27.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3290-son qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qaroriga muvofiq hamda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun munosib nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini takomillashtirish, o‘quvchilarning tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur va yetarli bo‘lgan, chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy tayyorgarligini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan mavjud akademik litseylarning faoliyati kompleks tahlil qilinganligi, moddiy-texnika bazasi xatlovdan o‘tkazilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining:
o‘tkazilgan kompleks tahlil va xatlov yakunlari bo‘yicha aniqlangan o‘quv-metodik va moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 1-ilovada ko‘rsatilgan akademik litseylarning 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilarni qabul qilishni to‘xtatishi va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab faoliyatini tugatishi to‘g‘risidagi;
yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga, yetarli moddiy-texnika bazaga ega bo‘lgan akademik litseylarni 2-ilovaga muvofiq oliy ta’lim muassasalari tasarrufiga berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylarda o‘qish muddati ikki yil etib belgilanadi va ularga o‘quv-metodik jihatdan rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
akademik litseylardan uzoq joylashgan hududlardan qabul qilingan o‘quvchilar belgilangan tartibda yotoqxona hamda ota-onalar to‘lovi hisobiga (har oyda eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida) xarajatlarni qisman qoplagan holda, imtiyozli oziq-ovqat bilan ta’minlanadilar;
2018/2019 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar qabuli to‘xtatilayotgan akademik litseylarning 2 va 3-bosqich o‘quvchilari mazkur akademik litseylarda ta’limni amaldagi o‘quv dasturlari bo‘yicha belgilangan tartibda yakunlaydilar va ularga davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomi beriladi;
akademik litseylar rahbar va pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazlarida amalga oshiriladi;
faoliyati tugatiladigan akademik litseylarning bino va inshootlari, yer maydonlari, birinchi navbatda, amalda biriktirilgan oliy ta’lim muassasasiga, oliy ta’lim muassasasida ehtiyoj mavjud bo‘lmagan hollarda tegishli tuman (shahar)lar hokimliklariga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi;
akademik litseylar samarali faoliyat ko‘rsatishi, ulardagi o‘qitish sifatini ta’minlash hamda ular moddiy-texnika bazasi va yuqori malakali o‘kituvchilar tarkibi bilan ta’minlanganligi, ta’lim-tarbiya jarayoni ustidan nazorat qilinishi, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘kishga kirishi ko‘rsatkichlarini to‘liq ta’minlash uchun shaxsiy mas’uliyat tegishli oliy ta’lim muassasalari rektorlariga yuklanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari - O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori M.Xolmuxamedov:
bir oy muddatda faoliyati tugatiladigan 1-ilovadagi akademik litseylarning bino va inshootlari, yer maydonlari va boshqa barcha moddiy- texnika boyliklarini (keyingi o‘rinlarda moddiy boyliklar deb ataladi) to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazsin hamda ularni ro‘yxat asosida har bir ta’lim muassasasi kesimida moddiy javobgar shaxslarga o‘rnatilgan tartibda biriktirsin;
moddiy javobgar shaxslarning o‘zlariga biriktirilgan moddiy boyliklarni o‘rnatilgan tartibda topshirish-qabul kilish dalolatnomalari asosida rasmiylashtirilguniga qadar but va soz saqlanishini ta’minlash choralarini ko‘rsin va ular faoliyati bo‘yicha shaxsan mas’ul etib belgilansin.
5. Oliy ta’lim muassasalari rahbariyatiga oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari (to‘lov-kontrakt asosida o‘kitish uchun tushumlarning faqat to‘lov-kontrakt miqdorining oshirilgan qismi) hisobidan akademik litseylar uchun o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari, sarflash materiallari, kompyuter texnikasi, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari sotib olish hamda akademik litseylarning o‘qituvchi va o‘quvchilarini moddiy qo‘llab-quvvatlash huquqi berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov ikki oy muddatda:
Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda akademik litseylarga umumta’lim maktablarining eng bilimli, qobiliyatli va iqtidorli o‘quvchilarini tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Nizomda respublikaning malakali kadrlar yetishmovchiligi kuzatilayotgan hududlaridan o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirishga maqsadli tayyorlash uchun imtiyozli qabul qilish, shuningdek akademik litsey bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasasiga kira olmasligi darajasiga muvofiq (foiz ko‘rsatkichlariga mos ravishda) akademik litseyni tasarrufiga olgan oliy ta’lim muassasasi rektori, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha prorektori, akademik litsey direktori va mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan tartibda jarima ko‘llanilishi hamda ularning oylik maoshlaridan chegirib qolinishi nazarda tutilsin;
akademik litseylarning o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
tasarufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda akademik litsey o‘qituvchilarining yetakchi oliy ta’lim muassasalarida malaka oshirishini samarali tizimini, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda tashkil etsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyati tugatiladigan akademik litseylarning ishdan bo‘shaydigan o‘qituvchilarini va xodimlarini belgilangan tartibda ishga joylashtirish choralarini ko‘rsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda “Maorif” sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar doirasida ushbu qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida” 2017-yil 24-yanvardagi PQ-2738-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev