatlarni qisqartirish, mehnat unumdorligi hamda ishlab chiqarishning rentabelligini yaxshilash maqsadida ularni optimallashtirish va faoliyat samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Paxta mahsulotlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan o‘rganish doirasida urug‘lik chigitni tayyorlash hamda undan foydalanishning yagona va zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Moliya vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda paxta mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, tayyorlash va chiqarish jarayonlari, shuningdek, tayyorlangan paxta xom ashyosi hajmlarining statistik hisobotlar va mavjud ma’lumotlarga muvofiqligi ustidan tizimli hamda ta’sirchan nazorat o‘rnatsin.
15. “O‘zpaxtasanoat” AJ Toshkent shahri, Shota Rustaveli ko‘chasi, 8a-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.
16. “O‘zpaxtasanoat” AJ bir oy muddatda “O‘zpaxtasanoat” AJ ijro apparati va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlasin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoateksport” XK va qayta tashkil etilayotgan “O‘zpaxtaeksport” AJning bo‘shayotgan xodimlarini ish bilan ta’minlasin.
18. “O‘zpaxtasanoat” AJ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev va N.S.Otajonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev