18.10.2017
Muhtaram xalqaro konferensiya qatnashchilari!
Hurmatli mehmonlar!
Sizlarni tabarruk O‘zbekiston zaminida qutlash va o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat xursandman.
Bugungi anjuman Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, muhtaram Ilhom Geydarovich Aliyevning 2017-yilni Ozarbayjonda Islom birdamligi yili, deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusiga hamohang ekani bilan e’tiborga sazovordir.
Shu munosabat bilan biz O‘zbekistonda do‘st Ozarbayjon Prezidentining tashabbusini yuksak baholashimizni ta’kidlashni istardim.
Ma’lumki, bizning Vatanimiz ming yillar davomida turli sivilizatsiyalar muloqotga kirishgan va bir-birini to‘ldirgan Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan. Bu zaminda turli madaniyat va din vakillari tinch-totuv va hamjihatlikda yashagan. Musulmon dunyosi taraqqiyotida ulkan rol o‘ynagan xalqimiz mentalitetining asosini tom ma’nodagi bag‘rikenglik, olijanoblik va ezgulik kabi fazilatlar tashkil etadi.
Movarounnahrning go‘zal va betakror shaharlari, avvalo, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva ko‘p asrlar davomida islom ilm-fani, madaniyati va butun musulmon sivilizatsiyasining markazlari sifatida shuhrat qozongan. Bu saxovatli zamindan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Mo‘’in Nasafiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi ko‘plab buyuk alloma va aziz-avliyolar yetishib chiqdi.
Insoniyat tarixidagi noyob hodisa bo‘lgan musulmon Renessansi ana shu buyuk ajdodlarimizning diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.
Mamlakatimizda bag‘rikenglik madaniyatini yuksaltirish, millatlar va konfessiyalararo o‘zaro bir-birini tushunish va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi va bunday yondashuv ijobiy natija bermoqda.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta konfessiya vakillari tinch-totuv, do‘st-inoq bo‘lib yashamoqda. Ularning to‘laqonli ma’naviy hayot kechirishi, o‘z an’ana va urf-odatlarini rivojlantirishi, milliy va diniy bayramlarini nishonlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston aholisining 94 foizi asosan sunniy mazhabga mansub musulmonlardir. Ularning orasida shia mazhabiga mansub yurtdoshlarimiz ham bor, lekin bu ikki mazhab vakillari o‘rtasida hech qachon nizo va ziddiyatlar yuzaga kelmagani e’tiborga molikdir. Bizning ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali jamiyatimizda hamkorlik, o‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlash bugungi kunda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
O‘ylaymanki, bu masala aynan bugungi kunda, dunyoning turli mintaqalarida keskinlik va radikalizm kuchayib, diniy ekstremizm va terrorizm tobora avj olib borayotgan hozirgi vaqtda ayniqsa muhim va dolzarb ahamiyatga ega.
Shu ma’noda, O‘zbekiston BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani chuqur mantiqiy asosga egadir. Zero, muqaddas dinimiz bag‘rikenglikka, ezgu amallar va baxtu saodatga olib boradigan yo‘l aynan ma’rifat ekanini alohida uqtiradi.
Islom dinining tinch-osoyishta hayotga, boshqa xalqlarga hurmat, mehr-oqibat ko‘rsatib yashashga da’vat etadigan asl insonparvarlik mohiyatini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib etishga O‘zbekistonda katta ahamiyat berilmoqda. Mamlakatimizda Toshkent islom universiteti, Toshkent islom instituti, Buxoro shahrida Mir Arab islom instituti, 9 ta madrasa faoliyat ko‘rsatmoqda, poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilmoqda.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi kunda butun dunyo, ayniqsa, islom hamjamiyati davrning tahlikali tahdidlari bilan yuzma-yuz turibdi. Islom dinini siyosiylashtirish va musulmon yoshlarni radikallashtirish borasidagi urinishlar bunday xatarlarni o‘ta jiddiy tahlil qilish, baholash va ularga munosib javob berishni taqozo etmoqda.
Dunyodagi ayrim doiralar islomga qarshi kayfiyatni kuchaytirgan holda, islom dinini terrorizm mafkurasi bilan bog‘lashga urinayotganini ming afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi. Bu omil islom olamini yanada jipslashishga chorlamoqda. Islom hamjihatligi jahondagi keskinlikni yumshatishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimizning mujassam manbai sifatida behad qadrlaymiz. Biz buyuk dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, hayotda asl insoniy fazilatlarni qaror toptirishga da’vat etadi.
Shu munosabat bilan, faqat barcha musulmon mamlakatlari bilan birgalikda eng muhim vazifani, ya’ni, ulug‘ ajdodlarimiz diniy-ma’naviy merosining ajralmas qismi bo‘lgan musulmon axloq-odob qoidalarini, jumladan, mo‘’tadillik, murosa qilish, tinchlik-xotirjamlik va bir-birini o‘zaro tushunib yashashga intilish kabi olijanob fazilatlarni asrab-avaylash va bugungi real vaziyatni hisobga olgan holda butun jahon hamjamiyatiga yetkazishdek g‘oyat muhim vazifani hal qilishimiz mumkin, deb ta’kidlash o‘rinlidir.
Qadrli do‘stlar!
"Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida" xalqaro konferensiyasi islom dinining asl qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, ularning ravnaq topishi va farovonlikka erishishdek ezgu maqsad yo‘lida xizmat qilishiga ishonaman.
Anjuman ishtirokchilariga mustahkam sog‘lik, tinchlik va omonlik hamda konferensiya ishining samarali bo‘lishini tilayman.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti