
07.12.2016
Mamlakatimizda 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlarning taniqli jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ovoz berish yakunlari yurtdoshlaringiz Sizning mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlaringizni ijobiy baholashidan dalolatdir.
Belarus – O‘zbekiston hamkorligini kengaytirish borasida amaliy muloqot va samarali ishlarni birgalikda davom ettirishdan manfaatdormiz.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, O‘zbekiston Respublikasining farovonligi uchun belgilangan barcha rejalarni amalga oshirishda, oliy davlat lavozimida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Ehtirom bilan,
Aleksandr Lukashenko,
Belarus Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ishonchli g‘alaba qozonganingiz O‘zbekiston xalqi Sizga ishonishi va qo‘llab-quvvatlashidan dalolatdir. Sizning rahbarligingizda O‘zbekiston Respublikasi bundan buyon ham barqaror va izchil rivojlanishiga ishonaman.
Sizning Prezident etib saylanganingiz Qirg‘iziston –O‘zbekiston munosabatlarida yangi sahifa ochish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi amaliy muloqotni Qirg‘iziston Respublikasi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma asosida o‘zaro manfaatli hamkorlik ruhida izchil davom ettirish imkoniyatini yanada kengaytiradi, deb umid qilaman.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik va davlat rahbari sifatidagi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Almazbek Atamboyev,
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Siz, Janobi Oliylarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizning O‘zbekiston rahbari sifatidagi faoliyatingiz davomida xalqlarimiz manfaati yo‘lida o‘zaro aloqalar yanada mustahkamlanishiga qat’iy ishonamiz.
O‘zbekistonning yanada taraqqiy etishi va farovonligi, xalqingizning porloq kelajagi yo‘lidagi faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.
Ehtirom bilan,
Qobus bin Said,
O‘mon Sultoni
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Siz Janobi Oliylarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingizdan bag‘oyat mamnunman. Shu quvonchli daqiqalarda Sizga va Siz orqali butun O‘zbekiston xalqiga o‘zimning samimiy tabriklarimni yo‘llayman. Men O‘zbekiston Respublikasi Sizning bevosita rahnamoligingizda yanada ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi va xalqingizning barcha ezgu maqsadlari ro‘yobga chiqishiga ishonaman.
Bangladesh va O‘zbekiston o‘rtasida samarali munosabatlar mavjudligini mamnuniyat bilan ta’kidlayman. Kelgusida Sizning buyuk yurtingiz bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligimizni izhor etaman. Men xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida Siz bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanimni ta’kidlamoqchiman.
Sizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga bardavom tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tilayman.
Sizga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Abdul Hamid,
Bangladesh Xalq Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Janobi Oliylari!
Sizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganingiz bilan samimiy tabriklayman. YeXHT bilan O‘zbekiston o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan va Sizning rahbarligingizda o‘zaro manfaatli ushbu munosabatlarni yanada rivojlantirishimizga ishonaman.
Bugun barchamiz xavfsizlik borasida ko‘plab global tahdidlar bilan yuzma-yuz kelayotganimizda YeXHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi hamkorligimiz davom etishiga ishonamiz. YeXHT O‘zbekistonda o‘z prinsip va majburiyatlarini amalga oshirishni davom ettirishga tayyor.
EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonga Prezident saylovini kuzatish missiyasini amalga oshirishga taklif etilgani uchun o‘z minnatdorligimni bildirishga ruxsat bergaysiz. Siz YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bilan amaliy hamkorlikni davom ettirishingizga ishonaman.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo va, umuman, YeXHT makonida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini va tashkilot faoliyatida yanada faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu masalalarni Siz bilan muhokama qilish imkoniyati paydo bo‘lishini kutib qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak hurmatimni qabul qilgaysiz.
Ehtirom bilan,
Lamberto Zaner,
EXHT Bosh kotibi
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.