25.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi PQ-3286-son qarori
Mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilashga, shu jumladan, suv obyektlarini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek, toshqin va sel hodisalarida favqulodda holatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, qonunchilikda mavjud bo‘shliqlar daryolar o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalari, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obyektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash (keyingi o‘rinlarda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash deb yuritiladi) ishlarini amalga oshirishda qum-shag‘al materiallarini ruxsatsiz qazib chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.
O‘z navbatida, qum-shag‘al materiallarining ruxsatsiz qazib chiqarilishi aksariyat hollarda yer usti va yer osti suvlari kamayib ketishi, suvni muhofaza qilish zonalari botqoqlashishi va ifloslanishi, ularning qirg‘oqlari, sug‘orish tizimlari, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining buzilishiga, shuningdek, favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.
Faqat 2017-yilda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 228 ta holat, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasi yoki noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan er qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyasi mavjud bo‘lmagan 176 ta subyekt tomonidan noqonuniy amalga oshirganlik holatlari aniqlangan.
Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining noqonuniy amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik, atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish, shuningdek, transport va gidrotexnika infratuzilma obyektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining sel, toshqin va yer ko‘chkisi xavfi bo‘lgan tumanlarda qirg‘oqni mustahkamlash, himoya qilish va tiklash ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari (keyingi o‘rinlarda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari deb yuritiladi) hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son qarori bilan tashkil etilgan Toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborishni ta’minlash, qor ko‘chish va yer ko‘chki hodisalari xavfini kamaytirish bo‘yicha Hukumat komissiyasining (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb yuritiladi) qarorlariga asosan boshqa tashkilotlar tomonidan faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o‘tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi;
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida Komissiya qarori O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining daryo o‘zanlarini o‘rganish hamda toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz o‘tkazib yuborish imkoniyatlarini baholash natijalari bo‘yicha qo‘shma xulosalariga asosan qabul qilinadi;
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishga loyiha hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi shart;
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 19-fevraldagi PQ-585-son va Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 29-maydagi 135-son qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi;
daryolar o‘zanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tasdiqlangan zaxiralar mavjudligi va suv rejimiga salbiy ta’sirga yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan er qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyaga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshiriladi;
noruda foydali qazilmalar konini ishlab chiqish “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan yer qa’ridan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni ta’minlovchi ishlab chiqish tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi;
FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari va boshqa tashkilotlar noruda foydali qazilmalar qayta ishlangan va sotilgan hollarda yer qa’ridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda soliq to‘laydi. Bunda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini moliyalashtirish noruda foydali qazilmalarni sotishdan olingan daromadlar miqdoriga kamaytiriladi.
2. Daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishini aniqlash va oldini olish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Idoralararo guruhlar (keyingi o‘rinlarda idoralararo guruhlar deb yuritiladi) tashkil etilsin hamda ularning namunaviy tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar idoralararo guruhlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazipligi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan, tuman va shahar idoralararo guruhlari esa, suv obyektlarining joylashuvini inobatga olgan holda, ularning hududiy bo‘linmalari qo‘shma qarori bilan tashkil etiladi;
idoralararo guruhlarning faoliyati ustidan rahbarlik prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar Idoralararo guruhlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining holatini Komissiya qarorlariga, loyiha hujjatlariga, noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalarda nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek, qonun hujjatlarining boshqa talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan o‘rganish;
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish;
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibining buzilishida aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;
ushbu sohadagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish masalalari bo‘yicha aholi o‘rtasida profilaktika tadbirlarini tashkil qilishda va o‘tkazishda ishtirok etish;
o‘tkazilgan tadbirlar va aniqlangan huquqbuzarliklar haqidagi axborotlarni, shuningdek, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni muntazam ravishda Komissiyaga kiritish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarining ushbu qaror talablariga muvofiq amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
Bunda ushbu nazorat jarayonida o‘tkaziladigan tekshirishlar Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishilmagan holda amalga oshirilishi belgilansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi davlat organlari tomonidan ushbu qarorning 4-bandida ko‘rsatilgan nazorat funksiyalarining lozim darajada bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlarini tashkil etish to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bir hafta muddatda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun er uchastkalarini ajratish bo‘yicha oldin qabul qilingan qarorlarini bekor qilsin, shuningdek, bundan keyin Komissiyaning tegishli qarorisiz er uchastkalarini ajratishga yo‘l qo‘ymasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlariga ishlab chiqarishni tashkil etish uchun suv obyektlari tashqarisida noruda foydali qazilmalarning muqobil xomashyo manbalarini aniqlashga ko‘maklashsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilishgacha javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini;
Daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda qabul qilingan idoraviy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
11. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev