DAVLAT VA JAMIYAT

16 yanvar. Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari, vazirliklar, idoralar rahbarlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, yurtimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlislar zaliga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i olib kiriladi.

Parlament palatalari rahbarlarining topshirig‘iga binoan qo‘shma majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ochdi. U 2007 yil 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganligini qayd etdi. Markaziy saylov komissiyasi raisi zalda hozir bo‘lganlar va saylovchilar nomidan Islom Karimovni yuksak va mas’uliyatli lavozim – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylangani bilan qizg‘in tabrikladi va Islom Karimovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini topshirdi.

8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda islohotlarni yanada chuqurlashtirishning eng muhim vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ma’ruza qildi.

21 mart. Prezident Islom Karimov navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi qatnashdi.

9 may. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilingan ushbu umumxalq bayrami mamlakatimizda keng nishonlandi.

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Prezidentimiz ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
 

18 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov olib bordi.

31 avgust. Qatag‘on qurbonlari kuni munosabati bilan erta tongida poytaxtimizdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan marhumlarni yod etish marosimi o‘tkazildi. An’anaga ko‘ra osh tortildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

31 avgust.  Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Istiqlolimizning 17 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

10 sentabr. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekinda bo‘lib o‘tgan XXIX yozgi Olimpiada o‘yinlarida oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan sportchilarimizni, ularning ustoz va murabbiylarini qabul qildi.

Istiqlolimizning 17 yilligi nishonlanishi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan XXIX yozgi Olimpiada o‘yinlarida yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilar va murabbiylarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Farmonga muvofiq, Pekin Olimpiadasida oltin, kumush, bronza medallari sohibi bo‘lgan sportchilarimiz va ularning murabbiylari Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuzini oshirishga, mamlakatimizda iste’dodli yosh sportchilarni tarbiyalashga qo‘shgan katta hissasi uchun faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Islom Karimov ularga ana shu yuksak mukofotlarni topshirdi.

5 dekabr. Oqsaroy qarorgohida Vatanimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘ldi.

– Avvalo, mana shu muhtasham zalda to‘planib turgan siz, azizlarni Konstitutsiya kuni bilan tabriklashdan, sizlarga o‘zimning samimiy hurmatimni bildirishdan xursand ekanimni izhor etmoqchiman, – dedi Prezident Islom Karimov. – Bugun biz Vatanimizning ravnaq topishi, orzu-umidlarimizni amalga oshirish, el-yurtimizni yanada obod, hayotimizni farovon qilish yo‘lida o‘zining jonkuyar mehnati va fidoiyligi bilan xalqimizning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lgan siz, azizlarga davlatimizning munosib mukofot va unvonlarini topshirish munosabati bilan mana shu hashamatli zalda to‘plandik.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 17.01.2017
Qidirish
Yangiliklar
06.12.2016
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati