12.01.2018
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Qadrli vatandoshlar!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Bu qutlug‘ sana mamlakatimizda vatanparvarlik, ona yurtga sadoqat, mardlik va jasurlik kabi ezgu qadriyatlarni, xalqimizga, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislariga xos bo‘lgan yuksak fuqarolik fazilatlarini o‘zida mujassam etadigan tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylandi.
Hozirgi kunda dunyoda oldindan aytish qiyin bo‘lgan vaziyat hukm surayotgan murakkab bir sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglagan holda, biz 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilgan Harakatlar strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgiladik.
Ushbu Strategiya asosida biz o‘tgan yil davomida mamlakatimiz hayotining boshqa tarmoqlari qatorida harbiy qurilish sohasida ko‘pgina eng dolzarb va muhim masalalar bo‘yicha aniq chora-tadbir va harakatlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qildik, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etdik.
Shu tariqa qisqa vaqt mobaynida aniq natijalarga erishdik, Qurolli Kuchlarimizning kelgusidagi qiyofasini belgilab beradigan strategik tamoyillar va ana shu maqsadga erishishga qaratilgan keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqishga muvaffaq bo‘ldik.
Avvalo, tashqi siyosatimizning moslashuvchanligi va ochiqligi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini saqlash eng ustuvor vazifa ekani haqidagi prinsiplar asosida O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi yangilangan holda qabul qilindi.
2017-yilda Milliy gvardiya va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil etildi, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, ularni bosqichma-bosqich zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.
Mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini ta’minlash borasida joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish bo‘yicha ishlar butunlay yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi.
Har bir hududda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi, ularga bevosita rahbarlik qilish mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga yuklandi.
Unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida mustahkam hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish maqsadida vatanparvarlik tarbiyasi sohasida mohiyat e’tiboriga ko‘ra noyob tizim yaratilib, uning doirasiga mamlakatimiz aholisining keng qatlamlari qamrab olindi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tashkil etilishi va Qurolli Kuchlar tizimida uning birlamchi tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaradorligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va miqyosiga ko‘ra misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududlarimizda uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar berish asosida ko‘p qavatli uy-joylar bosqichma-bosqich barpo etilmoqda. Biz bu ishlarni doimiy ravishda davom ettiramiz.
Qadrli do‘stlar!
Amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz, armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom ma’noda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib bormoqda.
Ayni vaqtda xalqaro terrorizm va ekstremizm xavfining tobora ortib borayotgani, dunyoning ayrim mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani, tahlikali vaziyat saqlanib qolayotgani O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga tahdid solmasdan qolmaydi, albatta. Bularning barchasi oldimizda paydo bo‘layotgan tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga doimo tayyor bo‘lishni talab etadi.
Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini oshirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi va davlatning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qoladi. Biz ana shu vazifalarni amalga oshirishda Qurolli Kuchlar, harbiy okruglar qo‘mondonligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining faol pozitsiyasiga tayanamiz.
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Mana shu bayram kunida sizlarning jangovar mehnatingiz o‘tgan yillar davomida Qurolli Kuchlarimizning obro‘yi va nufuzini oshirishga katta hissa bo‘lib qo‘shilganini alohida ta’kidlashni zarur, deb bilaman.
Aynan sizlarning sa’y-harakatlaringiz bilan O‘zbekiston milliy armiyasi jadal rivojlanmoqda, uning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi izchil oshib bormoqda, mamlakatimizning mudofaa qudrati mustahkamlanmoqda, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti ta’minlanmoqda.
Siz, azizlarni hamda oila a’zolaringizni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.
Jonajon Vatanimizni himoya qilishdek g‘oyat sharafli va mas’uliyatli vazifani ado etishda barchangizga katta yutuqlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni