19.09.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini qabul qildi. Uchrashuvda Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, «Jeneral Elektrik» kompaniyasi prezidenti Ron Pollett, «Xanivell» kompaniyasi bo‘linmasi prezidenti va ijrochi direktori Rajiv Gautam, «SiEnEych Indastrial» kompaniyasi vitse-prezidenti Stiven Naderni, «Dir end Kompani» kompaniyasi prezidenti Jeyms Fild ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari ishbilarmonlarni samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik rivojlanib borayotgani, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishning muhim mexanizmiga aylanganini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Kerolin Lemm bilan suhbatda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi qabul qilinganini qayd etdi. Mazkur hujjat davlat boshqaruvining yangi, samarali va sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uyg‘un faoliyatini tashkil etishga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda valyuta sohasida bozor mexanizmlari joriy etilgani, savdodagi turli to‘siqlar olib tashlangani, ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yanada yaxshilanayotgani alohida ta’kidlandi.
Ron Pollett bilan muloqotda O‘zbekiston bilan «Jeneral Elektrik» kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, xususan, 2018-2025-yillarda O‘zbekiston gaz transporti tizimini texnik yangilash, modernizatsiya qilish va rivojlantirish dasturini amalga oshirish taklif qilindi. Mamlakatimizda gidroelektr stansiyalari qurish, zamonaviy tibbiy uskunalar va yoritish moslamalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Stiven Naderni bilan suhbatda «SiEnEych Indastrial» kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda o‘rim-yig‘im, melioratsiya va yo‘l qurilishida qo‘llaniladigan, gazda ishlaydigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari e’tibor markazida bo‘ldi.
«Xanivell» kompaniyasi bo‘linmasi prezidenti va ijrochi direktori Rajiv Gautam bilan suhbatda o‘zaro hamkorlikda neft-kimyo va energetika sohalarida yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, aviatsiya uskunalarini yetkazib berish borasida fikr almashildi.
Jeyms Fild bilan muloqot chog‘ida «Dir end Kompani» kompaniyasi bilan aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimizda meva-sabzavotchilik va uzumchilikda qo‘llaniladigan traktor va maxsus texnika vositalari ishlab chiqarish, ularning ehtiyot qismlari tayyorlashni mahalliylashtirish, sohaga ixtisoslashgan trening markazi tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – AQSh biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilish va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishishda katta voqea bo‘lishini ta’kidladi.
Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini tasdiqladi.