13.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-noyabrdagi PQ-3384-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5059-son Farmoniga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyundagi F–4979-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini yanada joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) tomonidan “Sagemcom” (Fransiya Respublikasi), “Elster GmbH” (Germaniya Federativ Respublikasi), “Landis & Gyr” (Shveytsariya Konfederatsiyasi) kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MChJ XK (O‘zbekiston Respublikasi) bilan O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini (keyingi o‘rinlarda Loyiha deb yuritiladi) amalga oshirish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Ishchi komissiyaning Loyiha doirasida dastlab 2 million dona elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish uskunalari, shuningdek, dasturiy ta’minot, qo‘shimcha asbob-uskuna, boshqa zarur texnik vositalarini (keyingi o‘rinlarda hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalar deb yuritiladi) “Sagemcom”, “Elster GmbH” kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MChJ XKdan istisno tariqasida tender savdolarini o‘tkazmasdan xarid qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Ishchi komissiyasining qaroriga asosan “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ Loyiha doirasida hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni mazkur qarorning 14-bandiga muvofiq ularni respublikada ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgunga qadar ushbu bandda ko‘rsatilgan ishlab chiqaruvchilardan qo‘shimcha xarid qilishi mumkin.
3. Ishchi komissiya (J.A.Qo‘chqorov) “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha bo‘yicha “Sagemcom”, “Elster GmbH” kompaniyalari va “Toshelectroapparat” MChJ XK bilan yakuniy muzokaralar o‘tkazilishi va kontraktlar (keyingi o‘rinlarda kontraktlar deb yuritiladi) tuzilishini tashkil etsin.
“O‘zstandart” agentligi muzokaralar yakuniga qadar Loyiha doirasida o‘rnatiladigan hisobga olish uskunalarining turlariga nisbatan texnik talablarni tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuziladigan kontraktlarni, shu jumladan hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalar, xizmatlarning qiymatini ishlab chiqaruvchilarning aynan shunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha tajribasi va ishchanlik obro‘-e’tiboriga alohida e’tibor qaratgan holda har tomonlama ekspertizadan o‘tkazsin.
5. Loyiha doirasida quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qayta moliyalashtiriladigan, 5 yillik imtiyozli davr va qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foiz marjasini o‘z ichiga olgan yillik stavkasi 2 foiz bo‘lgan 10 yil muddatga ajratiladigan mablag‘lar – kontraktlar bo‘yicha hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni, shuningdek, xizmatlarni sotib olishga sarflangan xarajatlarning;
“O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJning mablag‘lari – qurilish-montaj ishlarini, mahalliy tovarlar va xizmatlarni xarid qilishning moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
2020-yil 1-yanvardan Loyihaning amalga oshirish muddatiga 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 15 so‘m, 1 m. kub tabiiy gaz uchun 17 so‘m (respublikada realizatsiya qilinadigan) miqdorida zaruratga ko‘ra indeksatsiya qilinadigan hamda faqatgina Loyiha doirasida Jamg‘armaning jalb etilgan mablag‘larini qoplashga hamda boshqa xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan investitsiyaviy ustama joriy etiladi;
Loyiha doirasida hisobga olish uskunalarini o‘rnatishda keyinchalik ularni davlat ko‘rigidan o‘tkazgan holda sertifikatsiya ishlarini olib borish belgilangan tartibda “O‘zstandart” agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
hisobga olish uskunalarini o‘rnatishda plombalash “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) vakolatli xodimlari tomonidan amalga oshiriladi;
Loyiha doirasida o‘rnatiladigan hisobga olish uskunalarining davlat ko‘rigi “O‘zstandart” agentligi tomonidan har 10 yilda amalga oshiriladi. Bunda hisobga olish uskunalarini davlat ko‘rigiga topshirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va Byuro tomonidan ta’minlanadi;
iste’molchidan davlat ko‘rigidan, xizmat ko‘rsatish va boshqa ishlarni o‘tkazish uchun yechib olingan hisobga olish uskunasining o‘rniga zudlik bilan “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ mablag‘lari hisobidan boshqa ko‘rikdan o‘tgan hisobga olish uskunasi o‘rnatiladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziriga “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJning Loyihani amalga oshirish uchun beriladigan Jamg‘arma kreditlari bo‘yicha “O‘zsanoatqurilishbank” ATB oldidagi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda davlat kafolatlarini berish vakolati berilsin. Bunda davlat kafolatlari “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ tomonidan kreditlarni qoplash davrida ularning pul mablag‘larini boshqarish huquqlarini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga topshirish orqali beriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini kiritsin.
Jamg‘arma, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJga Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanguniga qadar kontraktlar doirasida tovarlarning xaridini va bajariladigan ishlarni 2018-yil 1-fevralga qadar moliyalashtirishga ruxsat berilsin.
9. “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “Toshelectroapparat” MChJ XK 2022 yil 1 yanvarga qadar kontraktlarga muvofiq hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno), shuningdek, Loyihani amalga oshirish doirasida qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qilinsin.
10. “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ Byuro bilan birgalikda bir oy muddatda elektr uzatish liniyalari va gaz quvurlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha davlat dasturlari amalga oshirilishini, elektr va gaz ta’minoti infratuzilmasining amaldagi holatini, shaharlar va viloyatlar markazlarining ustuvorligini inobatga olgan holda hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni o‘rnatish jadvalini tasdiqlasin.
11. Respublika hududiga Loyihaning texnik parametrlariga mos kelmaydigan hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni olib kirish taqiqlansin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda yaratiladigan Kommunal xizmatlar yagona billing tizimining Loyiha doirasida o‘rnatiladigan dasturiy mahsulotlar bilan billing tizimining elektr energiyasi va tabiiy gazga oid qismini ishlab chiqishga “Sagemcom” kompaniyasini jalb etgan holda mosligini ta’minlasin.
13. “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ “O‘zeltexsanoat” AK, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda xorijiy kompaniya ishtirokida, shu jumladan “O‘zeltexsanoat” AK korxonalarini kooperatsiya asosida jalb etgan holda hisobga olish uskunalari va qo‘shimcha vositalarni ishlab chiqarishni, shuningdek, Loyihani texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Loyiha va kontraktlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin.
15. “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJ buyurtmalari bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini rasmiylashtirishni;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik kirish vizalari berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, vaqtincha yashash joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxat rasmiylashtirilishi (uzaytirilishi)ni ta’minlasin.
16. Loyihaning to‘liq va o‘z muddatida amalga oshirilishi, shu jumladan tasdiqlanadigan loyiha parametrlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.S.Sultonov, “O‘zbekenergo” AJ (U.M.Mustafoyev) va “O‘ztransgaz” AJ (A.S.Mustafayev) rahbarlari zimmasiga yuklansin.
17. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2907-son qarori;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-iyundagi “Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ–3060-son qarorining 6-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev