07.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-noyabrdagi PQ-3377-son qarori
Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksport qilinadigan yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarning (keyingi o‘rinlarda meva-sabzavot mahsulotlari deb yuritiladi) hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish maqsadida:
1. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Savdo-sanoat palatasining quyidagilar to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin:
a) xo‘jalik yurituvchi subyektlarga eksport kontrakti (shartnomasi) tuzmasdan quyidagi shartlarga rioya qilgan holda invoys asosida meva-sabzavot mahsulotlarining eksportini amalga oshirish huquqini berish:
yetkazib berish summasi eksport bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish kunida 20 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmasligi;
O‘zbekiston Respublikasining vakolatli tijorat banklaridagi hisobvaraqlarga O‘zbekiston Respublikasi norezidentlaridan xorijiy valyutada, shu jumladan bank o‘tkazmalari, xalqaro bank kartalari orqali to‘lovlar, shuningdek, tijorat banklarining ayirboshlash shoxobchalarida sotib olingan milliy valyutadagi naqd pul mablag‘larini kiritish shaklida 100 foizlik oldindan to‘lov olish;
Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga eksportga yetkazib berish haqidagi ma’lumotlarni kiritish;
b) eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining faktura qiymatiga ularni saqlashda, tashishda va sotishda qonun hujjatlarida belgilangan tabiiy yo‘qotish normativlari doirasida tuzatishlar kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda o‘n kun muddatda eksport qilingan meva-sabzavot mahsulotlarining tabiiy yo‘qotish normativlari va ularning faktura qiymatiga tuzatishlar kiritish tartibini belgilaydigan Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yil 15-noyabrdan boshlab:
yuridik shaxslar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari keyinchalik eksport qilish uchun jismoniy shaxslardan sotib olinganda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar jismoniy shaxslar tomonidan sotilgan mahsulotlar ularga yoki ularning oila a’zolariga ajratilgan yer uchastkalarida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilmasdan qo‘llaniladi;
eksport qiluvchida oldingi eksportga yetkazib berish bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik mavjud bo‘lganda, tovarlarni chiqarish faqat muddati o‘tgan debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan chet el xaridoriga ruxsat etilmaydi;
meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga yuk bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish ko‘rik hujjati tuzilganidan keyin 3 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy bank, Davlat soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “O‘zbekoziqovqatxolding” XK bilan birgalikda 2017-yil 15-noyabrga qadar muddatda mazkur qarorning 1-bandi talablarini hisobga olgan holda Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimini takomillashtirilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlari savdosi va eksporti sohasidagi xalqaro shartnomalarini inventarizatsiyadan o‘tkazishni;
amaldagi import bojxona bojlari, aksiz solig‘i va yig‘imlar stavkalarini, shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, tashish hamda meva-sabzavot mahsulotlarining potensial import qiluvchi xorijiy mamlakatlarda sotishda sanitariya norma va qoidalarini tanqidiy o‘rganishni ta’minlasin.
5. Tashqi savdo vazirligi inventarizatsiya va tanqidiy o‘rganish yakunlari bo‘yicha 2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining meva-sabzavot mahsulotlarining savdosi va eksporti sohasida yangi xalqaro shartnomalar tuzish hamda amaldagilariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni;
amaldagi normativ hujjatlar, sanitariya norma va qoidalari, fitosanitariya talablarini xalqaro standartlar, shuningdek, mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarining potensial import qiluvchi xorijiy mamlakatlar talablarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. “O‘zstandart” agentligi:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda yigirma kun muddatda respublikada xalqaro standartlarni, shu jumladan “ISO 22000”, “Halol” standartlarini joriy etish va keyinchalik qo‘llash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasida berilgan muvofiqlik sertifikatlarini mahalliy meva-sabzavot mahsulotlarini asosiy iste’mol qiluvchi davlatlarda, shu jumladan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama bitimlarni tuzish, shuningdek, laboratoriyalarni modernizatsiya qilish orqali tan olinishini ta’minlash choralarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda eksport qiluvchi tomonidan zarur hujjatlar taqdim qilingan vaqtdan ko‘pi bilan bir ish kuni davomida meva-sabzavot hamda tez buziladigan mahsulotlarning eksporti uchun sertifikatlar berishni ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va “O‘zbekoziqovqatxolding” XK:
meva-sabzavot mahsulotlarini eksportga yetkazib berishning asosiy nomenklaturasi bo‘yicha tashqi bozorlarning joriy va istiqboldagi kon’yunkturalarini doimiy asosda chuqur o‘rganishni;
meva-sabzavot mahsulotlari eksportining yangi istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda turi va naviga bog‘liq holda mahalliy meva-sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniqlash hisobiga ularning nomenklaturasini kengaytirishni ta’minlasin.
9. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda haqiqiy ehtiyoj hamda meva-sabzavot mahsulotlarini tashish yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish asosida Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlash, saqlash va tashish bo‘yicha logistika markazlarini tashkil etish dasturini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, loyihalarning aniq ro‘yxati belgilansin, markazlarni optimal va oqilona joylashtirish, ularni tashkil etish muddatlari, xalqaro va xorijiy moliya institutlarining mablag‘lari bilan birga chet el investitsiyalarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilsin.
10. Bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda ishchi guruh deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
Ishchi guruh 2018-yil 1 fevralga qadar muddatda bojxona tartib-taomillari va eksport-import operatsiyalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Tijorat banklariga meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tayyorlov tashkilotlarining depozit hisobvaraqlaridan ularning buyurtmalari bo‘yicha meva-sabzavot mahsulotlari sotib olish uchun naqd pul mablag‘lari berishni ta’minlash tavsiya etilsin.
12. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK import va eksport qiluvchilar uchun, shu jumladan mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ularning navi va narxlari, shuningdek, chet el xaridorlari tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini sotib olishga bo‘lgan talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona axborot portalini yuritishni ta’minlasin.
13. “O‘zbekoziqovqatxolding” XK O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘n kun muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Otajonov ikki kun muddatda mazkur qaror talablari bajarilishining borishi ustidan ta’sirchan nazorat qilish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportining tasdiqlangan parametrlariga erishishni tizimli monitoring qilish hamda aniqlangan muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal qilishni ta’minlash bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari va mutaxassislaridan maxsus guruhni shakllantirsin, zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilish uchun asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov, N.S.Otajonov va Z.T.Mirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi M.B.Nurmuratov, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK raisi T.A.Jalilov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev