02.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi F-5071-son farmoyishi
Insonparvarlik, shuningdek inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy prinsiplarning amalda ta’minlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlarning asosidir.
Qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganligini qat’iyatlik bilan namoyon qilgan shaxslarga jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkonining berilishi, o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi.
Mahkumlarni afv etish, ya’ni shaxsni jazodan ozod qilish yoki unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish yuqorida sanab o‘tilgan prinsip va an’analarning bir ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi.
Shu bilan birga, aholi bilan ochiq muloqot natijalari shundan dalolat bermoqdaki, sud amaliyotida jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib bo‘lishi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi va aybini yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olish yetarlicha to‘liq ta’minlanmayapti.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 274 ta jinoyat ishlari bo‘yicha ayblov qayta malakalanganligi, jinoyat ishlarining 50 tasi qonun o‘zgarishi, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi, 26 tasi qilmishda jinoyat tarkibi mavjud emasligi munosabati bilan tugatilganligi bu haqda guvohlik bermoqda.
Yuqorida bayon etilganlarni, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarning afv etish haqida iltimosnomalar bilan qilgan murojaatlarini inobatga olib, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan:
1. Jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya (keyingi o‘rinlarda - Maxsus komissiya) 1-ilovaga muvofiq tarkibda;
jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlar shaxsini va ularga oid materiallarni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda - ishchi guruhlar) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
2. Maxsus komissiya (I.B.Abdullayev):
jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlar (keyinchalik - mahkumlar) shaxsini va ularga oid materiallarni joylarda ishchi guruhlar tomonidan sinchikovlik bilan, shu jumladan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish yo‘li bilan o‘rganilishini tashkil qilsin;
amalga oshirilgan ishlar natijasi bo‘yicha 2017-yil 10-noyabrga kadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo‘yicha komissiyaga ko‘rib chiqish uchun tegishli takliflar va materiallarni, shu jumladan mahkumlarni afv etish haqidagi iltimosnomalarni taqdim etsin.
3. Ishchi guruhlar 2017-yil 30-oktabrga qadar:
a) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining muassasalariga borib, mahkumlarga oid shaxsiy jildlarni, materiallarni va ularning shaxsini sinchikovlik bilan, shu jumladan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali o‘rgansinlar va bunda quyidagilarga:
sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga, shu jumladan mahkumning jinoyat sodir etilishidagi ishtiroki darajasiga;
mahkumning qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymonligiga;
jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararning qoplanishiga, boshqa oqibatlarning bartaraf qilinishiga, shuningdek aybni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi boshqa holatlarning mavjudligiga;
sudlanganlik holatining mavjudligiga, shu jumladan sudlanganlikning tugallanganligi yoki olib tashlanganligiga;
mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarga, uning yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoliga (qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlar, mehnatga qobiliyatsiz er (xotin) va (yoki) keksa yoshdagi ota-onasi mavjudligiga);
jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosibligiga alohida e’tibor qaratsinlar;
b) amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Maxsus komissiyaga tegishli takliflar va materiallarni, shu jumladan mahkumlarni afv etish haqidagi iltimosnomalarni taqdim etsinlar.
4. Maxfiy.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo‘yicha komissiya (A.X.Shadmanov) 2017-yil 20-noyabrga qadar Maxsus komissiya tomonidan afv etish haqidagi iltimosnomalar bilan taqdim etilgan materiallarni ko‘rib chiqsin va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarni afv etish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
6. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev