02.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi PQ-3305-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 30-sentabrdagi PF – 5198-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash hamda maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish sharoitlarini yaratish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 47 nafardan iborat bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi va viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;
tumanlar (shaharlar) maktabgacha ta’lim bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;
Maktabgacha ta’lim muassasalari raxbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziriga, zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining markaziy apparati tuzilmasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi tuzilmalariga xodimlarning belgilab qo‘yilgan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari, tuman(shahar)lar maktabgacha ta’lim bo‘limlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
ushbu qarorni amalga oshirish xarajatlari uchun 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining “Ijtimoiy soha” uchun nazarda tutilgan parametrlari doirasida mablag‘lar ajratsin, 2018-yildan boshlab esa har yili zarur byudjet mablag‘lari ajratishni nazarda tutsin;
ushbu qarordan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2017-yil uchun tasdiqlangan xarajatlari smetasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasining har yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat byudjeti parametrlarini ishlab chiqishda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan taklif kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining markaziy apparatiga 4 ta, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining hududiy bo‘linmalariga 14 ta yengil xizmat avtotransport vositalarini saqlashga limit hamda ularning xaridi uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratsin;
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari moddiy-texnika bazasini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan jihozlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini xarid qilish hamda ularning ma’muriy binolarini ta’mirlash uchun Maktabgacha ta’lim vazirligiga mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatida zarur bo‘lgan aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalarini o‘rnatishni ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining markaziy apparati Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uyda joylashtirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi, viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamda tumanlar (shaharlar) maktabgacha ta’lim bo‘limlarini binolar yoki zarur bo‘lgan xonalar bilan ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi “Maktabgacha ta’lim metodikasi” jurnalini (keyingi o‘rinlarda – Jurnal deb ataladi) ta’sis etsin.
Maktabgacha ta’lim tizimiga joriy etilayotgan ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini atroflicha yoritib borish, sohaga doir qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar va davlat dasturlarini sharhlash va tushuntirish jurnalning asosiy vazifalari etib belgilansin.
Jurnal tahririyati faoliyatini moliyalashtirish jurnalni sotishdan tushadigan mablag‘lar, homiylik mablag‘lari, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘ va manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi ikki oy muddatda:
Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan ovqatlanish me’yorlarini rivojlangan mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqsin hamda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab yangilangan ovqatlanish me’yorlari va respublikaning barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida ushbu qaror ijrosining tizimli monitoringi joriy etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalari uchun o‘quv va ko‘rgazmali qurollar, ularning tarbiyalanuvchilari uchun o‘rgatuvchi va rivojlantiruvchi kitoblar tayyorlanishi, shuningdek, ularning nashr etilishi, doimiy ravishda moliyalashtirilishi va davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib berilishini nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ta’lim milliy tillarda olib boriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonida ingliz va rus tillarini, ta’lim rus tilida olib boriladigan maktabgacha ta’lim muassasalarining o‘quv-tarbiya jarayonida ingliz va o‘zbek tillarini o‘rganishni joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlasin;
“O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida foydalanilayotgan, birinchi navbatda bolalarning intellektual va anglash qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan o‘yin va o‘yinchoqlarning davlat standartlarini ishlab chiqsin;
“O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va zarur shart-sharoitlarni yaratish uchun ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari asosida o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel, jihozlar va boshqa texnik vositalar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini jihozlash me’yorlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bolalar o‘yinlari va o‘yinchoqlari bo‘yicha davlat buyurtmasini milliy ishlab chiqaruvchilar orasida taqsimlash bo‘yicha 2018-2023-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining statistik axborotlari tarqatilishi majburiy bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining ijtimoiy muhofazasini takomillashtirish maqsadida ikki oy muddatda maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirishtartibi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni;
Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bir oy muddatda:
Toshkent shahar Maktabgacha ta’lim bosh boshqarmasi va viloyatlar maktabgacha ta’lim boshqarmalari to‘g‘risidagi nizomlarni;
tuman (shahar) maktabgacha ta’lim bo‘limlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlasin.
13. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.I.Inoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev