14.12.2016
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Qo‘shma majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ochdi. U yurtdoshlarimiz o‘zining yuksak siyosiy madaniyati, Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini namoyon etib, 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashganini ta’kidladi. Saylov jarayonini 5 xalqaro tashkilot va 46 davlatdan 600 ga yaqin kuzatuvchi kuzatib bordi. Bu O‘zbekiston Prezidenti saylovi demokratik talablarga to‘la mos tarzda, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar doirasida, ochiq va oshkora o‘tganining yorqin dalilidir.
Yuksak saviyada o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilar umumiy sonining 88,61 foiz ovozini olib g‘olib bo‘ldi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi zalda hozir bo‘lganlar va saylovchilar nomidan Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan samimiy tabrikladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 92-moddasiga muvofiq Prezident Shavkat Mirziyoyev qasamyod qildi: “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimi yakunlandi.
Tanaffusdan so‘ng Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov boshqardi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 98-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tavsiya etiladi. Shunga muvofiq Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Bosh vazir lavozimiga nomzod ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga mamlakatimiz Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etdi.
– Biz bu masala bo‘yicha juda ko‘p o‘ylab, tegishli maslahatlar qildik. O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashdik, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni e’tiborga olgan holda, men ushbu lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko‘p yillik boshqaruv tajribasiga ega bo‘lgan, 11-yil davomida Bosh vazirning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni A.Aripovning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Nomzodning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi.
Barchamiz yaxshi bilamiz, hozirgi paytda butun dunyoda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari davri, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu soha soat sayin shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozirgi kunimiz va kelajagimizni, bu soha rivojisiz tasavvur qilish mumkin emas.
Bugungi kunda mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimiga o‘tish borasida juda katta ishlar boshlangan va ularni bosqichma-bosqich mantiqiy davom ettirish muhim vazifa sifatida kun tartibida doimiy tarzda turadi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi qanchalik rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, butun mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda, keyingi ikki oy davomida Bosh vazirning elektron portaliga tushgan 270 mingdan ortiq murojaat, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan “Xalq qabulxonalari”ga bo‘ladigan murojaatlarning yechimi bo‘yicha ham aniq va tezkor ish tizimini yaratish talab etiladi. Bu ishlarga hukumat rahbarining shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lishi zarur, dedi Prezidentimiz.
Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo‘shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko‘p marotaba har tomonlama sinovdan o‘tkazganman.
Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo obyektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko‘rgan joyidagi masalani o‘zi mustaqil hal qiladi, agar o‘zi yecholmasa, aniq taklif beradi.
Davlatimiz rahbari A.Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga yetib, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta’kidladi.
A.Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta masalalarni hal etishda, ya’ni mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni yangi bosqichga ko‘tarish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali asosda tashkil etish, Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo‘lib ishlash salohiyatiga ega. U o‘ziga yuklatilgan har qanday topshiriqqa, katta yoki kichik demasdan, bir xil mas’uliyat bilan yondashadi, so‘zsiz bajarish va mantiqiy yakuniga yetkazish choralarini ko‘radi.
Yana bir olijanob xislati – halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo‘lishga intilishi, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatidir.
Siz, hurmatli deputat va senatorlardan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilayotgan Abdulla Nig‘matovich Aripov nomzodini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman, dedi davlatimiz rahbari.
A.Aripov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturi haqida nutq so‘zladi.
Majlisda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning ma’ruzasida bayon etilgan ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan A.Aripov nomzodini ma’qulladi. Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi yakunlandi.