O‘zbekiston – Qozog‘iston: azaliy do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorlikning yangi bosqichi
23.03.2017
2303201712.jpg

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 22-23-mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.


Oliy darajadagi mazkur uchrashuv do‘stlik, ahillik va mehr-oqibat ayyomi Navro‘z kunlariga to‘g‘ri kelganida ramziy ma’no bor. Zero, bu jihatlar O‘zbekiston va Qozog‘iston munosabatlariga ham xosdir.

Tashrifning asosiy tadbirlari 23-mart kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston poytaxtidagi “Vatan himoyachilari” monumentiga gul qo‘ydi.

Ushbu monument Prezident Nursulton Nazarboyev tashabbusi bilan 2001-yili Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan qozog‘istonlik Vatan himoyachilari xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan.

Davlatimiz rahbari tinchlik, ozodlik yo‘lida jon fido qilgan vatanparvar insonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Yodgorlik majmuasi bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston poytaxtidagi Davlat rahbarlari xiyoboniga ko‘chat o‘tqazdi. Bu yerda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ekkan daraxt baravj o‘smoqda.

Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Prezidentlarning tor doiradagi uchrashuvida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.

– O‘zbekiston va Qozog‘iston yaqin qardosh, asrlar davomida sinalgan sheriklardir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafotidan keyingi og‘ir damlarda bu yaqinlik yana bir bor namoyon bo‘ldi. Xalqimiz Qozog‘iston xalqi hamdardligini, qo‘llab-quvvatlaganini chuqur his etdi va buni hech qachon unutmaydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yuksak ishonch va o‘zaro hurmat asosida rivojlanmoqda. Turli darajadagi aloqalar faollashgani mamlakatlarimizning ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor ekanining tasdig‘idir, – dedi Prezidentimiz.

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning izchil davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

– Sizning tashrifingiz Navro‘z bayrami kunlariga to‘g‘ri kelgani qadamingiz qutlug‘ ekanidan dalolatdir. Qozog‘iston bilan O‘zbekiston munosabatlari har doim do‘stona va samarali bo‘lgan. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mening qadrdon do‘stim Islom Karimov ulkan hissa qo‘shgan bunday yaqin hamkorlikni Siz bilan izchil davom ettirmoqdamiz. Keyingi oylarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo aylanmasi 30 foiz o‘sgani, o‘zaro yangi mahsulotlar yetkazila boshlagani buning tasdig‘idir. Tashrifingiz doirasida o‘tgan biznes-forumda qariyb 1 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan. Sizning ushbu tarixiy tashrifingiz mamlakatlarimiz hamkorligini yangi bosqichga ko‘taradi, – dedi Qozog‘iston Prezidenti.

Mamlakatlarimiz hamkorligi 1998-yilda Toshkentda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013-yilda poytaxtimizda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqaro siyosiy masalalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Mamlakatlarimiz ikki tomonlama va BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir.

O‘zbekiston Qozog‘istonning 2017-2018-yillarda BMT Xavfsizlik kengashiga muvaqqat a’zolikka saylanishini qo‘llab-quvvatladi. Bu butun mintaqamiz davlatlari manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari surish imkonini beradi. Qozog‘iston O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, mamlakatimizning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholaydi.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, transmilliy jinoyatchilik va xatarlarga qarshi kurashish masalalariga e’tibor qaratildi. Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlari bo‘lgan mamlakatlarimiz hamkorligi butun mintaqa barqarorligi va taraqqiyotida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Shu yil 10-mart kuni Toshkentda mamlakatlarimiz huquqni muhofaza qilish idoralari va davlat muassasalari rahbarlari ishtirokida o‘tgan muzokaralar zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga, diniy ekstremizm, terrorizm, narkotrafik va boshqa xavflarga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezidentlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda barqarorlik ta’minlanishi va iqtisodiyot tiklanishidan ikki davlat ham birday manfaatdor ekanini ta’kidladilar. Afg‘oniston muammosi faqat tinch yo‘l bilan hal etilishi, buning uchun BMT shafeligida siyosiy muzokaralar jarayonini tezroq boshlash zarurligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz mintaqadagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida bir xil pozitsiyaga ega ekani yana bir bor tasdiqlandi.

Prezidentlar muloqotni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom ettirdilar. Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston mustaqil taraqqiyot yo‘lini bir davrda boshlagan. Iqtisodiyotni qayta tiklash va rivojlantirish yo‘lida bir-biriga yelkadosh bo‘lib kelmoqda.

Bugun ikki mamlakat ham o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ishlab chiqildi. Prezident Nursulton Nazarboyevning Qozog‘iston xalqiga joriy yilgi murojaatida Qozog‘istonni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi belgilab berildi.

Qozog‘iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O‘zbekiston Qozog‘istonga tabiiy gaz, avtomobillar, transport vositalari, mineral o‘g‘itlar, to‘qimachilik, elektrotexnika va qurilish materiallari, meva-sabzavot va boshqa ko‘plab tovarlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog‘istondan yurtimizga neft, metall, un, yog‘-moy mahsulotlari keltiriladi.

Mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

2016-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu mavjud salohiyatga mos kelmasligi, savdo aylanmasini kamida ikki barobar oshirish imkoniyati borligi alohida ta’kidlandi. Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti raqobat qilmaydi, aksincha, bir-birini to‘ldiradi. Buning uchun hukumatlararo komissiya va qo‘shma savdo uylari faoliyatini kengaytirish, yangi ta’minot bozorlari tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Joriy yil 23-fevralda poytaxtimizda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Transport kommunikatsiyalari sohasi o‘zaro hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Bu muhim kommunikatsiya tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda.

Qozog‘istonning Maqtaaral tumani hududidan o‘tgan Toshkent va Samarqandni bog‘lovchi avtomobil yo‘lining ochilishi, Toshkent – Olmaota tezyurar poyezdi va ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovining yo‘lga qo‘yilgani transport kommunikatsiyasini yanada kengaytiradi, hududlararo aloqalar, savdo va turizm rivojiga xizmat qiladi.

Muzokarada transport sohasida ikki tomonlama, uzoq muddatli tarif imtiyozlari berilishi mamlakatlarimiz transport koridorlari raqobatdoshligini, samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasini saqlab qolgan holda uni diversifikatsiya qilish, eksport-import hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, sanoat va tadbirkorlik subyektlari kooperatsiyasini rivojlantirishga kelishib olindi.

O‘zbek va qozoq xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, qavmu qarindosh bo‘lgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarga keng yo‘l ochilgani hamkorligimizni yanada mustahkamlamoqda. O‘zbekistondan Qozog‘istonga, Qozog‘istondan O‘zbekistonga turli darajadagi delegatsiyalar tashrif buyurdi. Joriy yil Toshkent viloyati delegatsiyasi Qozog‘istonda, Qizilo‘rda, Sharqiy Qozog‘iston va Janubiy Qozog‘iston viloyatlari delegatsiyalari O‘zbekistonda bo‘ldi.

Muzokarada bunday aloqalarni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar yakunida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 13 hujjat imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Parlamentarizm, soliq, transport, mudofaa, savdo-sanoat va boshqa sohalardagi hamkorlikka oid hujjatlar ham imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida hududlararo hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ular orasida alohida ahamiyatga ega.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev muzokaralar O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlariga xos o‘zaro hurmat va samimiyat ruhida o‘tgani, barcha strategik masalalar bo‘yicha tomonlar bir-birini qo‘llab-quvvatlaganini alohida ta’kidladilar. Ushbu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida tarixiy ahamiyat kasb etishi, imzolangan hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.

Tashrif doirasida Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Biznes-forumda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari ishtirok etdi. Ularning yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiyaviy bitimlar imzolandi.

Kunning ikkinchi yarmida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev “Ostona-Opera” Davlat opera va balet teatriga tashrif buyurdilar.

Qozog‘iston Prezidenti tashabbusi bilan qurilgan ushbu teatr 2013-yilda foydalanishga topshirilgan, tomosha zali 1250 o‘ringa mo‘ljallangan.

Prezidentlar bu yerda “Qiz Jibek” operasini tomosha qildilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari “Nazarboyev universiteti” va “MEGA Silk Way” savdo markazini borib ko‘rdi.

Universitetga ilk talabalar 2010-yilda qabul qilingan. Uning tarkibida 8 maktab, bir markaz va kutubxona bor. Ta’lim xalqaro andozalar asosida olib boriladi. Har yili universitetni 440 dan ortiq bakalavr va 170 dan ziyod magistr bitiradi.

Davlatimiz rahbari universitetning Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.

“MEGA Silk Way” savdo markazida savdo do‘konlari, sport va ko‘ngilochar shoxobchalar, turli ofislar joylashgan. Ushbu markaz shu yil 10-iyundan 10-avgustgacha Ostona shahrida o‘tkaziladigan «EKSPO – 2017» xalqaro ko‘rgazmasiga mezbonlik qiladigan me’moriy ansamblning muhim qismi hisoblanadi.

Bu yerda o‘zbek va qozoq xalqlarining ashula va raqslari, milliy hunarmandlik mahsulotlari namoyish etildi.

Prezidentlar «EKSPO – 2017» xalqaro ko‘rgazma maydonining “Nur olam” pavilyoniga tashrif buyurdilar.

Shavkat Mirziyoyev “EKSPO – 2017” ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasi ishbilarmon doiralar, korxonalar o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli kelishuvlarga erishish yo‘lida muhim tadbir bo‘lishini ta’kidladi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi nihoyasiga yetdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev kuzatib qo‘ydi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga davlat tashrifi yakunlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochdi, uning yangi ufqlarini belgilab berdi, ikki qardosh xalqqa ulkan xursandchilik bag‘ishladi.

                o`zb   рус   eng
Bugun: 25.04.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati