O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston tashqi ishlar vazirini qabul qildi
23.12.2016

231220162.jpg

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh Qozog‘istonning rahbariyati va xalqini tarixiy sana – Qozog‘iston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi bilan yana bir bor samimiy tabrikladi.

O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida qaror topgan va chuqur tarixiy ildizlarga ega ishonchli va samarali munosabatlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob berishi va o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarida bugun jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri samimiy qabul uchun Prezidentga minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbariga va O‘zbekiston xalqiga Prezident Nursulton Nazarboyevning chuqur hurmat va ehtiromini yetkazdi.

23122016.jpg

Yerlan Idrisov davlatimiz rahbarini Prezident saylovida ishonchli g‘alaba qozongani bilan yana bir bor muborakbod etdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz yaqin qo‘shni va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar sifatida O‘zbekiston va Qozog‘istonda, butun Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdan, iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot va farovonlikdan birday manfaatdor ekani qayd etildi.

Shu nuqtai nazardan, Qozog‘istonning 2017-2018-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashi tarkibiga muvaqqat a’zo etib saylangani va bu O‘zbekiston tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangani Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlarini global miqyosda himoya qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Suhbat chog‘ida tomonlar O‘zbekiston – Qozog‘iston munosabatlariga oid, avvalambor, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya sohalarida hamkorlikning barcha yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashdi. Xususan, savdo sohasida yirik sheriklar bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish, bu boradagi barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama serqirra hamkorlikning bugungi darajasidan, mamlakatlarimiz hukumatlari, xo‘jalik subyektlari va hududlari o‘rtasidagi aloqalarning faolligidan mamnuniyat bildirib, Abadiy do‘stlik va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi davlatlararo shartnomalar ruhida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdilar.

Uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 25.04.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati