17.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Mun Chje Inning taklifiga binoan 2017-yil 22-25-noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ladi.
Oliy darajadagi muzokaralarda o‘zaro hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Milliy Assambleya Spikeri va Koreya Respublikasi Bosh vaziri bilan uchrashadi, ikki davlatning yetakchi iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirokidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes forumida ishtirok etadi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Prezidentlarining Strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga doir ko‘plab hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, tijorat kelishuvlari va shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.