20.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PF-5242-son farmoni
O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish va ko‘paytirish, milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar respublikamizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini (keyingi o‘rinlarda hunarmandchilik deb ataladi) yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchidan, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar va oilalar, ayniqsa, yangitdan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, «Usta-shogird» maktablari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, va shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish;
ikkinchidan, hunarmandchilik sub’ektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tishda ko‘maklashish, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ularni asbob-uskunalar, jihozlar, xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish;
uchinchidan, xalq hunarmandchiligi va ijodiy an’analari keng rivojlangan shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etish, hunarmandchilikning noyob turlarini qayta tiklash va yanada rivojlantirish, iste’molchilarga hunarmandchilik mahsulotlari yetkazib berish uchun bozor infratuzilmasini shakllantirish;
to‘rtinchidan, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirish, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini taqdimot qilishga ko‘maklashish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va «Hunarmand» uyushmasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:
“Hunarmand” uyushmasini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida a’zolik badali to‘lovisiz kiritish;
“Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga, “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarma boshlig‘ini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga tenglashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashishi bo‘yicha so‘zsiz ravishda xizmatlar ko‘rsatish, jumladan o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlayotgan hunarmandchilik sub’ektlariga ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutish.
3. 2017-yilning 1-dekabridan boshlab hunarmandchilik sub’ektlari – “Hunarmand” uyushmasining a’zolari:
hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etilishi;
yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etilishi;
qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘lashi belgilab qo‘yilsin.
4. Quyidagilar:
hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan buyum va tovarlar (ish, xizmatlar) turlarining yangilangan ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
2018-2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yig‘ma dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, 2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning manzilli dasturlari 2.1-2.14-ilovalarga muvofiq;
2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilik ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb ataladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromovga, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitovga, “Hunarmand” uyushmasi rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga, vazirlik, idora, tijorat banklari hamda mas’ul ijrochi tashkilotlar rahbarlariga Dastur va Kompleks chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, boshqa mas’ul vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalar (keyingi o‘rinlarda hududiy komissiyalar deb ataladi) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Quyidagilar hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
tegishli hududlarda manzilli Dastur va Kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash;
hunarmandchilikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, ularga yer maydoni, binolar ajratish, ularni ishlab chiqarish va kommunikatsiya ob’ektlariga ulanish, kredit resurslari va xomashyo bilan ta’minlash masalalarini o‘z vaqtida hal etish;
hududlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini qurish va rekonstruksiya qilish, jumladan, ushbu markazlar qurilishining manzilli ro‘yxatini ishlab chiqish, ularga hunarmandchilik subyektlarini joylashtirish, qurilayotgan ob’ektlarning namunaviy loyihasini tasdiqlash ishlarini muvofiqlashtirish;
hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sotish, shuningdek, eksport qilishga ko‘maklashish bo‘yicha hududlarda chora-tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan aholini hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik sohalarida bandligini oshirish uchun hunarmandchilik va tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozli mikrokreditlar berish bo‘yicha, bank kredit siyosatiga aralashmagan holda, “Mikrokreditbank”ATB tavsiyalar taqdim etish.
6. Hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari – “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga imtiyozli mikrokreditlar berish, shuningdek, 5-ilovadagi sxemaga muvofiq hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari qurish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 5 yil muddatga mo‘ljallangan jami 50 million AQSh dollari miqdorida, jumladan “Mikrokreditbank” ATB, “Xalq banki” ATB va “Agrobank” ATB (keyingi o‘rinlarda tijorat banklari deb ataladi) uchun 2 yil imtiyozli davr bilan 2,5 foizli yillik stavka bo‘yicha kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan tijorat banklariga ular tomonidan hunarmandchilik faoliyati sub’ektlariga milliy valyutada imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun kredit liniyalari ochishni quyidagi shartlarda ta’minlasin:
imtiyozli mikrokreditlar olti oy imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, ikki yil muddatga, eng kam oylik ish xaqining 300 barobaridan oshmasligi zarur;
o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna va ehtiyot qismlar xarid qilishda imtiyozli mikrokreditlarning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizini, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish foiz stavkasi darajasini tashkil etishi;
imtiyozli mikrokreditlar pul mablag‘larini qarz oluvchining ssuda hisobraqamidan uning to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq, ushbu Farmonda nazarda tutilgan maqsadlar uchun tegishli tashkilot yoki jismoniy shaxsning talabi bo‘yicha depozit hisobraqamiga o‘tkazish yo‘li bilan keyinchalik ushbu tashkilot yoki jismoniy shaxsga xizmat ko‘rsatuvchi bank tarif siyosatiga muvofiq, naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tashabbuskorlar va tijorat banklarining kredit mablag‘larini jalb etgan holda, 6-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq, 2018-2019-yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini o‘z vaqtida qurish va foydalanishga topshirishni quyidagilarga e’tiborni qaratgan holda ta’minlasin:
hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurish, ularga zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini tortib borish va hududlarida karvonsaroy (mehmonxonalar), kafe, restoran va turistlarni jalb etish uchun boshqa ob’ektlarni joylashtirish;
hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari hududida “tarixiy sharq bozori” uslubida savdo rastalari va xalq ijodi (dorboz, polvon, masxarabozlar va boshqalar) ko‘rgazmalari uchun maxsus joylar ajratish;
mazkur markazlarda qurilayotgan turar joy binolarining birinchi qavatida ustaxona va savdo inshootlari, yuqori qavatlarida hunarmandlar uchun turar joylar tashkil etish.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3268-son qarori bilan tasdiqlangan miqdorda 2017-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan hunarmandchilikda aholi bandligini oshirishga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun “Mikrokreditbank” ATBga yillik 2 foizli stavka bo‘yicha 50 milliard so‘m miqdorida resurslar ajratilishini;
band bo‘lmagan aholiga, ayniqsa, yoshlarga “Usta-shogird” usulida takomillashtirilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 2018-2019-yillarda 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratishni ta’minlasin.
9. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi, shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan va mazkur Farmonning 1-ilovasiga muvofiq hunarmandchilik faoliyatini amalga oshiruvchilarga beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda hunarmandlar tomonidan, ayniqsa, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi qizlarga mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlarni sotib olish uchun, shuningdek, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun imtiyozli kreditlar berilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, yosh hunarmandlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy sug‘urta to‘lovlari olingan kreditlar to‘lovi sifatida hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:
tijorat banklarining buyurtmanomalari bo‘yicha hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ajratilgan mikrokreditlarni to‘lash hisobiga kelib tushgan milliy valyutadagi mablag‘larini konvertatsiya qilishni amalga oshirish;
tijorat banklari va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tijorat banklarining rasmiy veb-sahifalarida hunarmandchilik faoliyati sub’ektlari uchun imtiyozli mikrokreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatini beruvchi elektron xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish tavsiya etilsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab hunarmandchilikning talab yuqori bo‘lgan turlari bo‘yicha kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlarini ochish, 7-ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlarida o‘qituvchi va kasbiy ta’lim ustasi sifatida “Hunarmand” uyushmasiga a’zo hunarmandlarni keng jalb qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
“Hunarmand” uyushmasiga a’zo hunarmandlarga kasb-hunar kollejlarining maxsus ustaxonalarida hunarmandchilik bo‘yicha ta’lim berishda yakka tartibdagi tadbirkorlar kabi shartnoma tuzish va ko‘rsatilgan xizmat uchun soliq to‘lamaslik huquqi beriladi;
“Usta-shogird” maktabi o‘quvchisi sifatidagi ish davri 25 yoshga yetgunga qadar eng kam oylik ish haqining kamida 2,5 barobari miqdorida sug‘urta to‘lovi to‘langan taqdirda mehnat stajiga qo‘shiladi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun tashqi reklama vositasini joylashtirganlik uchun mahalliy byudjetga to‘lovning amaldagi stavkaning 50 foizidan oshmaydigan imtiyozli tartibini joriy etsin;
ikki oylik muddatda bozorlar, turistik, me’moriy-madaniy ob’ektlar hududlarida, shuningdek, yirik savdo markazlarida hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini sotish uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan savdo rastalari tashkil etilishini ta’minlasin.
13. Belgilansinki:
hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olish huquqi beriladi;
xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlov, yarmarka davomida sotilgan hunarmandchilik mahsulotlari eksport shartnomalari tuzilmasdan amalga oshirilishi mumkin, buning natijasida olingan daromad esa eksport tushumi hisoblanmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, tanlov, yarmarkalarda namoyish etish uchun hunarmandchilik mahsulotlari olib chiqishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
tashqi bozorlarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini keng tanitish funksiyasini o‘ziga oladigan O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik sub’ektlarining xorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining chet eldagi savdo-investitsiya uylari jalb etilishini ta’minlasin;
bir oy muddatda mahalliy tadbirkorlarning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda keng ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqimizning ko‘p asrlik an’analari va madaniy hayotini keng yoritish, xalq hunarmandchiligi va amaliy san’atini namoyish etishga yo‘naltirilgan “Sharq marvaridi” O‘zbekiston an’anaviy san’at xalqaro festivalining har yili sentyabr oyida tashkil etilishini ta’minlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
8-ilovaga muvofiq, 2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazma va festivallar, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish chora-tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilishini;
har yili hunarmandchilik mahsulotlarining “Oltinqo‘l hunarmand” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etilishini ta’minlasin.
16. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
doimiy savdo joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi;
hunarmandlar uchun davlat mulki ob’ektlari uchun ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi;
hunarmand xususiylashtirish dasturi doirasida (“nol” xarid qiymatida) sotiladigan davlat mulki ob’ektini olish xohishini bildirgan taqdirda, ushbu ob’ekt hunarmandga baholangan qiymatida (boshlang‘ich investitsiya majburiyatlari bilan) ochiq savdolarga (tanlovga) qo‘yilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotiladi (beriladi);
bir necha hunarmand bir ob’ektni (“nol” xarid qiymatida) olish istagini bildirgan taqdirda, ushbu ob’ekt belgilangan tartibda ochiq savdoga (tanlovga) qo‘yiladi va unda faqat ushbu hunarmandlar ishtirok etadi.
Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan shartlar asosida hunarmandlarga berilgan ob’ektlardan kamida 5 yildan kam bo‘lmagan vaqt davomida hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida foydalanilishi lozim.
17. Hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida:
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi “Hunarmand” uyushmasining buyurtmanomalari bo‘yicha hunarmandlarga ipak xomashyosi va ipak tolasini ajratilishini ta’minlasin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun xomashyo sifatida ishlatiladigan daraxt turlarini ekish va parvarish qilish uchun zarur yer maydonlari ajratish choralarini ko‘rsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 31-martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atni yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-1741-son Farmonining 4 va 5-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
19. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromov va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev