02.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-sentabrdagi PQ-3300-son qarori
Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan naqd pulga tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalar qo‘llanishini yanada takomillashtirish, shuningdek, aholi bilan pulli hisob-kitob qilishni tezkor hisobga olish va nazorat qilish tizimini kengaytirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi «Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5116-sonli Farmoniga muvofiq Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida davlat soliq xizmati organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma’lumotlarning onlayn rejimida uzatilishini ta’minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul va naqd pulsiz shakldagi tushumlar, shu jumladan, elektron to‘lovlar ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etilishi, respublikamizning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Markaziy banki, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasining aholi bilan naqd pulda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarining (keyingi o‘rinlarda – onlayn NKM) zamonaviy modellarini bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda amalga oshiriladigan hisob-kitoblar hajmini aniqlash uchun 2018-yilning 1-yanvaridan 30-martigacha Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida 500 tadan 1000 tagacha bo‘lgan onlayn NKMlar tajriba-sinov tariqasida amaliyotga joriy etiladi;
2018-yilning 1-iyulidan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyatlar markazlarida barcha yuridik shaxslar tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitoblarni majburiy tarzda onlayn NKM yordamida amalga oshiradi;
2018-yilning 1-dekabridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha yuridik va jismoniy shaxslar tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda aholi bilan naqd puldagi hisob-kitoblarni majburiy tarzda faqat onlayn NKMni qo‘llagan holda amalga oshiradi;
qarorning mazkur bandi qoidalari qonunchilikka muvofiq faoliyatining o‘ziga xos xususiyati sababli nazorat-kassa mashinalarini qo‘llamasdan amalga oshirishi mumkin bo‘lgan ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, telekommunikatsiya tarmoqlari bilan qamrab olinmagan olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik va jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ushbu bandda belgilangan muddatlar tugagandan keyin onlayn NKMlarni qo‘llamasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish nazorat-kassa mashinasini qo‘llash tartibini buzish deb qaraladi va qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
4. Davlat soliq qo‘mitasi va uning hududiy organlari 2018-yilning 1-mayidan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli onlayn NKMlarni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ro‘yxatdan chiqarilishini, shu jumladan, jahon informatsion Internet tarmog‘i orqali masofadan xizmat ko‘rsatish imkoniyatlaridan foydalangan holda, o‘zlari faoliyat yuritayotgan shahar va tumanlarda amalga oshirilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Shermatov Sh.X.):
Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev B.R.) va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda telekommunikatsiya tarmoqlari bilan qamrab olinmagan olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini tasdiqlasin hamda har yili yangilab borsin;
telekommunikatsiya tarmoqlari bilan qamrab olinmagan olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini har kalendar yilning 25-dekabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etib borsin.
6. Onlayn NKMdan kelib tushadigan fiskal ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash, joylash va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga so‘rovga muvofiq uzatish fiskal ma’lumotlar operatori tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev B.R.) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Shermatov Sh.X.) va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda fiskal ma’lumotlar operatorining faoliyatini tartibga soladigan Nizomni tasdiqlasin va fiskal ma’lumotlar operatori funksiyasini bajaradigan yuridik shaxsni aniqlasin.
7. «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi (Boqiyev F.X.):
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Shermatov Sh.X.), Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev B.R.) va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-yilning 1-noyabrigacha keyinchalik cheklarning haqiqiyligini aniqlashda foydalaniladigan unikal kodli chek beradigan onlayn NKMga qo‘yiladigan yagona texnik talablarni belgilaydigan davlat standartini ishlab chiqsin va qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun «O‘zstandart» agentligiga taqdim etsin;
onlayn NKMga qo‘yiladigan yagona texnik talablar konfiguratsiyasi ma’lumotlarining ochiqligini ta’minlasin;
boshqa manfaatdor shaxslarni jalb qilgan holda, 2017-yilning 1-dekabrigacha respublikada onlayn NKM va (yoki) NKM tarkibida ishlash uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarni onlayn rejimida davlat soliq xizmati organlariga uzatish funksiyasiga ega bo‘lgan maxsus qurilmalar keng ishlab chiqarilishini tashkil etsin;
yuridik va jismoniy shaxslarga onlayn NKMni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olish imkoniyatini yaratsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Shermatov Sh.X.):
a) telekommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, mobil aloqa operatorlari va provayderlariga pullik hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga uzluksiz uzatish xizmatlari taqdim etishini ta’minlasin;
b) bazaviy stansiyalar, jumladan, CDMA-450 texnologiyalarini qo‘llagan holda stansiyalar sonini ko‘paytirish;
tarmoqlar bilan, ayniqsa, olis va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarini qamrab olish zonalarini kengaytirish;
onlayn NKMdan foydalanishda maxsus tarif rejalarini ishlab chiqish choralarini ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev B.R.) O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (Tangriyev L.X.), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari va aholi o‘rtasida mazkur qarorning maqsadi, mohiyati va amaliy ahamiyatini keng yoritish bo‘yicha tadbirlar tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (Parpiyev B.R.) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Vazirlik va idoralar qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari D.A.Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.R.Parpiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev