20.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni BMTning Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari joriy yil iyun oyida Samarqand shahrida BMT Bosh kotibi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni katta mamnuniyat bilan esga oldi hamda xalqaro taraqqiyotga doir va mintaqaviy dolzarb masalalarning aksariyati bo‘yicha tomonlarning fikr va qarashlari o‘xshash ekanini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrishga BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishishning "yo‘l xaritasi" bo‘lgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz Strategiya doirasida davom ettirilayotgan keng miqyosli yangilanishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi. Jumladan, bosh maqsadi "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak", degan g‘oyani hayotga tatbiq etishdan iborat Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlandi. Valyuta siyosatining liberallashtirilishi amalda ta’minlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Antoniu Guterrish bilan mamlakatimiz va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviiy masalalar bo‘yicha fikr almashdi. «Markaziy Osiyo mintaqasi – tashqi siyosatimizning bosh ustuvor yo‘nalishi», deb alohida ta’kidladi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibini 2017-yil 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha xalqaro anjumanda shaxsan ishtirok etishga taklif qildi.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlarini yuksak baholadi. 2017-2020-yillarda BMT, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi qabul qilinganiga alohida e’tibor qaratildi.
BMT Bosh kotibi O‘zbekiston Prezidentining Bosh Assambleyaning 72-sessiyasidagi nutqi nihoyatda mazmundor bo‘lganini ta’kidladi. Antoniu Guterrishning fikricha, davlatimiz rahbari BMTning yuksak minbaridan turib bildirgan tashabbuslar muhim ahamiyatga ega va o‘z vaqtida ilgari surildi. Bosh kotib ushbu tashabbuslarni xalqaro maydonda ilgari surishga ko‘maklashishga tayyorligini qayd etdi.
Bosh kotib O‘zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini oshirishda alohida ahamiyatga ega o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
BMT rahbari mamlakatimiz tomonidan mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Afg‘onistonni qayta tiklashga ko‘maklashish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridani foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyani ilgari surish, Orol dengizi bilan bog‘liq ekologik falokat oqibatlarini yumshatishga xalqaro hamjamiyat diqqat-e’tiborini qaratish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishini bildirdi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.