10.11.2017
Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar!
Muhtaram Samarqand ahli!
Bugun men uchun qadrdon bo‘lgan, muqaddas Samarqand zaminida siz, azizlar bilan uchrashib, barchangizni sog‘-salomat, yaxshi kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman.
Fursatdan foydalanib, siz, qadrdonlarimga, sizlar orqali mehnatkash, mard va olijanob Samarqand ahliga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Eng muhimi, shu kunlarda davlatga paxta sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatini mamlakatimizda birinchilar qatorida viloyatning barcha tumanlari bo‘yicha bajarib, 217 ming tonnadan ziyod ulkan xirmon bunyod etganingiz bilan sizlarni, butun Samarqand ahlini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ayniqsa, har gektar yerdan 45-55 sentnerdan paxta hosili yig‘ib-terib olgan Ishtixon tumanidagi “Omonboy Farmonov”, Narpay tumanidagi “Abdi Yovqoch”, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Hosil”, Paxtachi tumanidagi “Mirzayev Shuhrat” kabi fermer xo‘jaliklarining nomlarini alohida aytib o‘tmoqchiman.
Viloyat dehqonlarining boshqa tarmoqlar bo‘yicha ham yilni yorug‘ yuz bilan yakunlayotganidan xabardorman.
Siz, azizlarga, butun Samarqand eliga fidokorona mehnatingiz uchun chuqur minnatdorlik bildirib, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, quvonch va shodlik tilashga ruxsat etgaysiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Bugungi sessiya tashkiliy masala bilan birga, Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, bu yo‘lda erishilgan yutuqlar, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari, kelgusi ikki yilda oldimizda turgan asosiy vazifalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan.
Sizlarga yaxshi ma’lum, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar “Hamma narsa inson manfaatlari uchun” degan ezgu maqsadga qaratilgan. Shu maqsad yo‘lida xalq bilan muloqot qilib, odamlarning hayotiy muammolarini hal etish barchamiz uchun asosiy faoliyat mezoniga aylanib borayotgani amalda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Oddiy yurtdoshlarimiz bugun hayotdagi o‘zgarishlardan rozi bo‘lib, mamnun bo‘lib gapirayotgani, o‘zlari ham ana shu o‘zgarishlarning ishtirokchisiga aylanib borayotgani – bu bizni quvontiradi. Haqiqatan ham, xalqimiz bugun harakatga keldi. Odamlarda ishonch paydo bo‘ldi. Davlat organlari xalqqa, xalqimiz esa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga qarab intila boshladi.
Men qayerga borsam, shu gapni takrorlayman: xalq bizdan rozi bo‘lsa, ishimizda unum, baraka bo‘ladi. Odamlarning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir.
Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy dasturlar va investitsiya loyihalari hamaynan ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasini oladigan bo‘lsak, umumiy qiymati 1 trillion 800 milliard so‘mlik 321 ta yirik loyihani amalga oshirish boshlandi.
O‘tgan davrda viloyatda 24 ta yirik korxona ishga tushirildi. Xususan, Samarqand shahrida yiliga 8 million dona dori vositalari ishlab chiqaradigan korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jomboy tumanida 300 gektar yong‘oqzor barpo etildi. Samarqand tumanida 1 millionta parranda boqiladigan xo‘jalik tashkil etildi. Yil oxiriga qadar yana 20 ta yirik korxona ishga tushiriladi.
Albatta, bu korxonalarning har biri haqida, ular chiqarayotgan mahsulotlar to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin. Lekin sizlar bu ishlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lganingiz uchun men faqat bir-ikkita misol bilan cheklanib o‘tmoqdaman.
Eng muhimi, bu korxonalarning barchasi ichki bozorimiz uchun, odamlarimiz uchun kerakli mahsulotlar chiqarib, Vatanimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim tomoni shundaki, bu loyihalarning hammasi tadbirkorlarning tashabbusi bilan, ularning o‘z mablag‘lari ishtirokida amalga oshirilmoqda. Biz ularga moliyalashtirish va ruxsat berish, qulay imkoniyat yaratish bo‘yicha yordam bermoqdamiz, xolos.
Men o‘z mablag‘i, tashkilotchiligi bilan hech bo‘lmaganda 2-3 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, deb aytgan gaplarimni bugun ham takrorlashdan charchamayman. Mana, Samarqandning o‘zida shuncha korxonalar ochilib, ming-minglab ish o‘rinlari yaratilayotgan ekan, buning uchun viloyatdagi barcha kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillariga chin yurakdan rahmat aytmoqchiman.
Haqiqatan ham, xalq, davlat nimaning hisobidan boy va qudratli bo‘ladi? Eng avvalo, shu yo‘lda kuchini, bilim va tajribasini, kerak bo‘lsa, moliyu jonini ayamaydigan sizlardek tadbirkorlar hisobidan.
Bizning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida olib borayotgan islohotlarimizni jahon hamjamiyati, nufuzli xalqaro tashkilotlar tan olayotgani – bu avvalo sizlarning mehnatingizga berilgan bahodir. Shaxsan men shunday deb hisoblayman.
Agar sizlardan harakat bo‘lmasa, faqat farmon va qarorlar bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun men tadbirkor – bu taraqqiyot lokomotivi, yurt tayanchi, deb aytishga, sizlarni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Yaqinda Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan bu yilgi biznes sohasidagi xalqaro reyting haqida ommaviy axborot vositalari xabar e’lon qildi. O‘zbekiston ushbu reytingda 13 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 190 ta mamlakat orasida 74-o‘rinni egalladi. Bu borada jahondagi eng ilg‘or 10 ta islohotchi davlat qatoridan joy oldik. Bu – juda katta yutuq, juda katta e’tirof.
Shu bilan birga, men kuni kecha Jizzaxda Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda bir fikrni alohida ta’kidlab aytdim: biz hali katta yo‘lning boshida turibmiz. Endigina birinchi qadamlarni tashlayapmiz, xolos.
Nafaqat biznes, balki boshqa sohalarda ham hali oldimizda juda katta vazifalar turganini, yechilmagan muammolar ham ko‘pligini ochiq tan olishimiz kerak.
Masalan, biznes sohasida joriy etilayotgan yangiliklar joylarda, jumladan, Samarqand viloyatida qanday qo‘llanmoqda, tadbirkorlar berilayotgan yengilliklarni amalda sezmoqdami yoki yo‘qmi, degan savollarga, afsuski, to‘la ijobiy javob topolmaymiz.
Shu munosabat bilan barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, ayniqsa, joylardagi hokimlar va mansabdorlarni ogohlantirib aytmoqchiman: tadbirkorga madad berish o‘rniga uning yo‘liga to‘siq qo‘yish – bu Prezident siyosatiga qarshi chiqish, deb baholanadi va shunga yarasha chora ko‘riladi.
Barchamiz bir haqiqatni tushunib olishimiz shart: tadbirkorlik va ishbilarmonlik xususiyatlari avvalo yoshlarga xos fazilat hisoblanadi. Demak, tadbirkorlikka yo‘l ochish – avvalambor yoshlarga, kelajakka yo‘l ochish demakdir.
Qaysi rahbar shuni to‘g‘ri tushunsa, albatta u boshqarayotgan tarmoqda, hududda samara, natija bo‘ladi. Kim buni tushunmasa, yaxshisi, u o‘z o‘rnini bo‘shatib qo‘ygani ma’qul. Chunki nafaqat yoshlar, balki zamon ham endi bunday rahbarlarni qabul qilmaydi.
Ma’lumki, Samarqand viloyati zamonaviy, yaxshi rivojlangan ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya, ijtimoiy infratuzilmalarga ega ekani, insoniy va intellektual salohiyati bilan boshqa ko‘pgina hududlarimizga nisbatan ustun turadi. Ya’ni, Samarqanddagi imkoniyat hamma joyda ham mavjud emas.
Lekin, afsuski, ana shunday ulkan salohiyatdan to‘liq foydalanishda viloyatda oqsoqlik bor. Bu – haqiqat va buni ochiq aytishimiz kerak.
Boshqa hududlarga borsangiz, rahbarlar imkoniyat qidirish bilan ovora ekanini ko‘rasiz. Bu yerda esa viloyatning sobiq birinchi rahbari Himmat Oqbo‘tayevda tashabbusning yo‘qligi va befarqligi tufayli bor imkoniyat ham ishga solinmadi. Oqibatda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi ancha sekinlashdi. Bu boradagi ko‘rsatkich shu yilning 9 oyi davomida respublika bo‘yicha 5,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, viloyatda 3,4 foizni tashkil etgani ham buni ko‘rsatib turibdi.
Yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 24 foiz atrofida bo‘lib, bu mamlakatimizdagi eng past ko‘rsatkichlardan biridir. Boya men bu yerdagi katta imkoniyatlar haqida bekorga gapirganim yo‘q. Shuning uchun bunday raqam bilan kifoyalanib yurish Samarqand viloyatiga mutlaqo yarashmaydi.
Viloyatda sanoatning eng rivojlangan tarmog‘i – iste’mol tovarlari ishlab chiqarish sohasi ham bir joyda to‘xtab, depsinib turganini, mana, shu sohaning rahbarlari o‘tiribdi bu yerda, ular buni qanday izohlaydi?
Sizlar nima uchun bu masala bilan qiziqmaysizlar? Bu faqat viloyatning muammosi emas. Ichki bozorimizni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksport qilish – bu barchamizning ishimiz.
Xalqqa eng yaqin yana bir soha – xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham o‘sish sekinlashgani kuzatilmoqda. Eksport bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish masalasida ham savollar ko‘payib bormoqda.
Shu sababli ushbu sessiya arafasida tegishli vazirliklar, kompaniya va banklar rahbarlarini Samarqand viloyatiga yubordik. Ular bu yerda o‘n kun mobaynida qo‘shimcha rezervlarni aniqlab, konkret investitsiya loyihalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullandi. Bu ishlarning natijasi sifatida qo‘shimcha investitsiya loyihalarini o‘z ichiga olgan yangi Dastur loyihasi shakllantirildi.
Dasturga muvofiq 2018-2019-yillarda Samarqand viloyatida umumiy qiymati 4 trillion 200 milliard so‘m bo‘lgan 321 ta yirik loyiha amalga oshiriladi va qariyb 11 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bu loyihalar asosan quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha joriy etiladi.
Birinchidan, yengil sanoatda umumiy qiymati 1 trillion 400 milliard so‘m bo‘lgan 34 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi va 3 ming 400 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.
Bunda asosiy e’tibor xomashyoni chuqur qayta ishlab, raqobatdosh va eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratiladi.
Natijada viloyatda paxta tolasini qayta ishlash darajasi bugungi 20 foizdan 2018-yilda 60 foizdan oshadi, 2019-yilda esa 100 foizga yetkaziladi.
Ikkinchidan, yuqori texnologiyalarga asoslangan mashinasozlik, elektrotexnika va farmatsevtika kabi zamonaviy sohalarda umumiy qiymati 715 milliard so‘mlik 17 ta loyiha amalga oshiriladi.
Masalan, Oqdaryo tumanida “Vaksina farm medikal” korxonasida yiliga 12 million dona dori vositalari ishlab chiqaradigan korxona barpo etiladi.
Uchinchidan, mahalliy xomashyo asosida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati 407 milliard so‘mlik 33 ta loyiha amalga oshiriladi va 1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Misol uchun, Pastdarg‘om tumanidagi sement korxonasida yiliga 560 ming tonna sement, temir yo‘l ta’mirlash korxonasida 10 ming tonna grafit ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
To‘rtinchidan, Samarqand zaminida yetishtiriladigan shirin-shakar mevalar, sabzavot mahsulotlarining dovrug‘i butun dunyoga yaxshi ma’lum. Afsuski, bizda ularni zamonaviy qayta ishlash, saqlash va iste’molchiga yetkazish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilmagani uchun bu boylikning katta qismi qishga yetmasdanoq yo‘q bo‘lib ketadi.
Hozirgi kunda ekologik toza va xavfsiz oziq-ovqat masalasi jahon miqyosida qanday dolzarb bo‘lib borayotganini barchamiz televideniye, Internet orqali ko‘rib-bilib turibmiz.
Ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, yurtimizda, jumladan, Samarqand viloyatida meva-sabzavot yetishtirish, uni saqlash va qayta ishlashni yanada ko‘paytirish choralarini ko‘ryapmiz.
Bu borada oxirgi yillarda viloyatda 9 ming gektardan ortiq intensiv mevali bog‘lar barpo etilgani albatta katta ish bo‘ldi.
Joriy yil aprel oyida viloyatga tashrif paytida berilgan topshiriqqa asosan 1 ming 300 gektar yong‘oqzor, 230 gektar pistazor va 60 gektardan ortiq unabi plantatsiyalari barpo qilindi. “Ertaning g‘amini bugundan ko‘rib qo‘y” degan naqlga amal qilib, endi bu bog‘larning mevasini qayta ishlash, ulardan qanday mahsulotlar tayyorlash, ularni dunyo bozoriga chiqarib sotish haqida o‘ylashimiz kerak.
Nega deganda, mahsulotning bozorini topish – bu azob. Bugun dunyoda, jahon bozorida qanday kuchli raqobat hukm surayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.
Biz hozirgi kunga qadar viloyatda hosildorligi past bo‘lgan 7 ming 200 gektar yerni paxta va g‘alladan bo‘shatdik. 2018-2020-yillarda yana 15 ming gektar maydon g‘alla va paxtadan bo‘shatiladi. Bu yerlarda bog‘lar barpo etiladi va yuqori daromadli ekinlar ekiladi.
Shu tariqa qishloq xo‘jaligining tarkibiy tuzilishi o‘zgaradi, u bilan bog‘liq qayta ishlash tarmoqlari, infratuzilmalar o‘zgaradi. Shu maqsadda kelgusi 2 yilda meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha 519 milliard so‘mlik 47 ta loyiha amalga oshiriladi.
Natijada viloyatda qo‘shimcha ravishda 6 ming 400 gektar yangi bog‘, 100 gektar issiqxona, 24 ming tonnalik sovutish kameralari barpo etiladi, meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 16 foizdan 31 foizga yetkaziladi.
Xabaringiz bor, biz yaqinda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari va tomorqa xo‘jaliklari bo‘yicha qaror qabul qildik.
Unga binoan ilgarigi Fermerlar kengashi Ko‘p tarmoqli fermer va tomorqa xo‘jaliklari kengashi sifatida qayta tashkil etildi, uning vazifalari ham, vakolatlari ham kengaytirildi. Endi bu tashkilot amaliy ishlar bilan o‘zini ko‘rsatadigan vaqt keldi.
Beshinchidan, chorvachilikni jadal rivojlantirish maqsadida naslli qoramollarni ko‘paytirish bo‘yicha 47 milliard so‘mlik 14 ta loyiha, parrandachilik bo‘yicha 186 milliard so‘mlik 22 ta loyiha amalga oshiriladi.
Shu tariqa viloyatda chorva mollari soni 1,4 barobar o‘sishiga erishiladi.
Samarqand tumanidagi kurkachilik korxonasida 40 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 300 ming bosh kurka boqiladigan xo‘jalik tashkil etiladi.
Sizlarga yaxshi ma’lum, yaqinda asalarichilikni rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qildik. Shu yo‘nalishda Samarqand viloyatida ham bir qator loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, terini qayta ishlash, undan poyabzal va boshqa mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha 38 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi.
Oltinchidan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 138 million dollarlik 43 ta yangi loyiha amalga oshiriladi va 2 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yaqinda Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifimiz davomida turkiyalik ishbilarmonlar bilan mazkur iqtisodiy zonada o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdik. Endi ana shu kelishuvlarni amalga oshirish uchun biz belimizni qattiq bog‘lab, yanada mas’uliyat bilan ishlashimiz kerak.
Biz Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Bulung‘ur, Narpay va Pastdarg‘om tumanlarida bo‘sh turgan va to‘liq foydalanilmay yotgan sanoat obyektlari negizida 6 ta kichik sanoat zonasi tashkil etishni mo‘ljallayapmiz.
Yettinchidan, yuqorida tilga olingan yirik loyihalardan tashqari, umumiy qiymati 340 milliard so‘mlik 1 ming 700 taga yaqin kichik loyihalar ham amalga oshiriladi va 7 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Iqtisodiyot vazirligi (S.Bekenov), Markaziy bank, Samarqand viloyati hokimligi (T.Jo‘rayev) tegishli vazirlik va kompaniyalar bilan birgalikda, 20 kun muddatda Samarqand viloyatida 2018-2019-yillarda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalari bo‘yicha dastur ishlab chiqishi kerak. Unda obyektlarni ishga tushirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari, loyiha tashabbuskorlari va investorlar aniq belgilab qo‘yilishi lozim.
Hisob palatasi (M.Ikramov) har bir loyiha qanchalik asoslangani, uning moliyaviy manbalari kafolatlanganmi-yo‘qmi, bularning barchasini o‘rganib, o‘z xulosasini berishi kerak.
Hurmatli do‘stlar!
Samarqandning ulkan turizm salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu borada viloyatda qanday katta salohiyat borligi haqida sizlarning oldingizda ortiqcha gapirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Turizm haqida gapirganda, bir masalaga alohida e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Ayrim mamlakatlarda xorijiy sayyohlar e’tiborini tortishga qaratilgan turistik brendlar yaratish uchun uzoq yillar va katta mablag‘ sarflash talab etiladi. Ya’ni, ular ko‘pincha yo‘qdan bor qiladi.
Holbuki, Samarqand shahri uchun butun olamga mashhur brendlarni bundan necha asrlar oldin ulug‘ ajdodlarimiz yaratib ketganlar.
O‘zingiz o‘ylang, Samarqand shahri, Imom Buxoriy, Amir Temur, Ulug‘bek rasadxonasi, Hazrati Doniyol, Registon, Shohi Zinda ansambli degan nomlarning o‘zi, ta’bir joiz bo‘lsa, jahon miqyosidagi mashhur brendlar emasmi?
Gap mana shunday beqiyos obidalarimiz, go‘zal tabiatimiz, saxovatli zaminimiz imkoniyatlaridan oqilona foydalanishda. Ularni dunyoga namoyish qilib, jozibadorligini oshirishda. Buning uchun zamonaviy bilim va malaka, turizm sohasining barcha sirlarini ipidan ignasigacha chuqur bilish, tinimsiz ishlash, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lish kerak.
Biz bu boradagi ishlarimizni yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2019-yillarda Samarqandning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha alohida dastur qabul qildik.
Dasturga muvofiq Samarqand shahrida sayyohlar uchun maxsus “Samarqand Siti” turizm hududini barpo etish belgilandi. Yangi mehmonxonalar qurish, transport xizmatini yaxshilash, shaharni obodonlashtirish, yangi turizm xizmatlarini joriy etish va soha uchun kadrlar tayyorlash ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Bu borada biz yangi, zamonaviy yondashuvlar asosida ish olib boryapmiz. Ya’ni, «Xavfsiz turizm» konsepsiyasi ishlab chiqilib, u barcha hududlarda, jumladan, Samarqand shahrida ham keng joriy etiladi. Shu tariqa xorijiy va ichki sayyohlar xavfsizligini to‘liq ta’minlashga erishamiz.
Bu yo‘nalishda boshlagan tizimli ishlarimiz natijasida hozirning o‘zidayoq ijobiy o‘zgarishlar sezilmoqda.
Buni 2017-yilda Samarqand viloyatiga 1 million 100 mingdan ziyod, jumladan, 150 mingta xorijiy va 950 mingta mahalliy sayyohlarning kelishi misolida ham ko‘rish mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sayyohlar Samarqand viloyatida turli xizmatlar va tovarlar uchun jami 480 milliard so‘m sarflagan.
Vaholanki, viloyatdagi barcha fermerlarning yil davomida og‘ir mehnat qilib yetishtirgan paxtasi hisobidan olgan foydasi atigi 52 milliard so‘mni tashkil etadi.
Ana shu ikkita raqam misolida ham o‘zingiz yaqqol ko‘rib turibsizki, ilgari e’tibordan chetda bo‘lgan turizm – butun xalqimiz yil o‘n ikki oy ovora bo‘ladigan paxtachilikka nisbatan bir necha barobar ko‘p daromad keltiradi.
Biroq, paxtachilikni kengaytirishning umuman iloji yo‘q bo‘lgani holda, Samarqandning salohiyatini inobatga olsak, turizmni rivojlantirish imkoniyatlari cheksizdir.
Shu sababli Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov), viloyat hokimining turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari (M.Vosiyev) Dasturda belgilangan barcha chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlashi hamda 2018-yilda Samarqandga keladigan sayyohlar sonini 2,5 millionga, tushumlarni esa 1 trillion so‘mga yetkazish choralarini ko‘rishi kerak.
Shuningdek, viloyatda turizmni rivojlantirish bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha choralarni ko‘rish zarur.
Birinchidan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” (U.Rozuqulov), Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov):
bir oy muddatda mamlakatimizdagi barcha shaharlar, jumladan, Samarqand shahri aeroportida xizmat madaniyatini oshirish, barcha rasmiyatchilik tartiblarini sayyohlar uchun tez va qulay sharoitda amalga oshirish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rishi kerak;
ikki oy muddatda yurtimizdagi xalqaro aeroportlarda sayyohlar uchun tegishli hududning turistik salohiyati, jumladan, turistik yo‘nalishlar, mehmonxonalar, ko‘ngilochar maskanlar, transport va boshqa xizmatlar haqida xorijiy tillarda ma’lumotlar beradigan turizm axborot markazlarini tashkil etish lozim.
Ikkinchidan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (A.Abduhakimov) Samarqand viloyati hokimligi, tegishli vazirliklar bilan birgalikda, bir oy muddatda xorijiy sayyohlarga xalqimizning tarixi va turmush tarzi bilan tanishish imkonini beradigan maskanlar barpo etish, xizmat sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etishi zarur. Jumladan, Samarqand shahrida Amir Temur bog‘ini barpo etish, bu yerda sayyohlar o‘zini xuddi temuriylar davriga tushib qolgandek his qiladigan tarixiy-etnografik muhit yaratishni nazarda tutish kerak.
Shuningdek, xorijiy sayyohlar uchun qiziqarli bo‘lgan an’analarimiz, xususan, milliy taomlar, hunarmandlik va boy tariximizni ta’sirchan usullarda ko‘rsatadigan etnik-animatsion markazlar tashkil etish lozim.
Uchinchidan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita (O.Yusupov) O‘zbekiston musulmonlari idorasi (U.Alimov) bilan birgalikda mamlakatimizdan haj va umra ziyoratlariga boradigan fuqarolar uchun aniq reja asosida dastlab Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilishni tashkil etishi kerak. Ular muborak safarlarga nafaqat oddiy ziyoratchi, ayni paytda buyuk ajdodlarimiz merosini, elimiz, yurtimizni targ‘ib etadigan insonlar sifatida borsalar, nur ustiga nur bo‘lardi.
Biz, mana, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etmoqdamiz. Bu loyihaga butun islom dunyosida qiziqish katta. Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining sessiyasida ham shu haqda gapirdik.
Albatta, bunday markazni barpo etishdan maqsad faqat turistlar sonini ko‘paytirish, iqtisodiy foyda olish emas. Bizning maqsadimiz – Qur’oni karimdan keyin eng mo‘tabar manba bo‘lgan eng ishonchli hadislar to‘plamini yaratgan Imom Buxoriy bobomizning qutlug‘ merosi bilan xalqimiz, avvalo yoshlarimizni tanishtirish, ularning qalbida milliy g‘urur, faxru iftixor uyg‘otishdan iborat.
Mana, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini bunyod etyapmiz. Toki, bolalarimiz boshini baland ko‘tarib, men mana shunday ulug‘ insonlarning avlodiman, deb yashaydigan bo‘lsin, ularga munosib bo‘lib voyaga yetsin.
Islom dini – bu terrorchilik va ekstremizm dini emas, aksincha, ezgulik, olijanoblik, bag‘rikenglik dini ekanini aynan mana shunday bobolarimiz merosini o‘qib-o‘rganib anglab yetsin. Haqiqiy ma’rifat bilan jaholat dunyosini yoritish – mana, bizning maqsadimiz.
To‘rtinchidan, Xorazm viloyati tajribasidan kelib chiqqan holda, biz ichki turizmning yangi yo‘nalishini joriy etmoqchimiz. Unga ko‘ra, mamlakatimizdagi yirik xo‘jalik birlashmalari, byudjet tashkilotlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari xodimlarining Samarqand viloyatiga sayohat qilishini tizimli tarzda tashkil etish lozim.
Hurmatli sessiya ishtirokchilari!
Inson manfaatlari haqida gapirganda, biz doimo aholi deyarli har kuni murojaat qiladigan eng muhim sohalar – sog‘liqni saqlash, ta’lim-tarbiya, huquq-tartibot tizimlarida vaziyatni yaxshilash haqida gapiramiz.
Men o‘zimning Prezident sifatidagi faoliyatimda shu sohalarga alohida e’tibor berayotganim bejiz emas. Chunki ana shu sohalarda adolat bo‘lsa, boshqa sohalarda ham adolat bo‘ladi.
Agar ushbu tizimlarda tartib-intizom, insonga e’tibor bo‘lmasa, o‘zingiz ayting, boshqa sohalardan nimani kutish mumkin? Insonni – inson, jamiyatni – jamiyat qiladigan ayni shu sohalar, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysiz.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Samarqand viloyatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, qishloq joylarda 43 ta oilaviy poliklinika, shahar va tumanlarda 47 ta ixtisoslashtirilgan bo‘lim tashkil etilib, aholiga yashash joyining o‘zida ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani – katta yangilik, ishimizdagi katta siljishdir, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Joriy yilda shifokorlar yetishmaydigan tuman tibbiyot birlashmalariga 284 ta umumiy amaliyot vrachi va 90 ta aniq ixtisoslik vrachi ishga qabul qilindi.
Mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun yangilik bo‘lgan patronaj hamshiralari soni 33 foizga ko‘payib, aholini patronaj tizimi bilan qamrab olish kengaydi.
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari xodimlari viloyatga yuborilib, ular tomonidan 6 ming 200 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 90 ta yoki o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘p yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirildi.
Tez tibbiy yordam shoxobchalari qo‘shimcha 100 ta avtomobil bilan ta’minlandi, ularning dori vositalari bilan ta’minlanishi o‘rtacha 2-3 barobar oshirildi.
Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin.
Lekin bu ishlar hali faqat birinchi qadamlar, xolos. Bu masalada bizni faqat raqamlar emas, balki odamlar hayotidagi o‘zgarish, sifat o‘zgarishi qiziqtiradi. Shu ma’noda, ochiq aytaman, viloyatda bu sohada kamchiliklar ko‘p.
Misol uchun, joriy yilning 9 oyi davomida go‘daklar o‘limi o‘tgan yilga nisbatan 17 taga oshib, 435 tani tashkil etgan. Onalar o‘limi ham 16 foizga ko‘paygan.
Viloyatda onkologik kasalliklar bilan hisobga olingan bemorlarning 62 foizi kasallikning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida, ya’ni, juda kech aniqlangan. Shifokorlar tomonidan profilaktika ko‘riklariga va onkologik kasalliklardan ogohlantirishga yetarli e’tibor qaratilmagani, beparvolikka yo‘l qo‘yilayotgani bunday holatlarga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Viloyatda bugungi kunda 681 ta vrachlik o‘rni bo‘sh turibdi. Ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalarida 384 ta shifokor o‘rni bo‘sh.
Bu muammoni hal qilish uchun Samarqand tibbiyot institutiga va boshqa tibbiyot institutlariga qo‘shimcha o‘rinlar ajratilgan bo‘lsa-da, vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmayapti.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Shodmonov), Samarqand viloyati hokimligi bilan birga, bir oy muddatda viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi mavjud muammolarni hal etish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, amalga oshirsin.
Shuningdek, 2018-yilda Kattaqo‘rg‘on shahri, Payariq, Urgut va Paxtachi tumanlarining tibbiyot birlashmalari qoshida tug‘ruq bo‘limlarini tashkil etish, shuningdek, Samarqand tibbiyot institutining tug‘ruq bo‘limida tumanlararo perinatal markaz tashkil etish choralarini ko‘rish lozim.
Viloyatda yoshlarning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ham birmuncha ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda gapirganda, joriy yilda yosh oilalar uchun 64 ta kvartira qurib bitkazilib, o‘z egalarga topshirilganini ta’kidlash lozim.
Tarixga nazar tashlasak ham, bugungi kunga qarasak ham Samarqand zaminidan ko‘p sohalar bo‘yicha qanday buyuk, iste’dodli insonlar yetishib chiqqani va chiqayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Samarqand yoshlarining ilm-fan, madaniyat va san’at, ayniqsa, sport sohalarida erishayotgan yutuqlari meni juda quvontiradi.
Joriy yilda yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan Jahongir Vohidov, muay-tay bo‘yicha jahon chepionatida birinchi o‘rinni egallagan Bobur Tojiyev, matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada oltin medalni ko‘lga kiritgan Jahongir To‘rayev kabi farzandlarimiz bugun barcha tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqdalar.
Biz ularning timsolida yoshlarimizning kamol topishi yo‘lida qilayotgan ishlarimizning samarasi va natijasini ko‘rib, albatta xursand bo‘lamiz.
Ayni vaqtda bugungi murakkab va tahlikali dunyoda yoshlar tarbiyasi biz uchun eng muhim va dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganini ota-ona, ustoz-murabbiy sifatida hammamiz yaxshi tushunamiz.
Shuning uchun ham yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ta’lim-tarbiya masalasida xato qilishga hech qanday haqqimiz yo‘q. Bu masalada xato qilsak, bolalarimiz, farzandlarimizga, Vatanimizga xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Shu ma’noda, yoshlar tarbiyasi, ularning hayotiy ehtiyoj va talablarini ta’minlash borasida viloyatda muammo va kamchiliklar borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Misol uchun, Samarqand shahridagi axborot-resurs markazi bugungi kun talabiga javob bermaydi. Kattaqo‘rg‘on, Payariq va Tayloq tumanlarida yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan.
Viloyatda 488 nafar voyaga yetmaganlar, jumladan, 138 nafar qiz bola ichki ishlar idoralarida hisobda turishi barchamizni tashvishga solishi zarur.
Shuning uchun viloyat hokimligi (T.Jo‘rayev), Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda, birinchidan, Samarqand shahridagi axborot-resurs markazi faoliyatini tubdan yaxshilash hamda uni zamonaviy ilmiy-ommabop va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim.
Ikkinchidan, Iqtisodiyot, Moliya va Madaniyat vazirliklari bilan birgalikda Kattaqo‘rg‘on, Payariq va Tayloq tumanlarida 2018-yilda zamonaviy kinoteatr va madaniy xordiq chiqarish maskanlarini barpo etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish kerak.
Uchinchidan, shahar va tumanlardagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlari, musiqa va sport maktablariga yoshlarni jalb etish yuzasidan 20 kun muddatda aniq chora-tadbirlar belgilash lozim.
Biz bu yil ta’lim tizimida katta o‘zgarishlarni amalga oshirganimiz, jumladan, Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etganimizdan barchangiz xabardorsiz.
Bugun hayotning o‘zi shuni ko‘rsatmoqdaki, bolani maktabgacha ta’lim tizimida tarbiyalamasdan turib, jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom yoshlarni voyaga yetkazib bo‘lmaydi.
Shu sababli, jajji farzandlarimiz ongiga bolalik yillaridan yetuk shaxsga xos ko‘nikma va fazilatlarni singdirish maqsadida biz kelgusi 3-4 yilda yurtimizdagi barcha bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga yuz foiz qamrab olish vazifasini o‘z oldimizga qo‘yganmiz va uni albatta amalga oshiramiz.
Samarqand viloyatida bugungi kunda 3-7 yoshdagi bolalar 272 ming nafarni tashkil etishi, ularning atigi 74 ming nafari yoki 27 foizi bog‘chaga qatnashini hisobga oladigan bo‘lsak, bu masala Samarqand uchun ham qanday dolzarb ekani ayon bo‘ladi.
Lekin, afsuski, shuncha bola bog‘chaga qamrab olinmaganiga qaramasdan, viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarida turli sabablarga ko‘ra 11 mingta o‘rin bo‘sh turganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.
Hozirgi kunda Tayloq, Qo‘shrabot, Samarqand, Oqdaryo tumanlarida va Samarqand shahrida bog‘chalarning quvvati yetishmaydi.
Tizimdagi mumammolardan biri – bu kadrlar salohiyatining pastligi va ularning yetishmasligi bilan bog‘liq. Bugungi kunda tizimdagi 3 ming 500 nafar tarbiyachining atigi 5 foizi oliy ma’lumotli, shundan 2 foizi mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat yuritmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda 5-6 yoshdagi bolalar uchun 3 mingdan ziyod tarbiyachi talab etilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Pastdarg‘om, Paxtachi, Qo‘shrabot va Urgut tumanlarida 118 ta maktabgacha ta’lim muassasasi moddiy-texnik jihatdan talabga mutlaqo javob bermaydi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (I.Majidov), Maktabgacha ta’lim vazirligi (A.Shin), Samarqand viloyati hokimligi (T.Jo‘rayev) bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan muammolar bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda, puxta va chuqur o‘ylangan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishi zarur.
Hurmatli yurtdoshlar!
Kommunal xizmatlar, elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlarini sifatli yakuniga yetkazish masalasi ham aholi manfaatlari bilan bevosita bog‘liq ekani hech kimga sir emas.
Viloyatda uy-joylar va ijtimoiy soha obyektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Biroq, joylarda aholining qo‘shimcha talabiga asosan va maxsus tashkil etilgan ishchi guruhining o‘rganishi natijasida aniqlangan kamchiliklar hal qilinmaganini afsus bilan aytishga to‘g‘ri keladi. Xususan, viloyatda 129 ta uyning tom qismi, 35 ta uyning yerto‘lasi, 41 ta kirish yo‘laklari ta’mirlanmagan. Shuningdek, shirkatlarga ajratilishi zarur bo‘lgan 26 milliard 400 million so‘mlik kredit mablag‘laridan 7 milliard 100 million so‘mi ajratilmagan.
Aholi uchun 30 ming tonna ko‘mir va 20 ming tonna briket, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalariga 5 ming tonnadan ziyod briket mahsulotlari yetkazib berilmagan.
Viloyat bo‘yicha 432 kilometr elektr tarmoqlari rekonstruksiya qilinmagan va yangidan qurilmagan, 25 ta transformator punkti rekonstruksiya qilinmagan.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (M.Saliyev), “O‘zbekenergo” (U.Mustafoyev) viloyat hokimligi bilan birgalikda aytib o‘tilgan barcha kamchiliklarni 15 kun muddatda hal qilishi zarur.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Samarqand viloyatida huquqni muhofaza qilish organlari faoliyati qoniqarli emasligi shu yil 17- avgustda o‘tkazilgan videoselektorda tanqid qilingan edi.
Ana shundan so‘ng ko‘rilgan choralar natijasida viloyat bo‘yicha jinoyatlarning umumiy soni o‘tgan yilga nisbatan 82 taga kamaygan.
Biroq, shunga qaramasdan, viloyatda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi ishlar bugungi kun talablariga javob bermaydi.
Og‘ir jinoyatlar 193 taga ko‘paygan. Ayniqsa, qotillik 9 taga, talonchilik 16 taga, firibgarlik 37 taga, o‘g‘rilik 62 taga ko‘paygani hammamizni tashvishlantirishi kerak.
Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura (M.Azimov) bilan birgalikda, ikki hafta muddatda Samarqand viloyatida har bir jinoyat turini, birinchi navbatda soni oshgan jinoyat turlarini tahlil qilib, ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqib, amalga oshirsin.
Yana bir muhim masala – Paxtachi tumanidagi vaziyatga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bu tumanda oxirgi uch yilda qimmatbaho metallarni noqonuniy ravishda qazish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari yuqoriligicha qolmoqda.
Shu davrda 12 ta jinoyat, 123 ta huquqbuzarlik sodir etilib, 263 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.
Eng achinarlisi, bunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda – qancha odamni tuproq bosib qolib, halok bo‘lmoqda.
Bu masalaga jiddiy yondashish vaqti keldi. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur muammoni va bu borada jahon tajribasini o‘rganib chiqib, uni yechish, zarur bo‘lsa, artel tuzish bo‘yicha taklif kiritsin.
Ikkinchidan, profilaktika inspektorlari, mahalla vakillari, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotgani ham jinoyatlarning oldini olish samarasini pasaytirmoqda.
Profilaktika inspektorlari uchun uy-joy sharoiti, ularni xizmat xonalari va avtomashinalar bilan ta’minlash masalalarini hal qilib bermoqdamiz. Lekin endi natijani so‘raydigan vaqt keldi. Qani natija? Afsuski, Samarqand viloyatida bu savolga ijobiy javob yo‘q.
Mana, bitta misol. Samarqand shahridagi 33 ta mahallada sodir etilgan jinoyatlarning kamida yarmi muhokama etilmagan. Aksariyat mahallalarda muhokamalar nomiga, faqat hisobot uchun tashkil etilgan. Bu borada mahalla raislari, profilaktika inspektorlari qayoqqa qarayapti, degan savol tug‘iladi. Qo‘pol bo‘lsayam aytish kerak, hammasi uxlab o‘tiribdi. Yoki o‘zi bilan o‘zi ovora.
Ayollar tomonidan sodir etilgan 436 ta jinoyatning aksariyati oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqan.
Ayollar tomonidan o‘z joniga qasd qilish darajasi yuqoriligicha qolmoqda, ya’ni, 145 tani tashkil etmoqda.
Xotin-qizlar qo‘mitasining mas’ul rahbarlari bu raqamlarni qanday izohlaydi?
Mahalla vakillari, profilaktika inspektorlari o‘z hududlarida uyma-uy yurdik, oilalardagi ahvolni o‘rgandik, deb hisobot berishadi-yu, lekin haqiqiy vaziyatdan ularning mutlaqo xabari yo‘qligi tahlillar jarayonida yaqqol ayon bo‘lmoqda.
Ogohlantirib aytmoqchiman: bunday soxta hisobotlar bilan ishlaydiganlar qonun bo‘yicha tegishli jazosini albatta oladi. Prezident siyosatini obro‘sizlantiradigan bunday ko‘zbo‘yamachiliklarga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi.
“Mahalla” jamg‘armasi (Sh.Javlonov), “Nuroniy” jamg‘armasi (Sh.Jalilov), Xotin-qizlar qo‘mitasi (T.Narbayeva), Ichki ishlar vazirligi va Yoshlar ittifoqi bilan birgalikda, bir oy muddatda hududlardagi oilaviy janjallar, qo‘shnilar o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolarning tub sabablarini aniqlab, ularning yechimini topib, taraflarni yarashtirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin.
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholi bilan samarali muloqot o‘rnatish, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda ichki ishlar organlari idoralarining o‘ta markazlashgan holda joylashuvi ularning o‘z vazifalarini samarali hal qilish imkonini bermayapti.
Bu, bir tomondan, jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligi pasayishiga olib kelayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, aholiga o‘z muammosini hal qilishda noqulaylik tug‘dirmoqda.
Biz ichki ishlar organlari xodimlarini xalqqa yanada yaqinroq qilish maqsadida xodimlarning asosiy qismi bevosita joylarda, kerak bo‘lsa, har bir sektor hududida xizmat olib borishini ta’minlashimiz kerak.
Davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi (T.Jo‘rayev) bilan birgalikda, ikki hafta muddatda Samarqand shahri va Urgut tumani ichki ishlar organlari tuzilmasi hamda kuch va vositalarining taqsimlanishini tubdan qayta ko‘rib chiqib, tajriba tariqasida mavjud xizmatlarning faoliyatini joylarda maqsadli tashkil etish hamda uni samarali muvofiqlashtirishga doir takliflar kiritsin.
Uchinchidan, yuqorida qayd etilgan barcha kamchiliklar ichki ishlar organlarida kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, qayta tayyorlash bo‘yicha ishlarning qoniqarsizligi bilan bog‘liq.
Ichki ishlar organlari xodimlarining asosiy vazifasi jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olishdan iborat. Lekin ularning o‘zlari tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilsa, buni qanday izohlash mumkin?
Joriy yilning o‘tgan davrida 42 nafar ichki ishlar xodimi tomonidan 25 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 10tasi mansabni suiiste’mol qilish, 7 tasi pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgan. Bunday ichki ishlar xodimlarining 9 nafari viloyat miqyosidagi xodimlar ekani ayniqsa achinarlidir.
Viloyatda har yili ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘rtacha 40 taga yaqin jinoyat sodir etilmoqda. Bu ko‘rsatkich yuqori darajada qolayotgani va bu yo‘nalishdagi profilaktik tadbirlarning samarasizligi bizni jiddiy tashvishlantirmoqda.
Tabiiy bir savol tug‘iladi: Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i F.Quvondiqov bunday holatni qanday izohlaydi? Yoki u uzoq muddat bu lavozimda ishlab charchab qoldimi? Agar charchamagan bo‘lsa, ishida natija bo‘lishi kerak. Natija esa yo‘q. Buyam haqiqat.
Bunday noxush holatga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati alohida, takror aytaman, alohida e’tibor qaratishi shart.
Ichki ishlar xodimi xalqimizga namuna, o‘rnak ko‘rsatadigan, kerak bo‘lsa, el-yurt uchun fidoyi inson bo‘lishi kerak. Chunki ichki ishlar xodimiga ishonib, xalqimiz kechasi uyida tinch uxlaydi, kunduzi ish joyida samarali mehnat qiladi.
Bundan buyon ichki ishlar tizimida kadrlar bilan ishlash, ularning malakasi va mas’uliyatini oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratilib, bu masala qat’iy nazoratga olinishi zarur.
Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov bir hafta muddatda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi faoliyatini har tomonlama tanqidiy ko‘rib chiqsin.
Viloyat rahbarlarining ushbu sohada amalga oshirgan ishlari bo‘yicha hisobotlarini tinglashni tashkil etsin. Boshqarma boshlig‘i F.Quvondiqov egallab turgan lavozimiga loyiqmi yoki loyiq emasmi – shu masala bo‘yicha taklif kiritsin.
Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda, bir hafta muddatdaichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning kelib chiqishiga chek qo‘yish va shaxsiy tarkib o‘rtasida ma’naviy-ruhiy muhitni sog‘lomlashtirib, tartib-intizomni mustahkamlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rsin.
Muhtaram deputatlar!
Bugun biz Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ayrim natijalarni qisqacha tahlil qilib, bu boradagi eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tdik, xolos.
Afsuski, viloyat sobiq rahbarining mavjud imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilishga qurbi yetmadi, viloyat ahlini jipslashtirish va unga boshchilik qilishni eplamadi, o‘zini mas’uliyatli ishlardan chetga oldi. Shu sababli joriy yil iyun oyida H.Oqbo‘tayevni vazifasidan ozod qilib, Turobjon Jo‘rayevni viloyatga vaqtincha rahbar etib tayinladik va uni yana bir bor sinovdan o‘tkazdik.
Shu munosabat bilan bugungi sessiyada tashkiliy masala, ya’ni, Samarqand viloyatiga yangi hokim tayinlash masalasini ko‘rib chiqishimiz kerak.
Biz xalq deputatlari viloyat Kengashidagi siyosiy partiyalar guruhlari bilan, viloyat faollari va oqsoqollari bilan atroflicha maslahatlashdik.
Shu asosda men katta tajribaga ega bo‘lgan, bir necha yillar davomida vazir, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida hokim bo‘lib ishlagan, bugungi kunda Samarqand viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Turobjon Ikromovich Jo‘rayev nomzodini viloyat hokimi lavozimigatavsiya etaman.
T.Jo‘rayev 1966-yilda tug‘ilgan. O‘z faoliyati davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida dars bergan, Moliya vazirligida boshqarma boshlig‘i, vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Keyin xalq ta’limi vaziri, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
2017-yilda Bekobod tumani hokimi, iyun oyidan buyon esa Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
Turobjon Jo‘rayev iqtisodchi olim, katta amaliy tajribaga ega rahbar sifatida o‘tgan 5 oy mobaynida Samarqand viloyatining iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasining ichiga kirib bora oldi, odamlar bilan yaqindan muloqot qilib, ularning ishonchini qozondi.
U bundan buyon ham zimmasidagi ulkan mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his qilgan holda, Samarqand ahli bilan til topishib, bu ko‘pni ko‘rgan, mard va olijanob elga munosib bo‘lib ish olib boradi, deb ishonaman.
Aziz va muhtaram do‘stlar!
Bugungi shiddatli zamon bir-biridan o‘tkir va murakkab vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda. O‘ylaymanki, o‘zining necha ming yillik tarixida ko‘p sinov va mashaqqatlarni mardona yengib o‘tgan, donishmand Samarqand ahli bu haqiqatni yaxshi tushunadi.
Shuning uchun ham biz bugungi mas’uliyatli davrda o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsad va marralarga yetishda butun xalqimiz qatori Samarqand ahlining aql-zakovati, ulkan ish va hayot tajribasiga tayanamiz.
Ishonchim komil, azmu shijoatli, mehnatkash Samarqand eli viloyatning yangi rahbari atrofida birlashib, Samarqand zaminini yanada ravnaq toptirish yo‘lida ijobiy natijalarga albatta erishadi.
Shu yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.