
15.12.2016
2016-yil 15-dekabr kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatida sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloqlarda zamonaviy uylar barpo etish, aholi bandligini ta’minlash borasida, ijtimoiy sohalarda muayyan natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlab bergan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ulkan xizmatlari haqida alohida to‘xtaldi.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyida viloyatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 106,9 foizni, jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 106,8 foiz, xizmat ko‘rsatish hajmi 116,3 foizni tashkil qildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining 6,4 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni qayd etish bilan birga, galdagi vazifalar, yechimini kutayotgan muammolar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Qishloq xo‘jaligini bosqichma-bosqich isloh qilish, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarini optimallashtirish asosida yiriklashtirish, ularning moliyaviy-iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilash lozim. Pirovardida qishloq aholisining daromadi va turmush darajasini oshirish, qishloqlar qiyofasini tubdan o‘zgartirish, zamonaviy infratuzilmalarni yanada rivojlantirish imkoniyati kengayadi. Bu borada Toshkent viloyatida barcha imkoniyatlar mavjud, dedi davlatimiz rahbari.
Poytaxt viloyati yerining unumdorligi, hosildorligi bilan respublikamizning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Bu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun yerni haqiqiy dehqonga, fermer bo‘laman, deb ko‘zi yonib turgan mirishkorlarga berish kerak. Dehqon boy bo‘lsa, davlat boy bo‘ladi, dedi Prezidentimiz.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 9-sentabrdagi «2016 − 2018-yillarda Toshkent viloyati shaharlari va tumanlarini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarori poytaxt viloyatini har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda Prezidentimiz Toshkent viloyati yoshlarini ish bilan ta’minlash borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, kollej o‘quvchilarining davomati nazoratsiz qolayotganini qayd etar ekan, mutasaddilar bu masalaga alohida e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidladi.
Viloyat hududida foydalanilmay turgan bino va inshootlarni investitsiya kiritish sharti bilan "nol" qiymatda sotish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagani uchun O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi D.Hidoyatovga hayfsan berildi.
Toshkent viloyati – katta iqtisodiy salohiyatga, ulkan imkoniyatlarga ega hudud. Zamonaviy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etish va mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga jalb etishni muttasil oshirib borish zarur, dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilishda viloyatni barcha sohalarda yanada rivojlantirish, sanoat salohiyatini oshirish, ijtimoiy infratuzilmasini modernizatsiya qilish masalalari tahlil etildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir ko‘rsatmalar berildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan Islom Ergashxo‘jaev viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi vazifasidan ozod etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Angren shina zavodi direktori lavozimida ishlab kelayotgan Shukurullo Boboyev Toshkent viloyati hokimi etib saylandi.
Mehnat faxriysi Ummat Mirzaqulov, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati direktori Aleksandr Farmonov, Piskent tumani hokimi Akmaljon Isaboyev va boshqalar Prezidentimiz nutqida Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari har tomonlama chuqur tahlil etilib, istiqboldagi dolzarb vazifalar aniq belgilab berilganini, viloyat ahli bildirilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, islohotlar samarasini yanada yuksaltirish, barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish uchun astoydil mehnat qiladi, deb ta’kidladi.