Har kunimiz Navro‘zdek zavqli bo‘lsin
21.03.2015

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi

51c.jpg

Bahorni sevmaydigan, sog‘inib kutmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Chunki u olamga iliqlik, tiniqlik olib keladi. Quyosh charaqlab ko‘ngillarni yorishtiradi. Tabiat uyg‘onib, atrof go‘zallikka burkanadi. Qushlar chug‘uri jilg‘alar ovoziga jo‘r bo‘ladi. Mayin shabboda gullarning totini olib qochadi...

Bahor sevimli va ardoqli bayramimiz Navro‘zni boshlab keladi.

Davlatimiz rahbarining “2015-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizning barcha hududlarida bu ayyomga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rildi. Xalqimiz bu kunni yangi muvaffaqiyatlar va yangi umidlar bilan kutib olmoqda. Shunday farovon kunlarga, bayramlarga yetganiga shukronalar aytib, xursandchilik qilmoqda.

21-mart. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bayramona bezatilgan.

Bu yerga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, tabarruk keksalar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari tashrif buyurgan.

Soat 10:00. Maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keladi.

Bayram tantanasiga yig‘ilganlar davlatimiz rahbarini qarsaklar bilan kutib oladi.

Chorlov musiqasi yangraydi.

So‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga beriladi.

Prezidentimiz xalqimizni Navro‘z bayrami bilan muborakbod etadi.

Maydon uzra hayot mo‘jizasi – tabiat uyg‘onishini madh etuvchi navo taraladi. Ulkan monitorlarda yurtimizning go‘zal manzaralari – yam-yashil bog‘lar, purviqor tog‘lar, zamonaviy inshootlar, bunyodkor zamondoshlarimiz qiyofasi namoyon bo‘ladi.

25c.jpg

Yuraklarni entiktirib qadim va qadrdon navolar yangraydi. Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylab, ajdodlarimiz ma’naviyatini mujassam etib asrlar qa’ridan keladi bu qo‘shiq.

Istiqlol yillarida xalqimizning boy qadriyatlari, ma’naviy va madaniy merosi tiklandi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy va boshqa ulug‘ bobolarimizning yubileylari keng nishonlandi. Abduxoliq G‘ijduvoniy, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg‘oniy, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolari obod etildi, hayoti va bebaho merosi o‘rganilmoqda.

Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Toshkent, Marg‘ilon singari muazzam shaharlarimiz yubileyi xalqaro miqyosda tantana qilindi. “Avesto”ning 2700-yilligi, “Alpomish”ning 1000-yilligi, Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000-yilligini nishonlash asnosida tariximiz yanada teran o‘rganildi, shaharsozligimiz, madaniyatimiz ildizlari tadqiq etildi.

2014-yil 15-16-may kunlari Samarqandda o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya dunyoda buyuk ajdodlarimizning dahosiga hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha baland bo‘lganini ko‘rsatdi. Unda ishtirok etgan olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, ilmiy markazlar va institutlar mutaxassislari O‘zbekiston allomalarining dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasini yana bir bor e’tirof etdi.

Navro‘z mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan. Chunki u tinchlik, omonlik, ahillik bayrami.

29c.jpg

Bu hamjihatlik bayram sahnasida ham o‘z ifodasini topadi. Turli tillardagi kuy-qo‘shiqlarda yurtimizdagi millatlararo totuvlik, umumbashariy qadriyatlar namoyon bo‘ladi. O‘zbekistonimizning ozodligi va tinchligi, xalqimizning birligi va bag‘rikengligi, do‘stlik va muhabbat tarannum etiladi.

Tinch-osoyishta elda bayramlar bo‘ladi, halovatli xalqqa xursandchilik yarashadi. Mamlakatimiz mustaqillikning ilk yillaridan tinchlikparvar siyosat yuritib kelmoqda. O‘zbekiston hech qanday harbiy bloklarda ishtirok etmaydi. Davlatimiz tashqi siyosati milliy manfaatlarning ustuvorligi, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish, bahsli masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish tamoyillariga asoslanadi.

Mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori tobora oshib bormoqda, barcha sohalarda ulkan yutuq va marralarga erishilmoqda. Eng rivojlangan davlatlar, dunyoga dong‘i ketgan kompaniyalar yurtimiz bilan hamkorlikka intilmoqda.

Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish borasida amalga oshirilgan islohotlar samarasida avtomobilsozlik, neft va gazni qayta ishlash, zamonaviy maishiy texnika, komputer va mobil telefonlar ishlab chiqarish kabi yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi. Oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo, qurilish materiallari sanoati korxonalari modernizatsiya qilindi. Bugun ularda tayyorlangan mahsulotlar aholi ehtiyojini to‘la ta’minlab, dunyo bozorlarini ham zabt etmoqda.

Istiqlol yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti 5 barobardan ziyod o‘sdi. Aholi daromadlari jon boshiga o‘rtacha 8,7 barobar ko‘paydi. Mamlakatimizning eksport hajmi va oltin-valyuta zaxiralari barqaror sur’atlar bilan oshib borayotgani bugun rivojlangan davlatlarning ham havasini tortmoqda.

63c.jpg

Jahon miqyosidagi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, sanoqli mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari keyingi 10-yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. Joriy yilda ham ana shunday yuksak o‘sish sur’atlari kutilayotir.

Bu mustaqillikning ilk yillarida asos solingan va xalqimiz keng qo‘llab-quvvatlagan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” samaralaridir. Iqtisodiyotning mafkuradan xoliligi va siyosatdan ustunligi bozor erkinligini ta’minlamoqda. Davlatning bosh islohotchi vazifasini bajarishi barcha sohalarni izchil va uyg‘un rivojlantirish imkonini bermoqda. Qonun ustuvorligi inson huquq va manfaatlarini himoyalash, barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Kuchli ijtimoiy siyosat xalqimizga moddiy va ma’naviy madad berayotir.

...Sahnaga bolakaylar chopib keladi. Maydon sho‘x-shodon kulguga to‘ladi. Ularning beg‘ubor chehrasi, yonib turgan ko‘zlari, jarangdor kuy-qo‘shiqlari barchaga zavq-shavq bag‘ishlaydi.

Xalqimiz avvalo farzandlar kamolini o‘ylab, ezgu orzular bilan yashaydi. Bu mentalitet davlatimiz siyosati, mamlakatimizning strategik maqsadlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur, qudratli yurtning farzandlari sog‘lom bo‘lur, degan g‘oya asosida mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilingan 2014-yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” loyihasi doirasida jami 13 million 600 mingdan ziyod ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifoxonalar, poliklinikalar zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, sog‘lom bolalarni dunyoga keltirish va sog‘lom o‘stirish, oilalarni mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bolalarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

Ta’lim tizimi izchil rivojlantirilib, yoshlarimizning zamonaviy asosda bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Maktabni tamomlagan yoshlar o‘rta maxsus ta’lim tizimiga, litsey va kollej bitiruvchilari ish va o‘qishning keyingi bosqichlariga to‘liq qamrab olinmoqda.

2014-yilda mamlakatimizda 1 millionga yaqin ish o‘rni tashkil etildi. Ta’lim muassasalarining 600 mingdan ziyod bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.

Yoshlarimiz kamoloti xalqaro musobaqalarda yaqqol namoyon bo‘layotir. Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi ikkinchi Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar yosh sportchimiz 4 oltin, 3 kumush, 3 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan XVII Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 44 medalga sazovor bo‘lib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech kimdan kam bo‘lmasligini yana bir bor isbotladi.

...Navro‘z tomoshalari ko‘tarinki ruhda davom etadi. Folklor-etnografik ansambllarning chiqishlari, xalq o‘yinlari bayramni yanada qizitadi. Ularda xalqimizning boy madaniyati, turmush tarzi va qadriyatlari o‘z aksini topadi. Kuylar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar jo‘shqin raqslarga ulanadi.

Navro‘z qadimdan dehqonchilik mavsumining boshlanishi hisoblangan. Ota-bobolarimiz ayni shu pallada el-yurt dasturxoni to‘kin bo‘lsin, degan niyatda yerga baraka urug‘ini sochganlar.

Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlari joriy etilgani, yerlarning meliorativ holati yaxshilangani, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilgani, ularning mehnatga munosabati yuksalgani samarasida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Sanoat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji ularni qayta ishlash, elimiz dasturxoniga yetkazib berishda muhim omil bo‘layotir.

Bugun bozorlarimizda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Dasturxonlarimiz to‘kin va farovon, uylarimiz obod, fayzli.

Mamlakatimizdagi bunday farovonlik, mo‘l-ko‘lchilikka butun dunyo havas qilmoqda. 2014-yil 6-iyunda poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada qatnashgan xorijlik mutaxassislar va ishbilarmonlar buni alohida e’tirof etdi.

O‘tgan yili mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi tarixida birinchi marta 8 million 50 ming tonnalik g‘alla, 3 million 400 ming tonnadan ziyod paxta xirmoni bunyod etilgani elu yurtimizga fayzu baraka yog‘ilayotganidan yana bir dalolat bo‘ldi.

Bu fayzu tarovat shaharu qishloqlarimizdagi obodlikda ham namoyon. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilayotgan uy-joylar Vatanimiz chiroyiga chiroy qo‘shmoqda. Xalqimizning milliy hayot tarzi, yurtimiz tabiatiga mos ravishda, zamonaviy muhandislik kommunikatsiyalari asosida keng, yorug‘ va qulay etib qurilgan ushbu uy-joylar oilalarning hayot sifatini oshirmoqda, ayniqsa, xotin-qizlarning og‘irini yengil, mushkulini oson qilmoqda.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga oid dasturlarga muvofiq, yosh oilalarga topshirilayotgan «Kamolot» uylari ularning oyoqqa turib olishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va farzandlarini barkamol etib tarbiyalashi uchun rag‘bat, katta madad bo‘lmoqda.

Mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik barcha sohalar qatori turizm rivojida ham muhim omil bo‘lmoqda. Dunyoga mashhur o‘zbekona mehmondo‘stlik, zamonaviy turizm infratuzilmasi va yuqori sifatli xizmat dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etmoqda.

2014-yilning oktabrida Samarqandda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi o‘tkazildi. Bu xalqaro maydonda O‘zbekiston obro‘sining tobora oshib borayotgani, mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganining yana bir dalolati bo‘ldi. Ushbu anjuman jahon jamoatchiligini mamlakatimizning sayyohlik salohiyati bilan keng tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qildi.

...Bayram tantanasi yanada qiziydi. Monitorlarda uloq-ko‘pkari, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, dorbozlik kabi elimizning zavqli an’analari namoyish etiladi. Doshqozonlarda to‘qchilik, mo‘l-ko‘lchilik ramzi sifatida sumalak, halim va go‘ja tayyorlanadi. O‘lanchiyu laparchilar Vatan, Navro‘z, tabiat haqida qo‘shiqlar aytadi.

Navro‘z faslida inson o‘zini tabiatning ajralmas, uzviy bir qismi sifatida his etadi. Atrof-muhitni, ona zaminni e’zozlab, uning ne’matlarini qadrlab yashash kerakligini teranroq anglaydi.

Xalqimiz azaldan tabiatni sevib, ardoqlab yashagan. Mamlakatimizda atrof-muhitni asrash, barqaror rivojlanishga erishish borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Urganch shahrida «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. Uning natijalari Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilash, ushbu ekologik ofatning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etdi.

Yangilanish – nafaqat tabiatga, balki jamiyat hayotiga ham xos jarayon. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq yurtimizda demokratik yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi, Konstitutsiyamiz va qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Buning samarasida saylovlarning xalqaro normalarga to‘la mos holda o‘tkazilishini ta’minlaydigan mukammal qonunchilik bazasi shakllandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylovlar ana shunday rivojlangan sharoitda, demokratik prinsiplarga to‘la mos ravishda o‘tdi. 2014-yil 21-dekabrda bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda aholining siyosiy ongi va faolligi ortib borayotgani namoyon bo‘ldi.

Shu kunlarda xalqimiz yana bir muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida turibdi. Mamlakatimizda bu tadbirga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Saylov kampaniyasi milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda olib borilmoqda. 29-mart kuni xalqimiz o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, mamlakatimiz tinchligi va taraqqiyoti, farzandlari kelajagi uchun ovoz beradi.

– Hindiston va O‘zbekiston xalqlarining tarixi tutash, madaniyati o‘xshash, – deydi Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vikram Kumar Doraisvami. – Bunday yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Navro‘z sharqona yilboshi hisoblanadi. Shu bois bu kun o‘zaro do‘stlik va hamkorligimiz yanada mustahkamlanishini niyat qilmoqdaman. Bu yil xalqlarimizga yangi-yangi muvaffaqiyatlar, baxt va farovonlik olib kelsin. Navro‘z barchamizga muborak bo‘lsin.

Navro‘zning ruhi va falsafasida tenglik va totuvlik, mehru oqibat, xayru saxovat mujassam. Navro‘z kunlarida el-ulus ochiq yuz bilan bir-biridan xabar oladi. Bemorlardan hol-ahvol so‘raydi. Yoshi ulug‘ insonlarni e’zozlash, ko‘makka muhtojlarga beg‘araz yordam berish keng tus oladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2015-yil mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb e’lon qilinishi yoshi ulug‘ insonlarga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning og‘irini yengil qilish, salomatligini asrash, boy hayotiy tajribasidan yoshlar kamoloti yo‘lida samarali foydalanish xalqimizning ezgu qadriyatiga aylanganini yana bir bor tasdiqladi.

Iqtisodiyotimizning jadal va barqaror rivojlanayotgani aholi turmush darajasi va sifatini muttasil oshirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Har yili urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda, ular sanatoriy-kurortlarda davolanmoqda, boshqa zarur vositalar bilan ta’minlanmoqda.

Joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Prezidentimizning 2014-yil 13-oktabrdagi “1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturida joriy yilda amalga oshiriladigan xayrli ishlar belgilab berilgan. Mazkur dastur keksalarning hayotini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta’minoti va tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, oila va jamiyatda ularning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan.

Navro‘z obodlik, orastalik, mehr-oqibat, xayru saxovat ayyomidir. Xalqimiz bu yil ham bayramni ana shu ezgu tamoyillarga muvofiq kutib olmoqda. Bahorning dastlabki kunlaridan yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari avjiga chiqdi.

Bayram arafasida yangi uy-joylar, korxonalar, tibbiyot va o‘quv muassasalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari foydalanishga topshirildi. Bu inshootlar Vatanimiz chiroyiga chiroy qo‘shadi, yurtdoshlarimizning turmush tarzini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Maydon uzra taralgan kuy-qo‘shiqlarda Navro‘z, Vatan, tinchlik, yoshlik, sevgi va sadoqat tarannum etiladi...

Qiru adirlarda, ko‘cha va xiyobonlarda dillarni erkalab bahor sabosi taralmoqda, yurtimiz bo‘ylab Navro‘z nashidasi kezmoqda. Shahar va qishloqlarimizda, bepoyon dashtu dalalarda bayram shodiyonalari, sayillar davom etmoqda.


                o`zb   рус   eng
Bugun: 26.03.2017
Qidirish
© 2008 - 2017 O`zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati