26.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurdi.
Buyuk millat majlisi Turkiya Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organidir. Unga 1920-yil 23-aprelda asos solingan.
2015-yilda o‘tkazilgan parlament saylovi natijalariga ko‘ra Majlisda 4 partiya o‘z fraksiyasiga ega. Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili Ismoil Qahramon uning Spikeridir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisi Spikeri Ismoil Qahramon bilan uchrashdi.
25-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan oliy darajada muzokaralarda parlamentlararo hamkorlikni tashriflar almashinuvi va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish orqali qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etilgan edi. Muloqotda mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Prezidentimiz Buyuk millat majlisi binosi va faoliyati bilan tanishdi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz Istanbul shahriga jo‘nab ketdi.