21.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni Nyu-Yorkda Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilayotgan bir guruh vatandoshlarimiz bilan uchrashdi.
Buyuk mutafakkirlar zamini bo‘lgan O‘zbekiston farzandlari bugungi kunda ham yuksak bilim va salohiyatini dunyoga namoyon etmoqda. Jumladan, ko‘plab yurtdoshlarimiz AQShda yashab, o‘z sohalarida katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Ular orasida olimlar, ishbilarmonlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi, bu yerda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuvi ularga katta xursandchilik bag‘ishladi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida siz, qadrli yurtdoshlarimiz bilan uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman, dedi davlatimiz rahbari. Men ushbu tashrif chog‘ida sizlar bilan chin dildan, samimiy suhbatlashishni avvaldan rejalashtirib qo‘ygan edim.
Vatandan yiroqda, musofirchilikda o‘z o‘rnini topish va haqli e’tirof qozonish naqadar mashaqqatli ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz. Bunday katta yutuqlarga erishish har kimga ham nasib etavermaydi.
Bugun sizlar bilan ochiq muloqot qilib, sizlar bilan yaqindan tanishish, mamlakatimiz oldida turgan katta-katta vazifalarni amalga oshirish borasidagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz bilan o‘rtoqlashish g‘oyat muhim, deb hisoblayman.
Prezidentimiz 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasining ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Sud-huquq, moliya, kichik biznes, turizm, tibbiyot sohalaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lum qildi.
Mamlakatimizda aholini uy-joy bilan ta’minlash, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan ishlar boshlangani ta’kidlandi. O‘zbekistonning yoshlarga oid davlat siyosatining mazmun-mohiyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining yoshlar huquq va manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyati haqida so‘z bordi.
2017-yil O‘zbekistonda xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilindi. Odamlarning talab va takliflarini eshitish, shu asosda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni belgilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Prezidentimiz qayerda bo‘lmasin, xalq ichiga kirib, yurtdoshlarimiz bilan yuzma-yuz gaplashmoqda, fikr-mulohazalarini tinglamoqda.
Mazkur uchrashuv ham ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Prezidentimiz uchrashuvga kelgan har bir yurtdoshimizning hayoti va faoliyati bilan qiziqdi.
Vatandoshlarimiz Prezidentimiz bilan uchrashish o‘zlari uchun ulkan sharaf ekanini, bunday e’tibordan boshlari osmonga yetganini ta’kidladi. Ona yurtimizda ilm-fan, ta’lim, texnologiya, investitsiya va boshqa sohalarni rivojlantirish, O‘zbekiston va AQSh muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
Shavkat Mirziyoyev vatandoshlarimizni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldor bo‘lish, zamonaviy bilim va tajribalarini mamlakatimiz rivojiga yo‘naltirishga da’vat etdi.
Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, dedi davlatimiz rahbari. Men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman.
Barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman, dedi pirovardida Prezidentimiz.
Uchrashuvga yig‘ilganlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini qayd etdi. Davlatimizning xorijda yashayotgan yurtdoshlarimizga qaratayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi. Vatandoshlarimiz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi.
Prezidentimiz vatandoshlarimizga sihat-salomatlik, faoliyatlariga omad va muvaffaqiyatlar tiladi.