
15.12.2016
2016-yil 15-dekabr kuni xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Sirdaryo viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2015-yil 9-martdagi farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan 2015-2019-yillarda Guliston shahrida drenaj tizimini yanada takomillashtirish, meliorativ holatini yaxshilash va yer osti suv sathini kamaytirish, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga asos bo‘lmoqda. Shahar va qishloqlarda yangi uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda.
Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining Sirdaryo filiali mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o‘rin tutmoqda. “Reka med farm” va “Guliston medtexnika” qo‘shma korxonalari, “Bek” birlashmasida ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. Yangi kichik biznes subyektlari tashkil etilmoqda.
Sessiyada asosiy e’tibor Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga qaratildi.
Xalqimiz bildirgan ishonchni oqlash uchun eskicha uslubda ishlashga haqqimiz yo‘q. Odamlar yanada yaxshi yashashi uchun bizdan katta o‘zgarishlar, natijalar kutmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish, tumanlarni subvensiyadan chiqarish, yangi korxonalar tashkil etish, aholini ish bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligini tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha belgilangan istiqbolli loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida kelgusi to‘rt yilda viloyatga davlat byudjetidan 391 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz viloyatda erishilgan yutuqlarni qayd etish bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlar, mavjud muammolar haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Bugun Sirdaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlari bizni qoniqtirmaydi, dedi davlatimiz rahbari. Fikrimizning tasdig‘ini birgina O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga o‘tgan 2 oyda viloyat fuqarolaridan 2 mingdan ortiq murojaat kelib tushgani va shundan atigi 793 tasi ijobiy hal qilingani misolida ham ko‘rish mumkin. Mana shuning o‘zi Sirdaryo viloyati rahbarlariga berilgan bahodir. Bu nafaqat viloyat rahbariyati, shahar va tumanlar hokimlarining ham aybi, desak adolatdan bo‘ladi.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani oqibatida ularning 930 tasi faoliyat ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi.
Mahsulot va xizmatlar eksporti masalasi ham talab darajasida emas. O‘tgan 11 oy davomida bu boradagi prognoz rejasi 77,9 foizga bajarilgan.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Oybek Ashurmatov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas’ul xodimi vazifasida ishlab kelayotgan G‘ofurjon Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimi etib saylandi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi direktori Solijon Qudratov, Sirdaryo tumani hokimi Sobirjon Nazarov, Oqoltin tumani hokimi Hamroboy Razzoqov, Sayxunobod tumani hokimi Nosir Egamberdiyev va boshqalar Prezidentimiz nutqida Sirdaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etish, boshqaruv tizimidagi rahbarlarning mas’uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilab berilganini, viloyat aholisi bildirilgan tanqidiy fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish uchun astoydil mehnat qiladi, deb ta’kidladi.