18.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 18-oktabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli dori-darmon bilan ta’minlash borasidagi islohotlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari, Bosh vazir va Bosh vazir o‘rinbosari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz joriy yilning o‘zida sog‘liqni saqlash masalasiga bag‘ishlab uch marta videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, odamlarda haqli e’tiroz uyg‘otayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi, shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan dasturlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tashriflari chog‘ida shifoxonalar, poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlaridagi sharoitlar bilan bevosita tanishdi, zamonaviy klinikalar qurish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Sohani yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan 30 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.
Aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektor va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni yanada rivojlantirish borasida hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglandi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirishga oid qaror ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikasi, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 qishloq vrachlik punkti binolari xizmat uyi sifatida foydalanish uchun shifokorlarga berildi. Bundan tashqari, qishloq oilaviy poliklinikalarida 5 turdagi va Toshkent shahar oilaviy poliklinikalarida 10 turdagi tor soha mutaxassislari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Birlamchi tizimda kadrlar ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarining bakalavriatura bosqichini bitirgan 3 ming 197 yosh mutaxassisning 79 foizi birlamchi tizimga ishga yuborildi.
Qilingan ishlarning natijasi qanday bo‘layapti, odamlar bundan qay darajada foydalanmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘pligini ko‘rsatmoqda.
Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining hududlarda yetarli darajada emasligi oldimizda turgan dolzarb muammolardan biri. Tan olish kerak, hududlardan yuqori texnologik tibbiy yordam olish uchun Toshkent shahriga kelish aholi tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida viloyatlarda ishlash tashabbusi bilan chiqqan yetakchi mutaxassislardan 134 nomzod tanlab olingani qayd etildi. Ular viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlariga, jumladan, bolalar shifoxonalari, endokrinologiya, kardiologiya, silga qarshi, teri-tanosil dispanserlari, onkologiya markazi filiallari, yuqumli kasalliklar shifoxonalariga ishlash uchun yuborildi.
Aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan dolzarb masalalardan biri – bu tez tibbiy yordam xizmati bilan bog‘liq, dedi Prezidentimiz. Bu borada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Transport vositalari hali yetarli emas, dori-darmon ta’minotida uzilishlar mavjud.
2016-yilda 806 tez tibbiy yordam stansiyasi va kichik stansiyasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2017-yilda bu ko‘rsatkich 2 ming 100 dan oshdi. Tabiiyki, bu har bir chaqiriqning o‘z vaqtida kelishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yo‘nalishda ko‘rsatilayotgan xizmatlar bilan birga, aholining mazkur xizmatdan foydalanish borasidagi madaniyatini oshirish zarurligi ham ta’kidlandi.
Jahon tibbiyoti oldida turgan dolzarb masalalardan biri ijtimoiy kasalliklardir. Mamlakatimizda sil, psixiatriya, teri-tanosil, onkologiya xastaliklari bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqildi va Prezident qarorlari qabul qilindi.
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlarining viloyatlarda filiallari tashkil etilmoqda. Chet el klinikalarida faoliyat yuritayotgan 50 dan ortiq vatandoshimiz yurtimizga qaytarildi.
Davlatimiz rahbari qarori bilan tibbiyot sohasida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qish muddati 7 yildan 6 yil va “tibbiy profilaktika” yo‘nalishida 6 yildan 5 yil etib belgilangani mamlakatimiz tibbiy ta’lim tizimini jahon standartlariga moslashtirish, joylarda kadrlar ta’minoti yaxshilanishi va davlat byudjeti mablag‘lari maqsadli sarflanishiga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid farmoyishi doirasida 8,4 ming nafar nogiron protez-ortopediya mahsulotlari bilan, 9,3 mingdan ziyod ehtiyojmand fuqaro reabilitatsiya texnik vositalari bilan bepul ta’minlandi. Shuningdek, 23 mingdan ziyod 1941-1945-yillardagi urush faxriylari, yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlar sanatoriyalarda bepul dam oldirildi.
Sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirishni takomillashtirishga oid qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirildi. Natijada Toshkent shahrida Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Jizzax shahrida Janubiy Koreya, Farg‘ona, Qarshi shaharlarida va Qumqo‘rg‘on tumanida Hindiston kabi davlatlar bilan qo‘shma klinikalar tashkil etilmoqda. O‘tgan 9 oy mobaynida xususiy tibbiyot muassasalari yana 400 dan ziyodga ko‘payib, ularning soni 3 ming 860 dan oshgani xususiy tibbiyot muassasalariga berilayotgan keng imtiyoz va preferensiyalar samarasidir.
Joriy yilda "O‘zfarmsanoat" aksiyadorlik konserni tomonidan 76 yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish 2011 yilga nisbatan 4 marta o‘sdi.
Farmatsevtika sohasida yangi, yuqori texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun O‘zbekiston taraqqiyot va rivojlanish jamg‘armasidan 250 million dollar miqdorida kredit resurslari ajratildi. Umumiy qiymati qariyb 400 million dollarga teng bo‘lgan 70 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlanib, ularning 33 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbarining “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi, avvalo, yurtimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, dori-darmon va tibbiyot buyumlarini eksport qilish hajmini yanada oshiradi.
Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil ishlar o‘z samarasini bera boshladi. Masalan, farmatsevtika mahsuloti eksporti 40 foizga oshirilishiga erishildi, yuqori texnologiyalar joriy qilinishi evaziga har bir ishchiga ishlab chiqarish samaradorligi 35 foiz o‘sdi. Mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan dorilar turi 2 ming 300 dan oshdi.
Yig‘ilishda sohada o‘z yechimini kutayotgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, ayniqsa, qishloq joylarda tizimli patronaj qamrovi sifatini yaxshilash, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning statsionar muassasalar bilan hamkorligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga sohada xususiy sektorni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tez tibbiy yordam xizmatini yanada takomillashtirish, skrining markazlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya mahsulotlari, reabilitatsiya texnik vositalar sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash ob’ektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari sifati, xususiy tibbiyot sohasiga chet el investitsiyasi va yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish ishlari isloh qilinishi lozim.
Aholini patronaj va tizimli dispanserizatsiya bilan to‘liq qamrab olish, ona va bola skriningi hamda tibbiy-genetik xizmatni yanada takomillashtirish va ushbu xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish maqsadida 2018-2022-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda tibbiyot xodimlarining malakasi va shaxsiy mas’uliyati masalasi jiddiy tanqid qilindi. Sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimining davlat va xususiy sektoridagi barcha mutaxassislar faoliyatini litsenziyalash tizimini tatbiq etish nazarda tutilgan.
Yig‘ilishda soha oldida turgan dolzarb vazifalar belgilandi. Vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.